"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Til bayrami dunyo mamlakatlarida qachon, qanday nishonlanadi?


Bugun dunyoda 7 mingga yaqin til mavjud. Ammo hammasi ham yetarlicha himoyalangan emas. Ma’lumotlarga qaraganda, ularning 43 foizi yo‘qolib ketish arafasida. Har ikki haftada bitta til muomaladan chiqayotganiga ishonmasangiz ham kerak…

Bor-yo‘g‘i yuzga yaqin til ta’lim tizimida, davlatlar o‘rtasidagi aloqalarda qo‘llaniladi. O‘nga yaqini dunyoda rasmiy maqomga ega, xolos. BMT ham dunyo aholisining katta qismi so‘zlashadigan 6 tilda – ingliz, arab, rus, fransuz, xitoy hamda ispan tilida faoliyat olib boradi.

Ko‘plab xalqlar ona tiliga hurmat sifatida har yili alohida bir kunni bayram qilib keladi. Keling, bunday sanalar qachon va qanday nishonlanishi bilan tanishamiz.

1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tili ham davlat tili maqomini oldi.  2020-yil 10-aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan qonunga asosan esa 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

1952-yil 21-fevralda Bangladesh poytaxti Dakka shahrida yuzlab fuqarolar bengal tiliga rasman davlat tili maqomi berilishini talab qilib, namoyishga chiqdi. Keskin tus olgan hodisa chog‘ida bir necha nafar qurbon berilgan.

1999-yili UNESCO Bosh konferensiyasida o‘sha mudhish namoyishda o‘z ona tili uchun kurashib, jon bergan yoshlar xotirasiga 21-fevral Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilindi va mazkur sana ko‘plab davlatlarda keng nishonlana boshlandi.

 

Mashhur yozuvchilar sharafiga belgilangan til bayramlari

Ayrim davlatlarda til bayrami jahonning mashhur shoir va yozuvchilarining tavallud kuniga bag‘ishlab belgilangan. Masalan, har yili buyuk ingliz yozuvchisi va dramaturgi Uilyam Shekspir tug‘ilgan kun – 23-aprelda “Ingliz tili kuni” nishonlanadi. Hozir xalqaro aloqa vositasi bo‘lgan bu tilda bir necha o‘nlab mamlakatlar aho¬lisi erkin so‘zlashadi. Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Malta, Avstraliya va Yangi Zelandiya-ning davlat tili hisoblanadi. Osiyo va Afrikaning ayrim davlatlarida ham rasmiy maqomga ega.

Shu kuni jahonda yana bir til bayrami – “Ispan tili kuni” ham keng nishonlanadi. Bu sana 23-aprelda vafot etgan mashhur ispan yozuvchisi Migel de Servantes Saavedra xotirasi bilan bog‘liq.

UNESСO Rus tili kunini ham nishonlash tashabbusi bilan chiqqan. Mazkur bayram uchun Aleksandr Pushkin tug‘ilgan sana – 6-iyun tanlangan.

Estoniyada 1996-yildan buyon 14-mart Ona tili kuni sifatida keng nishonalanadi. Eston adabiy tili rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan yozuvchi va shoir Kristyan Yaak Peterson tavallud kuni sharafiga belgilangan.

 

Finlandiyada til bayrami – dam olish kuni

Jahondagi eng ko‘p sonli xitoy xalqi o‘zining “Xitoy tili kuni”ni 2010-yildan buyon nishonlab keladi. Bayram dunyodagi eng murakkab yozuv asoschisi San Sze xotirasiga atab har yili 20-aprelda o‘tkaziladi. Tilning bor boyligini ko‘rsatish uchun 80 mingga yaqin iyeroglifdan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Ammo xitoyliklar kundalik hayotda 3–5 mingtasidan foydalanadi.

Xitoy tili hozir Xitoy Xalq Respublikasi, Tayvan va Singapurda rasman davlat tili sifatida qabul qilingan, boshqa mamlakatlarda ham muloqotda foydalaniladi.

Fransuz tili kuni 2010-yildan buyon 20-martda nishonlab kelinadi. Farang lisoni jahon madaniy qadriyatlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki aynan mana shu tilda Volter, Didro, Gyugo, Dyuma, Balzak, Rable kabi mashhur shaxslar ijod qilgan.

Sun’iy til – “Esperanto kuni”ni tantana qiladiganlar ham bor. Shu tilda gaplashadigan 2 million kishi har yili 26-iyunda bayram tashkil etadi.

1978-yildan buyon har yili 9-aprelda ma’rifatparvar Mikael Agrikola sharafiga Fin tili kuni nishonlanadi. Agrikola yozma fin tili yaratilishiga ulkan hissa qo‘shgan. 1543-yili birinchi fin alifbosini yaratadi. Shu sana fin yozma tilining tug‘ilgan yili hisoblanadi. Til bayrami Finlandiyada dam olish kuni hisoblanadi, lekin 1980-yildan boshlab bayram munosabati bilan davlat bayrog‘i ko‘tariladi.

Haydar Aliyevning 2001-yil 1-avustdagi qaroriga ko‘ra ushbu sana Ozarboyjon alifbosi va tili kuni bayram qilib kelinmoqda.

 

Markaziy Osiyo davlatlarida til bayramlari

1998-yil 20-yanvardagi Prezident qarori bilan Qozog‘iston xalqlari tillari kuni  sentabr oyining uchinchi yakshanbasi etib belgilangan. 2007-yildan e’tiboran Qozog‘istonda ish yuritish to‘liq davlat tilida olib borilmoqda. Davlat tilini mukammal bilish har bir qozog‘istonlik uchun zaruratga aylangan.

Qirg‘iziston 1989-yildan buyon har yili 23-sentabrni qirg‘iz tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlaydi. Shu yili o‘zbek xalqining ham azaliy orzusi ushaldi.

Zulxumor ORIFJONOVA

tayyorladi

19.12.2022 289