"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Sayyor seminar bo‘lib o‘tdi


Joriy yilning 1-dekabr kuni “Ammofos-Maxam” AJda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash, xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, matbuot xizmatlari va kasaba uyushmasi faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha sayyor seminar-trening o‘tkazildi. Shuningdek, seminarda korxona-tashkilot rahbarlarining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyati va amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Seminarda Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti masʼul xodimi, “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha rais maslahatchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar boshlang‘ich kengashi raislari, kasaba uyushma qo‘mitalari raislari hamda matbuot kotiblari ishtirok etdi.

Sayyor seminar-mashg‘ulotda Departament masʼul xodimi Rustam Tursunov ishtirok etib, bugungi Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek zalvorli davrda davlat tiliga bo‘lgan eʼtibor, uning nufuzini oshirish yo‘lida ilgari surilayotgan islohotlarni haqida alohida  taʼkidladi. Shuningdek, o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, sayqal topib borgani, Birinchi va Ikkinchi Renessans davlaridagi o‘rni va ahamiyati haqida gapirib o‘tdi.

Bundan tashqari, seminarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi Ziyoda Akbarqulova ham ishtirok etib, katta shodiyona bilan nishonlanishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi  Davlat Madhiyasi 30 yilligi munosabati bilan nutq so‘zladi.

“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Sanobar Abdurahmanova seminar so‘nggida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida sohada olib borilgan amaliy ishlar, yutuqlar, kamchiliklar, tahlillarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan yaqin hamkorlik olib borgani, amaliy ko‘mak bergani uchun seminar ishtirokchilariga samimiy minnatdorchiligini bildirdi.

01.12.2022 245