"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Peshlavhalar nega o‘zbekcha emas?

Kasbim taqozosi bilan tumandagi jamoat joylari, bozorlar hamda ko‘chalardagi savdo do‘konlari peshtoqiga yozilgan turli lavha va reklama bannerlarining davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga qanchalar mosligini o‘rganganimda, o‘zbek tilida yozilgan peshlavhalarni juda kam uchratganim meni tashvishga soldi.

Shundan angladimki, o‘ttiz yil davomida o‘zimizni o‘zimiz “Biz mustaqillikdan avvalroq o‘zbek tiliga davlat tili maqomini bergan xalqmiz”, deya ovutib yurgan ekanmiz. Tan olish kerak, 1989 yilda “Davlat tili haqida”gi qonun o‘z-o‘zidan qabul qilinmagan.

Uni qabul qilish jarayonini bevosita kuzatmagan, ishtirok etmagan bo‘lsam ham o‘sha lahzalar tushirilgan videotasvirlarni ko‘rganda, o‘zbek tiliga nechog‘liq zahmat va mashaqqatlar evaziga davlat tili maqomi berilganiga ishonch hosil qilaman.

Shunda ulgurji savdo do‘konining peshtoqiga “optom” deb yozib (afsuski, bunday yozuvlar keragidan ortiq), “Qaysi tilda yozish mening shaxsiy ishim”, deb uni o‘zgartirishni istamayotgan do‘kondorga achinib ketaman. Unga qarata: “Shuni unutmangki, jamiyatda til masalasi shaxsiy masala emas, siz bu qilmishingiz bilan mahsulotingizga qo‘shib, beshikdayoq onangiz aytgan alla bilan joningizga singgan ona tilingizni ham “optom”ga sotayotganingizni qachon anglaysiz?” degim keladi.

Agar o‘sha yozuv onaning tunlari uxlamay aytgan allasi haqqi-hurmati o‘zbek tilida yozilsa, xaridor do‘konga kirmay qo‘yadimi? Siz olam aro qadr-qimmatingizni belgilaydigan boylikni sotishni to‘xtating! Shunday qilsangiz, jamiyatda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi mustahkamlanadi, shunda sizgacha yetib kelgan ona tilingiz farzandingizga to‘la-to‘kis meros qoladi.

Sherzod HAMROYEV,

Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimi maslahatchisi

15.05.2020 603