"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Boshlagan ishimizni oxiriga yetkazaylik

Til har bir millatning mavjudligini belgilovchi ijtimoiy hodisa. Til yo‘qolsa, o‘sha millat ham tanazzulga yuz tutadi. Shuning uchun ham har qanday jamiyat o‘z milliy tilini saqlashga, uni rivojlantirishga, maqomini yuksaltirishga harakat qiladi. 30 yil vaqt mobaynida eʼtiborsizlik tufayli maqomi pastlab ketgan o‘zbek tiliga yana hukumat miqyosida jiddiy eʼtibor qaratilishi uning unutilish arafasiga kelgan mavqeini qayta tiklash imkonini berdi. 2019-yil 4-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon, Vazirlar Mahkamasida davlat tilini rivojlantirish Departamentining tashkil qilinishi, “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida” qaror, bundan buyon 21-oktabrni mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlanishining qonun bilan mustahkamlanib qo‘yilishi davlatimiz tomonidan ona tilimiz – o‘zbek tiliga hurmat va eʼtiborning amaldagi ifodasidir.

Bir narsani alohida taʼkidlashni istardim, yaqinda hukumat tarkibida davlat tili rivoji, uning himoyasini taʼminlovchi alohida ijro organi tashkil bo‘ldi. Shu kungacha uzoq yillardan beri yig‘ilib qolgan muammolar yechimini topmoqda. Ehtimol bundan ko‘pchilikning xabari yo‘qdir, shuning uchun tayinli ishlar qilinmayapti, o‘zgarish bo‘lmayapti, degan eʼtirozlar aytilmoqda. Baʼzilarimiz ataylab vaziyatni o‘rganmasdan tanqid qilishni yoqtiramiz, baʼzan aytilgan gapning mohiyatiga yetmasdan ergashib ketaveramiz. Biz aslida “shov-shuv”ga o‘ch, qiziqqon xalqmiz, biror shunaqa xabar yoki voqea yuz bersa, bir lovillaymiz-da, yana o‘chamiz, bir zumda yana hammasi esdan chiqadi. Ko‘p hollarda o‘sha mavzuga qaytmaymiz ham, hayot o‘z zaylida davom etaveradi.

Yaqin vaqtlardagi tilimiz bilan bog‘liq voqealarda ham shunday hol kuzatildi. Dastlabkisi shu yilning 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamaga qo‘yilganidan keyin bo‘lgan bo‘lsa, keyingisi Rossiya hukumati rasmiysining bildirgan munosabati natijasida yuzaga keldi. Bundan hech xafa bo‘lmaslik kerak, chunki siyosat nomli teatr sahnasida hamma o‘ziga berilgan rolni qoyilmaqom qilib bajaryapti, buni tushunish kerak.

To‘g‘ri, bunday paytda har kim o‘z munosabatini bildirishga haqli, xoh u rahbar yoxud oddiy fuqaro bo‘lsin, lekin hissiyotga berilmasdan, haqoratli so‘zlar ishlatmasdan. Bu ikki holat ham bizni chuqur mulohaza qilishga, ona tilimiz ravnaqi yo‘lida boshlagan ishimizni yana-da jadallashtirishga, yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarimizdan to‘g‘ri xulosa chiqarishga undashi lozim. Aslida aybni o‘zimizdan qidirishimiz kerak, chunki ko‘pchiligimiz o‘tgan yilning 21-oktabrida davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarishga shoshilayotganimiz yo‘q. Nega deysizmi? Hozir sizga soddagina qilib tushuntirib beraman.

