"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tilimizni mayna qushdan asraylik!

O‘zbek tili jonkuyarlaridan biri Ahmad Aʼzam “Til nomusi” nomli kitobida tilimizda muqobili bor bo‘la turib, ko‘plab ajnabiy so‘zlardan foydalanayotganimizni tahlil qilib kuyunchaklik bilan shunday yozadi: “...tub so‘zlarimiz bo‘la turib, ularning o‘rniga chet atamalarni isteʼmolga kiritib olganimiz – maʼnaviy fojia, fikrli har bir odam, afkor omma kech bo‘lsa-da, hech o‘ylab ko‘radigan yo‘qotishlar...”.

Adib til ekologiyasini tabiat ekologiyasiga mengzaydi va tilimizga yelimdek yopishib, o‘zimizning so‘zlarni begonalashtirayotgan unsurlarni mayna qushiga o‘xshatadi: “qoramolda bo‘ladigan bo‘ka (so‘na, o‘qaloq, qataloq) qurtini cho‘qilab, terib yer ekan, deb olib kelingan bu ochofat yemishi qolib boshqa parrandalarning, kattalarining tuxumi, maydalarining polaponigacha qirishga tushdi, ilgari shahar-qishloqlarda chug‘urlab turadigan sayron qushlarimizning bir-da yarimi ovloq chet-choplarda jon saqlab qolganini aytmasak, ularni mutloq ko‘rmay ketdik”.

Adib obrazli tasvirlaganidek, zolim “mayna” o‘zimizning tub so‘zlarni siqib chiqarib uni lug‘at qaʼriga gum qilmoqda. Saplya, drofa, chayka desa, tushunamiz, qarqara, tuvaloq, chag‘alak desa, tushunmaymiz. Hozir bahrin, tarlon, chag‘ir kabi qush nomlari borligini uncha-muncha odam bilavermaydi. Hasan polvon cho‘llarda Och bahrinday charqillab; Kumush bo‘lar tarlon qushning chag‘asi, G‘o‘la bo‘lar bedov otning to‘g‘asi deb kuylaydi baxshilar “Dalli” dostonini.

Tarlon deganda ko‘pchilik xayoliga ot keladi. Ammo uning dastlabki maʼnosi “qush”. Ola-targ‘il tusga ega burgutsimonlar turkumidan bo‘lgan bu qush nomi keyinchalik shu tusdagi otni nomlash uchun xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, folklorda ko‘p uchraydigan “xayoli tarlon bo‘ldi” iborasidan ham tarlonning qush ekanligi anglashinadi. “Tarlon” o‘zbekcha-ruscha lug‘atda “kanyuk-kurgannik” deb tarjima qilingani holda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da qush maʼnosi izohlanmagan. Chag‘ir/chag‘ri faqat chag‘irko‘z, chag‘irko‘zli odam so‘z birikmalari tarkibida saqlanib qolgan: ikkinchisi: uzun bo‘ylik, qora cho‘tir yuzlik, chag‘ir ko‘zlik, chuvoq soqol, o‘ttuz besh yoshlarda bo‘lg‘an ko‘rimsiz bir kishi edi (A.Qodiriy. O‘tkan kunlar). “Chag‘ri” “Devonu lug‘otit turk”da “lochin” deb, izohli lug‘atda esa “ola-bula, kulrang” deb izohlangan. Inson nigohi, o‘tkirko‘zlik odatda burgut, lochinga o‘xshatiladi, shuning uchun chag‘ri aslida qush nomi ekanligi haqiqatga yaqinroq.

