"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun mavsumiy xarakterga egami?

Televideniye, radioda boshlovchilik qilayotgan suxandonlarimizning ochiqdan-ochiq shevada so‘zlashishlari, ajnabiy tillardan foydalanishlari hayratimni oshiradi.Taajubga solayotgan jihati bu hurmatsizlikka ularning rahbariyati tomonidan hech qanday chora qo‘llanilmayotganidir. Agar chora qo‘llanilganida shevalarda so‘zlashish hali-hamon kuzatilmayotgan bo‘lar edi. Yoshlarimiz ko‘pincha taniqli suxandonlarimizdan o‘rnak oladi, ularni o‘zlariga ustoz sifatida tanlaydi.

To‘g‘ri, davlat tili to‘g‘risidagi qonun bor. Ammo ming afsuski, nazarimda, ushbu qonun mavsumiy xarakterga ega bo‘lib qolayotganday. O‘ttiz yildan beri oktyabr oyida Davlat tili bilan bog‘liq sanani nishonlaymiz, ammo bu eʼtirof shu kunni o‘zida yakunga yetadi. Shu bilan tilimizni eʼzozlangan kunni nishonlash bo‘yicha tantanalar ham tugaydi. Yuqoridagi holatlar hamon bor ekan, tilimizga bo‘lgan hurmat bizga har kuni o‘zini eslatib turishiga ehtiyojimiz bor.

Bundan bir asr oldin, atoqli maʼrifatparvar shoir Abdurauf Fitrat “Ona tilimiz boy, ammo baxtsizdir” deb taʼkidlagan ekan. Demak, tilimiz baxtli bo‘lishi uchun bir asrdan buyon kurashyapmiz. Prezidentimiz jamiyatda o‘zbek tili himoyasi uchun qayg‘uradigan ziyolilarni qo‘llab-quvvatlayotgani yurtimizda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami, deya eʼlon qilinganida ham o‘z tasdig‘ini topdi. Demak tilimizni asrashga bo‘lgan umidlarimiz so‘nmaydi, kurashlarimiz davom etadi. Endilikda bu kunni xalqimiz umumxalq bayrami sifatida nishonlaydi. Bu qaror tilimizning maqomu martabasini oshirish bo‘yicha ulkan qadam bo‘ldi. Uning eʼzozini, mavqeini yana bir necha pog‘onaga ko‘tardi.

Ayniqsa Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan birorta davlat tashkiloti ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmasa, o‘sha tashkilotning mansabdor shaxsiga jarima solinishi belgilangan qonun loyihasi o‘z o‘rnida qilingan muhim tashabbus deb qabul qilinishi kerak.

Nafaqat davlat tashkilotlari, balki yurtimizda faoliyat yuritayotgan barcha tashkilotlar xususan, xususiy telekanallar, radio va internetdagi faol blogerlar ham – o‘zbek tili meʼyor qoidalariga amal qilib, uning izzat-ikromini joyiga qo‘ymog‘i kerak.

A.Navoiy, Bobur, Mashrab, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor singari buyuk so‘z ustalari ijodida o‘z go‘zalligi va boyligini ko‘rsata olgan ona tilimizning jozibasini dunyoga tarannum etishda faol bo‘lmog‘imiz kerak.

Ona tilim deb bejiz aytilmaydi. Tilimizning muqaddasligi onaga mengzaladi. Onadek muqaddas bo‘lgani uchun ham uni asramog‘imiz kerak. O‘z tilingni eʼzozlash ham vatanparvarlikning alomatidir! Ayniqsa har kuni jamoat eʼtiborida bo‘ladigan suxandonlarimiz, faoliyat sohasidan qatʼi nazar, taniqli bo‘lgan har bir shaxs ona tiliga bo‘lgan hurmatini zabonida isbotlamog‘i kerak. Umuman olganda har birimiz ona tilimiz eʼzozini kundalik faoliyatimizga aylantirsakkina, uning mavqeini oshirishga erishamiz.

 

KECHIR TILIM

Kechir tilim hammasi uchun,

O‘zligimiz eding, sezmadik,

Fitratlaring kammidi aXir,

Himoyangga qalqon tizmadik.

 

Navoiydan meros qolganim,

Besh dostonda kezding dunyoni,

Kitoblarda yangradi sozing,

Taratarsan milliy ziyoni.

 

Kechir seni qadring bilmadim,

Qancha fursat berildi-ku boy,

Asli sendek lahja yo‘q boshqa,

Sening kabi til yo‘q xushchiroy

 

O‘zbek tilim onamdek aziz,

Buyuklarning tillarida jo,

Mustabidlik, qaramlik ko‘rding,

Lug‘atlarda qilding iltijo.

 

Buyuklarning qalami bitgan,

G‘azallarda mamnun etgum yod.

Yetti mingga yaqin til ichra,

Sening bilan chiqardim savod.

 

Kechir shirin allalarida,

Sehring sezmay o‘tgan dillarni.

O‘z tilini qadrin anglamay,

O‘zga tilga mahkum qullarni.

 

Qadding ko‘tar keldi zamoning,

Fitratlaring himoyangga shay,

Mana endi nominga atab,

Kech bo‘lsa-da ashʼorlar bitay.

 

Kechir tilim hammasi uchun.

Kamola ABDUVALIYEVA,

“Milliy tiklanish” partiyasi Andijon

viloyat Kengashi matbuot kotibi


14.05.2020 562