2019-yilning 21-oktabr kuni mamlakat Prezidenti tomonidan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5850-son farmoni imzolandi. Ijro intizomiga muvofiq farmon barcha vazirlik, idoralar, davlat tashkilotlarida ish yuritish hujjatlari yig‘ma jildi 1-jildi asosida ijro uchun qabul qilinib, shu asosda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lishi, o‘tgan 7 oy mobaynida mazkur rejaning juda ko‘p bandlari bajarilgan bo‘lishi kerak. Agar shunday bo‘lganida hozirgacha davlat tili bo‘yicha yig‘ilib qolgan muammolarning ancha qismi hal bo‘lgan, soha mutaxassislari, qolaversa, oddiy vatandoshlarimiz tomonidan bildirilayotgan haqli eʼtirozlarga o‘rin qolmagan bo‘lar edi. Afsuski, tekshiruv kelib, kamchiliklarimizni ochib tashlamaguncha, loqaydlikni kasb qilib yuradigan xalqmiz.

Hozirda eng ko‘p eʼtirozlarga sabab bo‘layotgan holatlar jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalarning ko‘pincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda berilayotgani bo‘lmoqda. Eʼtiboringiz uchun mazkur farmon ijrosi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi hokimliklarda ham qilingan, faqat bajarilish muddati uzoqroq qo‘yilgan bo‘lsa kerak!

Har qanday targ‘ibot, shu jumladan, til targ‘ibotining samarali vositasi televideniye hisoblanadi. Hozir televideniyeda til targ‘iboti tugul, davlat tiliga amal qilinish holati qoniqarli emasligini vatandoshlarimiz tomonidan bildirilayotgan tanqidiy fikrlar orqali ham bilish mumkin. Haqiqatan ham, televideniye, kino tili shevalarga asoslanib qoldi. Nasiba Qambarova, Mirzohid Rahimov, Muslimbek Yo‘ldoshev kabi sof adabiy tilda gapiradigan, o‘z nutqi bilan xalqimizni sehrlab qo‘yadigan boshlovchilarimiz yo‘lini davom ettiradigan fidoyilar barmoq bilan sanarli bo‘lsa, har kim o‘z shevasida bemalol gapirib tursa, “Volshebniy kazan - tozalashga oson”, “Muzqaymoqning dodasi”, “Chuchvaraning dodasi”, “shedraya leto saryog‘lari” kabi chuchmal jumlalar 34 millionli xalqning ongi, shuuriga kirib ketayotgan bo‘lsa... Mutasaddi rahbarlar bundoq do‘ppisini yerga qo‘yib, vatanparvarlik, milliy g‘urur, davlat tiliga hurmat haqida chuqur o‘ylab ko‘rish, qo‘l ostidagi barcha xodimlarini o‘z ustida ishlashga majbur qiladigan, notiqlik sanʼati, o‘zbek adabiy tili meʼyorlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilishga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish, davlat tili targ‘ibotiga bag‘ishlangan turkum ko‘rsatuvlar, ko‘proq tanqidiy materiallar tayyorlash, bu sohadan yiroq bo‘lgan jurnalistlarning javobini berish vaqti kelmadimikan?

Yaqinda bir taniqli jurnalist akamiz adabiy til faqat gazetalarda saqlanib qoldi, degan gapni aytdi, bu juda to‘g‘ri. Boshqa hamma joyda yuqoridagi holat. Yana bir tushunarsiz urf paydo bo‘ldiki, bu ingliz tiliga keragidan ortiq eʼtibor natijasida yuzaga keldi. Yaʼni, inglizchani to‘g‘ridan-to‘g‘ri isteʼmolga kiritish. Masalan, “Call center” faoliyati: Ayollar muammolari qanday yechim topmoqda? (Ishonch.uz saytidan olindi) Qayerga bormang, hatto viloyatlarda ham shu ahvol. Buni ingliz tilini bilmaydiganlar yoki yoshi ulug‘lar qanday o‘qiydi? Avvaldan qo‘llanib kelinayotgan “Ishonch telefonlari” desak, aytayotgan so‘zimizning jozibasiga putur yetadimi? Yoki “Kovorking markazi”! “Payariqda kovorking markazi ochildi” (Xabar.uz saytidan olindi). “Kovorking” inglizchada sohalar bo‘yicha, masalan, tadbirkorlar, talabalar, yoshlar vakillari yig‘iladigan joy degani ekan. Shuni yoshlar markazi, tadbirkorlar markazi desa bo‘lmaydimi yoki zamonaviy bo‘lmay qoladimi? Mana, tilimizga hurmat! Atamashunoslik sohasida fransuzlar tajribasiga eʼtibor bering. Har yili Fransuz akademiyasi rasman fransuz tiliga qabul qilinadigan so‘zlar ro‘yxatini eʼlon qiladi va diqqat bilan til monitoringini o‘tkazib, fransuz tiliga xos bo‘lmagan so‘zning ishlatilishini aniqlagani zahoti qonuniy chora ko‘radi. Vaholanki Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashsa-da, Konstitutsiyasida esa faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Biz esa 15 foiz boshqa millatlar nima bo‘larkin deb o‘zimizni noqulay sezishda davom etamiz, chunki bag‘rikeng millatmizda!