Tilimizga beo‘xshov so‘z va iboralarning kirib qolishida “ustoz ko‘rmagan” tarjimonlarning “xizmati” beqiyos ekanligini adib to‘g‘ri eʼtirof etadi: “So‘zga chechan bo‘lmagan tarjimonni asl matn qurbaqani rom etgan ilondek o‘z domida tutib turadi, erkin o‘girishiga qo‘ymaydi, u muqobil so‘zlar tanlashda ixtiyorini yo‘qotishdan tashqari tarjima etilayotgan tilning ifoda xossalarini o‘z tiliga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri, “kalka” yo‘li bilan ko‘chirishga o‘tib oladi”. Aynan mana shunday tarjimonlar xizmati o‘laroq tilimizda bir vaqtlar ruschadan kalkalab olingan “yirik shoxli mol” va “mayda shoxli mol” atamalari paydo bo‘lgan edi. Nahot endi ming yillik mashg‘ulotimiz bilan bog‘liq tushunchalarni nomlashda o‘risdan ulgi olsak? Axir xalqimiz azaldan molni “qoramol”, “uvoq mol” deb ayirgan. Qoramolchilikka oid bir lug‘atda ruscha “buryonka”ning o‘zbekcha “sigircha” deb tarjima qilinganini ko‘rib, ochig‘i, hayron bo‘lganman. O‘zbek yosh qoramolni “tana”, “qochar” deganini eshitgaman-u, “sigircha” deganini sira eshitmagan ekanman.

Bunday beo‘xshov tarjima mahsullari hozirgi mediamakonda ham to‘lib-toshib yotibdi. Shu kunlarda dolzarblik kasb etayotgan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq “samoizolyatsiya” atamasini o‘zbekcha “o‘z-o‘zini yakkalash” tarzida tarjima qilganlar, o‘zbek tilida harakatni o‘ziga yo‘naltirishda o‘zlik nisbati shakli qo‘llanishidan bexabar bo‘lsa kerak. Rus tilida “izolyatsiya” so‘zida harakat kimga yo‘nalganligi ayon emasligi bois ular samo — old qo‘shimchasini qo‘shadilar, o‘zbek tilida “o‘zini o‘zi” degan birlikni qo‘shishning aslo hojati yo‘q, “yakkalanish”ning o‘zi kifoya.

Innovatsion rivojlanish vazirligi eʼlon qilgan dastur asosida 2019 yilning yoz-kuz oylari Belarus Respublikasiga malaka oshirishga bordim va bu davlatda til bilan bog‘liq vaziyat, davlat tili maqomi va beloruslarning davlat tilini targ‘ib qilishdagi saʼy-harakatlarini kuzatishga, o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim. Aytish joizki, bu davlatda ikkita – rus va belorus tillari davlat tili maqomiga ega. Ko‘cha-ko‘yda aholi asosan rus tilida gaplashar ekan. Biz, bir guruh o‘zbeklar, tarixiy obidalar ziyorati davomida o‘zaro o‘zbek tilida muloqot qilganimizni ko‘rib, eshitib, mahalliy aholi havas bilan boqishdi. Ammo beloruslarning ona tilini targ‘ib qilishdagi saʼy-harakatlari tahsinga sazovor. Ayniqsa, til bilan bog‘liq ijtimoiy reklamalardan o‘rnak olsak bo‘ladi. Minsk ko‘chalarini bezab turgan ulkan tasviriy oyinalarda “Smak radzіmaymovi”(Ona tilim toti) shiori ostida biror meva, o‘simlikning tasviri va uning beloruscha nomi belorus tilida yozilgan. Nazarimda, beloruslardan ulgi olib, nomi unutilib borayotgan, lug‘at qaʼriga cho‘kib borayotgan so‘zlarimizni qayta jonlantirish maqsadida poytaxtimiz va mamlakatimiz yirik shaharlarini mana shunday ijtimoiy reklama namunalari bilan bezatishimiz lozim. Zero, rus tili taʼsirida xalqimiz “ukrop”ning o‘zbekcha “shivit”, “malina” yoki “smorodina”ning “xo‘jag‘at”, “qorag‘at”, arab tili taʼsirida “naʼmatak”ning xalqona “itburun” nomlarini unutib bormoqda. Yanada kengroq ko‘lam olib, bunday mazmundagi videoroliklarni metro va avtobus monitorlarida berib borish ham maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb o‘ylayman.

Zero,til taqdiri — millat taqdiri. Shunday ekan, bu masalaga befarq qarashga haqimiz yo‘q. O‘zgarish va islohotlarni esa har birimiz o‘zimizdan boshlaylik!

Feruza Musayeva,

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi

qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.


20.05.2020 766