"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Hindistonda O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ochildi

Hindistonning yetakchi oliygohlaridan biri - Dehli universitetida O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ochildi, deb xabar bermoqda «Dunyo” AA muxbiri.

Markaz Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Dehli universiteti o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida tashkil etildi.

«O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi”  faoliyatining asosiy maqsadi hindistonlik talabalarga o‘zbek tilini o‘rgatish, madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish va ushbu sohada qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borishga qaratilgan.

Markaz ochilishiga bag‘ishlangan rasmiy tadbirda Dehli universiteti vitse-kansleri Yogesh Singx, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov, universitet professor-o‘qituvchilari, Dehli universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, Dehli universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Dehli universiteti vitse-kansleri o‘z nutqida ikki mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalar ko‘p asrlik tarixga ega ekanligini qayd etib, mazkur ochilgan markaz ikki xalq o‘rtasida taʼlim sohasidagi qadimgi rishtalarga ulkan hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi. Bundan tashqari erishilgan kelishuvlar ikki universitet ilmiy jamoatchiligi tomonidan amalga oshiriladigan qo‘shma ilmiy loyihalar, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma taʼlim dasturlari orqali mutaxassislar tayyorlash ishlari uchun huquqiy asos bo‘lishiga alohida urg‘u berdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Gulchehra Rixsiyeva O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan oliy taʼlim sohasidagi islohotlar, xususan, oliy taʼlim muassasalari uchun xalqaro hamkorlik borasida yaratilgan yangi imkoniyatlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mamlaktimizda hindshunoslikning rivojlanish istiqbollari, ikki nufuzli universitet o‘rtasidagi ilmiy aloqalar, TDShUda hind tilining o‘qitilishi tarixi haqida maʼlumot berib, Dehli universitetida ham o‘zbek tili va adabiyoti, tarixini o‘qitish, o‘zbekshunoslik bo‘yicha kadrlar tayyorlash ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda ko‘prik vazifasini o‘tashini taʼkidladi.

Mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov o‘z navbatida Hindistonning eng yetakchi oliy taʼlim dargohlarining yana birida o‘zbek tili kurslarining yo‘lga qo‘yilishi ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi mavjud do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi. Yangi ochilgan markaz faoliyatini tashkil etishda ko‘rsatilgan ko‘mak va faollik uchun TDSHU va Dehli universiteti rahariyatiga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, dunyo fanida ilk ilmiy hindshunoslikka asos solgan alloma Abu Rayhon Beruniy ekanligi va uning «Hindiston” asari ushbu ilmiy yo‘nalishga tamal toshi bo‘lib xizmat qilganligi, bu kabi tadqiqotlar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani, ushbu yo‘nalishda ikki universitet olimlari oldida bir qator muhim vazifalar turganini qayd etdi.

O‘zbek tili va hind-o‘zbek ilmiy madaniy aloqalari markazi uchun Sharqshunoslik universiteti hamda mamlakatimizning Hindistondagi Elchixonasi tomonidan o‘zbek tili, adabiyoti, madaniyati, tarixi va zamonaviy taraqqiyoti haqidagi maʼlumotlarni qamrab olgan kitoblar, badiiy adabiyotlar, jurnallar, o‘quv-ko‘rgazma qo‘llanmalari to‘plami taqdim etildi.

Shu kunning o‘zida o‘zbek tilini o‘rganuvchi talabalar uchun TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva boshchiligida mahorat darslari ham o‘tib berildi.

Qayd etish lozim, Dehli universiteti o‘zbek tili bo‘yicha o‘quv kurslari mavjud bo‘lgan Hindistondagi uchinchi oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Bunga qadar 2004-yildan boshlab Dehli shahridagi Jomiya Milliya Islomiya universitetida hamda 2021-yildan boshlab Javaharlal Neru universitetida o‘zbek tili kurslari faoliyat yuritib kelmoqda.

21.11.2022 269