O‘zbek tilining maqomini ko‘tarish bo‘yicha juda ko‘plab takliflar bildirilyapti. Shulardan baʼzilariga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

1. O‘zbek tilini arab-fors so‘zlaridan butunlay tozalash. Oldindan aytib qo‘yaqolay, bunday harakatga vaqtingizni ketkizmang. Ming yillardan buyon so‘z boyligimizga singib ketgan, qaysi tilga mansubligini hatto mutaxassis zo‘rg‘a ajratadigan so‘zlarga tegib nima qilasiz? Kitob, daftar, qalam, ilm, fan (ro‘yxat juda uzoq) so‘zlari o‘rniga variantingiz bormi? O‘tgan asrning boshlarida jadid bobolarimizning bir guruhi ham shunday tashabbus bilan chiqqan, lekin natijaga erisha olmagan. Mahmudxo‘ja Behbudiy ularning harakati noto‘g‘ri ekanini taʼkidlab, shunday degan edi: “Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘qdur. Anglischani arabchadan so‘ngra eng boy til derlar. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, o‘n minglab begona so‘zlarni majburan olganini yozarlar”. Uning o‘rniga hozirda tilimizga hech qanday to‘siqlarsiz, shundayligicha kirib kelayotgan yuqoridagiga o‘xshash so‘zlar bilan shug‘ullansak, foyda bo‘ladi. Mana, har doim ijtimoiy tarmoqda qo‘llanilayotgan so‘zlardan: post, chellenj, xeshteg, selfi, smayl, troll, onlayn, oflayn, skrinshot, admin, xayp va hokazo. Postni xabar yoki maʼlumot, trollni buzg‘unchi desak bo‘lmaydimi? Marhamat, harakat qiling, o‘zbekchalashtirib ko‘ring!

2. O‘zbekcha ismlar qo‘yishni targ‘ib qilish. Fuqaroning o‘ziga yoki farzandlariga ism tanlashi uning xohishiga asosan amalga oshiriladi, hech kimga majburlab ism qo‘ydirib bo‘lmaydi. Bu uning konstitutsion huquqlarining buzilishi hisoblanadi, shuning uchun bu nozik masala. To‘g‘ri, targ‘ibot qilish mumkindir, lekin o‘zbekcha ismlardan iborat biror lug‘at bormi? Ishni avval shundan boshlash kerak.

Oldimizda turgan muammolarni bartaraf etish uchun baʼzi takliflarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman:

1. Germaniyada “Til tarbiyasi” degan maxsus jurnal chop qilinar ekan. Unda tildan noto‘g‘ri foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar, rasmli maʼlumotlar, turli nutqlar, hujjatlar tahlili, ulardagi xatoliklar berib boriladi. Jumladan, ushbu jurnalda Germaniya Mudofaa hamda Madaniyat vazirlarining nutqlari berilgan va adabiy til meʼyorlarini buzganligi uchun ularga nisbatan jarimalar qo‘llangan.

Yoki Fransiyada qonun ijrosini amalga oshirish mexanizmi shundayki, nafaqat politsiya, balki isteʼmolchilar huquqini himoya qiluvchi vakolatli shaxs ham ushbu qonunga rioya etilishi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borishi va qonun buzilish holatlarini aniqlab tegishli organga materiallarni taqdim etishi mumkin.

