"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tashqi reklama: Raqobatni qonunni buzish orqali yengib bo‘lmaydi


O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi, “Davlat tili haqida”gi Qonuni 20-moddasida reklama matnlari, lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida eʼlon qilinishi, uning boshqa tillardagi tarjimasi kichik o‘lchamda berilishi mumkinligi qayd etilgan.


Ammo afsuski, baʼzi savdo do‘konlari yoki xizmat ko‘rsatish shahobchalari peshtoqidagi tashqi yozuvlarda ajnabiy tildagi lavhalar uchrab turibdi.

Mazkur holatning oldini olish maqsadida viloyat hokimining 2022-yil 13-dekabrdagi 8500-sonli bayoni bilan viloyatdagi barcha tashqi yozuvlarni tartibga keltirish borasida tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov, monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Malik Qobilov tomonidan tashqi reklama yozuvlarini chop etish va o‘rnatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subʼektlari o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari olib borildi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlik subyektlariga reklama va boshqa tashqi yozuvlarni chop etishda tegishli qonunchilik hujjatlariga qatʼiy rioya etish, reklama maydonining 60 foizidan kam bo‘lmagan qismida davlat tilidagi yozuvni joylashtirish tartibiga qatʼiy amal qilish borasida tegishli tushuntirishlar berildi.

Suhbatlar jarayonida maʼlum bo‘ldiki, qariyb barcha tadbirkorlar yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun bilan yaxshigina xabardor. Ammo ko‘pgina holatlarda buyurtmachining noqonuniy talabi, yaʼni ajnabiy tildagi matnni chop etish buyurtmasi rad etilgan bir paytda boshqa tadbirkor tomonidan qanoatlantirilayotganligi sohada nosog‘lom raqobat muhitining yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Buning natijasida qonun talablariga rioya etgan tadbirkor buyurtmadan “quruq” qolib, “uchar” raqobatchi barcha buyurtmalarni ilib ketmoqda. Shu bois ham sohadagi ko‘pgina tadbirkorlar mijozni “begona” qilmaslik ilinjida qonun buzilishi holatlariga qo‘l urishmoqda. Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib yangi tahrirdagi qonun kuchga kirgan uch oylik davrda mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga moslashish uchun sinov davri berilganligi, endilikda sohadagi har bir qonun buzilishiga tegishli choralar qo‘llanilishi xususida ogohlantirishlar berildi.

Hozircha tadbirkorlarga mazkur yo‘nalishda tegishli tushuntirishlar berilyapti. Tegishli xulosaga kelgan subyektlarning aksariyati o‘z yozuvlarini davlat tili qonunchiligi talablariga moslashtirishmoqda. Qonun talablariga bo‘ysunmagan shaxslarga chora ko‘rish bo‘yicha esa tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga daʼvolar kiritilmoqda.

Zero, gap millatimiz ko‘zgusi bo‘lmish ona tilimiz haqida borar ekan, bunda hech birimiz befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q.

 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati

20.12.2022 222