"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimizni kamsitmasliklari uchun...

Boshqa millat vakilining tilimizga oid so‘zini e’tiborsiz qoldirish to‘g‘ri deb hisoblayman. Lekin uning so‘zi tufayli indamay qoldirib bo‘lmaydigan vaziyat yuzaga kelmoqda. Bildirilgan mulohazaga o‘z vatandoshlarimiz quvvat bermoqchi bo‘lyaptilar. Sabablarini keltiraylik desak, sabab yo‘q, bahona bor xolos.

Yaratgan inoyati bilan dunyoda mavjud bo‘lgan har qanday millatni yerga urish hech bir insonlik yo diniy shartlarga mos kelmas?

Chetdan turib shuncha boshqarilganimiz yetar. Nahot bugungi taraqqiyot davrida har qanday muammoning eng to‘g‘ri yechimini o‘zimiz topa olishimizga ishonmasalar. Bizni, tilimizni salkam yarim asr davomida o‘zlari kamsitib, tariximizni yo‘q qilib, eski o‘zbek yozuvida “0,2 foizi savodli edi”, deb miyamizga quyganlari, iligi to‘q, mafkurasi keng millat ekanimizni tan olmay kelganlari bir sari. Bugunga kelib esa o‘z yurtdoshlarimizning “sizning tilingiz kambag‘al, o‘zi o‘zbek xalqi bo‘lmagan, ilmni biz berdik”, degandek kamsitishlariga chidab bo‘lmaydi.

Aslida hali hech kim hech kimga rus tilida gapirgin demadi. Lekin ko‘p e’tirozchilar O‘zbekistonda o‘zbek tili o‘rgatuvchi biror kurs yo kitob yo‘qligi haqida gapirmoqdalar. Bu nechog‘li to‘g‘ri?

Bugun bizda qancha rus millatiga mansub odam bor bo‘lsa, ehtimol, rus diyorida ham shuncha o‘zbek bordir. Ularning qaysi biri rus tilini kursga borib yo kitob ochib o‘rganibdi? Til o‘rganish uchun birinchi omil – jamoa emasmi? Shu tilda gapiradiganlar orasida yashash emasmi? Rus tilini fan sifatida, ilm uchun o‘rganuvchilargina kurslarda chuqur o‘rganadi. Gaplashish uchun esa ijtimoiy muhitdan boshqasi bekor. Bunday muhitda o‘rganish uchun bu millatga xayrixohlik bilan, kamsitmay, yaxshi ko‘rib, insoniy doiralarda yaqinlashish kerak. Shu xolos.

Ochig‘ini aytish kerak, bizdagi o‘ta odoblilik va andishalilik ko‘p hollarda pand beradi. Odamlar orasida cho‘rt kesib gapirishni qoyillatmaganimiz, buni odobsizlik belgisi deb bilganimiz, mo‘minni izza qilish harom ish deb tarbiyalanganimiz holda, ichimizdagi boshqa tilda qat’iy gapiradiganlarni ayrimlarimiz bilimli, zukko, dono deb o‘ylaymiz. Ayniqsa, tibbiyot sohasida shu ahvol. Hali ham ko‘plab katta klinikalarda, shifo uylarida majlislar rus tilida olib borilgach, majlis ahli orasidan bu tilda qat’iy, aniq so‘zlaydiganlar chiqib, mulohaza bildiradilar. Qolganlar o‘z yutug‘ini ham, muhokama qilinayotgan bemor haqidagi tashxislarini ham xijolat bo‘lib gapirolmaydi. Natijada majlisning so‘zamoli o‘ta bilimli ko‘rinadi va unga katta ishlar ishonib topshiriladi. Holbuki, ularning ayrimlarida o‘z tildoshlarimizda mavjud kasbiy salohiyat bo‘lmaydi.

Bugungi epidemiologik sharoit butun kuch xalq ichida ekanini, yurtdoshlarimiz dunyodagi boshqa mutaxassislardan qolishmasligini ko‘rsatdi. Faqat imkonlarni yangilash, yaxshilash kerak. Bunda til eng muhim omil bo‘ladi. Bolalarimiz uchun hamma sohada yaxshi bilim beruvchi kitoblarni avvalo milliy tilda yaratishimiz kerak.

Yoshlarimiz o‘ta shijoatli. Ular Vikipediya yoki shu kabi internet manzillariga bizga, tariximizga, tilimizga oid bor ma’lumotlarni joylab borishsa yaxshi bo‘lardi. Tilimizni o‘tirgan joyimizda rivojlantirishimiz, quvvatlantirishimiz va yoyishimiz mumkin. Toki chetda turib, o‘zining fikr bildirish imkonini suiiste’mol qiluvchilar tilimiz, fanlarimiz, bilimimizni kamsitmasinlar. Toki bizning millatga oid ma’lumotlar yetarli va ortig‘i bilan bo‘lsin. Bu yo‘lda tinmay faoliyat olib borayotganlar ham bor. Biroq yetarli bo‘lmayapti. Ularga ko‘mak berish esa u qadar qiyin emas.

Ma’mura Zohidova,

Yozuvchilar uyushmasi harbiy-vatanparvarlik

bo‘limi boshlig‘i


16.05.2020 587