Shunga o‘xshash Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti qoshida jamoatchilik asosida “Til nazorati” guruhi tashkil qilinsa. Unga faol blogerlar, jurnalistlar, xalq vakillaridan ham kiritilsa. Bu guruh vazirlik, idoralar, ommaviy axborot vositalari, matbuot, internet saytlarida davlat tili meʼyorlariga amal qilinishini obdon tahlil qilib borsa. Har qanday shaxs o‘zi guvoh bo‘lgan kamchilik yoki qonun buzilish holatlari haqida ushbu guruhga taqdim qilishi mumkin. Nega qoida buzgan haydovchini rasmga olib jo‘natamiz-da, til qoidasi buzilganda, befarq bo‘lamiz. Moddiy manfaat bo‘lmasa ham, ona tiliga hurmat degan maʼnaviy manfaat borku! Loqaydlikni bir chetga qo‘yib, umummilliy muammo bo‘yicha birlashsak, ko‘p ishlarni amalga oshirish mumkin. To‘plangan faktlar asosida tanqidiy maʼlumot tayyorlab, ijtimoiy tarmoq va axborot vositalari orqali eʼlon qilib borilsa. Tanqidiy maʼlumot uchun mutasaddi rahbarlardan albatta javob olinishi kerak.

Hozirgi tajribamizdan maʼlum bo‘lyaptiki, birorta tanqidiy mulohazalarga munosabat bildirilgan holatga ko‘zim tushmadi, albatta, davlat tili masalasida. Boshqa masalalar bo‘yicha vazirliklar bayonot berib boryapti-ku. Agar shu tizim ishlab ketsa, ancha muammolar yechimini topishi mumkin.

1. Televideniye va gazetalarda “Tilga eʼtibor” ruknini tashkil qilish kerak. Bu ruknda maqtanadigan ishlarimiz emas, aynan kamchiliklar ro‘yi rost aytiladigan maqolalar o‘rin olishi kerak. Bunda jurnalistlardan faollik, to‘g‘riso‘zlik, qolaversa, o‘ziga xos jasorat talab qilinadi. Shu bilan birga, yuqoridagi guruh tayyorlagan materiallardan ham foydalanish mumkin. Yoshi katta avlod biladi, ilgari gazetalar yoki “Mushtum” jurnalida tanqidiy maqola (felyeton) chiqsa, shov-shuv bo‘lib ketardi. Kamchilikka yo‘l qo‘ygan mutasaddiga albatta chora ko‘rilardi. Ehtimol, bu tajriba ham o‘z samarasini berar, vaqt ko‘rsatadi.

2. Lotin alifbosiga asoslangan yozuvimizga o‘tish jarayonini tezlatish kerak.

3. Ona tiliga hurmatni har birimiz o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Bu albatta, adabiy tilni buzmasdan gapirish, xatosiz yozish, tilga mensimasdan munosabatda bo‘lganlarga qarshi fikr bildirish orqali namoyon bo‘ladi. Har bir rahbar o‘zi boshchilik qilayotgan tashkilotda davlat tilning qo‘llanilishi, uning muhofazasini taʼminlab qo‘yishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, juda katta ishlarni boshlab qo‘ydik, kelajak rejalarini tuzdik, kelinglar, bu ulug‘ ishlarni og‘ishmay oxiriga yetkazaylik. Shundagina tilimizning nufuzi, huquqiy maqomi biz o‘ylagan darajaga yetadi, qo‘l yetmas yuksakliklarga ko‘tariladi. Ana undan keyin Zaxarovalar tashqaridan tosh otadimi, manqurtlar ichkaridan g‘isht otadimi, zarracha eʼtibor qilmasdan maqsad sari olg‘a intilishimiz mumkin. Siz nima deysiz, vatandoshim!?

Inomjon Azimov,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti 

huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish 

markazi direktori

20.05.2020 729