"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun: xorijda qanday?


OZARBAYJON

Konstitutsiyaga koʻra, davlat tili ozarbayjon tili hisoblanadi. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, tashkilotlarda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Qonun talabiga rioya qilmaslik tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.


ROSSIYA

“Davlat tili toʻgʻrisida”gi Rossiya Federal qonuniga koʻra, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashda ham davlat tilidan foydalanishi belgilangan.

  QATAR

2019-yilda qabul qilingan yangi qonunga koʻra, Qatarda barcha davlat organlari va rasmiy hujjatlarda arab tilidan majburiy foydalaniladi. Qonun talablariga amal qilmaganlik uchun 50 000 qatar riali (14 000 AQSH dollari atrofida) miqdorida jarima belgilangan.

TURKIYA

Barcha yozishmalar, yozuv va hisob-kitoblar hech qanday istisnolarsiz turk tilida olib borilishi talab etiladi. Ushbu talabga rioya qilmaganlik maʼmuriy jarimaga tortilishga sabab boʻladi. Turk yuridik shaxslari oʻrtasida tuzilgan turk tilida boʻlmagan shartnomalar bekor qilinadi.

 GERMANIYA

“Maʼmuriy amaliyotlar toʻgʻrisida“gi qonunga koʻra, maʼmuriy amaliyotlar uchun rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar masʼul idoraga nemis tilidan boshqa tilda murojaat qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar koʻrib chiqilmaydi.

IRLANDIYA

Davlat tili sifatida irland va ingliz tili qabul qilingan. Davlat organlarida davlat tillari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinayotganini tekshirish boʻyicha alohida organ mavjud. Agar davlat organi ushbu tashkilotga hujjatlarni taqdim qilmasa, ular bilan hamkorlik qilmasa, ushbu organ mansabdor shaxsi uchun 2000 yevrogacha jarima yoki 6 oy qamoq jazosi belgilangan. Bu tekshiruvlar natijasida til toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgani aniqlansa, davlat organi mansabdor shaxsi javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

 

 

 

16.12.2022 228