"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Prezident: “Yangi Oʻzbekistonni barchamiz birgalikda bunyod etamiz”

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar xalqimiz tomonidan keng oʻrganilib, vazirlik va idoralar oʻz yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda reja-dasturlarini ishlab chiqmoqdalar. Shu munosabat bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligida boʻlib oʻtgan maʼrifiy uchrashuvda Murojaatnomani tizimli oʻrganib borish, soha oldidagi muhim masalalarning tahlili, milliy sifat infratuzilmasining rivojlanish dasturi muhokama qilindi.


Seminarda “Taraqqiyot strategiyasiʼʼ markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etib, Murojaatnomada bildirilgan oltita yoʻnalishda keltirilgan masalalar bizga kelgusi yildagi faoliyat yoʻnalishimizni belgilab berish asnosida, zimmamizga katta masʼuliyat va javobgarlik yuklaganligini alohida qayd etdi.


E.Tulyakov Murojaatnomada inson qadri va uning orzu-umidlarining roʻyobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor maqsadlaridan biri hamda bunda eng avvalo, taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, farzandlarimizning xalqaro standartlar asosida bilim olishlarini taʼminlash bugungi kunning muhim talabi ekanligiga alohida urgʻu berilganligi katta ahamiyatga egaligini taʼkidladi. Darhaqiqat, davlatimiz tomonidan yoshlarning sifatli taʼlim olishlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan tub islohotlar zamirida kelajak avlod kamoloti, ularni bilimli va vatanparvar insonlar qilib tarbiyalash gʻoyasi mujassam ekanligi barchamizga yaxshi maʼlum. Shu maʼnoda Davlat rahbari tomonidan kirib kelayotgan 2023-yilga mamlakatimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berishning taklif etilgani barcha yurtdoshlarimiz tomonidan katta xursandchilik bilan qabul qilindi.

Seminarda soʻzga chiqqanlar ham Davlat rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea boʻlib, barchamizning oʻz oldimizda turgan vazifalarimiz haqida yanada jiddiyroq oʻylashga, Vatan ravnaqi yoʻlida fidoyilarcha xizmat qilishga undagani haqida gapirishdi. Jumladan, Bosh direktor maslahatchisi Agentlik tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha amalga oshirilgan va erishilgan yutuqlar, kelgusidagi rejalar haqida toʻxtaldi. Jumladan, kuni kecha tasdiqlangan “Standartalashtirish toʻgʻrisida”, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”, “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari ijrosini taʼminlash maqsadida soha atamalarining ilmiy nuqtai nazaridan tadqiq etish, oliy taʼlim muassasalaridagi talaba va magistrlarga soha atamalarini oʻzlashtirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish, soha atamalari boʻyicha glossariylar tuzish, ishlab chiqarishga ushbu atamalarning tatbiq etish ishlari olib boriladi.OOʻYularidagi mutaxassis chiqaruvchi kafedralar bilan hamkorlikda soha atamalarining izohli lugʻatlari, ensiklopediyalarini ishlab chiqish boʻyicha mahalliy va xorijiy loyihalarni tayyorlash, tanlovlarda ishtirok etish rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar bilan olib borilayotgan yaqindan hamkorlik asnosida “Isteʼmolchilar huquqini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunlar mazmun mohiyatini ochib berish ishlari keng olib boriladi, ularga mahsulotlarini davlat tilida tamgʻalash va yorligʻlash ishlarini amalga oshirishlarida koʻmaklashiladi, milliy brend nomlarini tanlashda hamkorlik qilinadi.


Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Akkreditatsiya markazi direktori oʻrinbosari Z.Ahmedov Murojaatnoma boshidan oxirigacha “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga qurilgani bilan ahamiyatlidir. Maʼruzani yaqin istiqbolga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” desak toʻgʻri boʻlishini, chunki unda barcha soha va tarmoqlarning kelajagi, iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy rivojlanishning muhim omillari chuqur tahlil qilinganligi, belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari ochib berilganligi haqida qayd etdi. Oʻz oʻrnida, Akkreditatsiya markazining 2022-yilda erishgan eng katta yutuqlaridan biri 2022-yilning 14-sentyabr kuni “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” nufuzli tashkilot – Laboratoriyalar akkreditatsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlik (ILAK)ning toʻla huquqli aʼzosi safiga qabul qilindi. ISO/IEC 17011:2017 standarti talablari hamda ILAC tartib-taomillariga muvofiq  OʻzAKK, ISO/IEC 17025 sinov, ISO/IEC 17025 kalibrlash sohalarida Akkreditatsiya natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama Bitimga qoʻshildi. Buning natijasida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan sinovlar dunyoning 116 ta davlatida tan olinishiga erishildi. Shuningdek, joriy yilning 28-sentyabr kuni esa yana bir nufuzli tashkilot, Xalqaro akkreditatsiya forumi – IAFning toʻla huquqli aʼzosi safiga qabul qilindi va IAF tartib-taomillariga muvofiq ISO/IEC 17065 mahsulotni sertifikatlashtirish ISO/IEC 17021-1 menejment tizimini sertifikatlashtirish sohalarida Akkreditatsiya natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama Bitimga qoʻshildi. Bu bilan aʼzo va koʻp tomonlama bitimlarga qoʻl qoʻygan davlatlar bir-birining mahsulot sifati sinovlarini oʻzaro tan oladi, yaʼni “bir marotaba sinovdan oʻtkazib, butun dunyoda tan olish” tamoyiliga koʻra ish yuritadi. Bu esa, oʻz navbatida, bozorlarga erkin kirib borish imkoniyatini beradi. Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tovar va xizmatlarining sifati xorijiy davlatlar iqtisodiyoti va jamiyati talabi darajasida boʻlishiga, sifat koʻrsatkichining yuqoriligi bilan ishonch qozonib, savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf qilishga yordam beradi. 2023-yilda esa aynan ushbu faoliyatni yanada jadallashtirgan tarzda, ishlab chiqaruvchilarga har tomonlama koʻmaklashish ishlari olib boriladi. Bunda, albatta mahsulotlarning davlat tilida tamgʻalanishiga ham alohida eʼtibor qaratiladi, deb taʼkidladi Z.Ahmedov.

Uchrashuvda Agentlikning boshqa tizim tashkilotlari xodimlari ham faol qatnashib, Murojaatnoma asosida qilinishi kerak boʻlgan ishlar haqida maʼlumot va sohani rivojlantirish masalalari yuzasidan takliflarni bildirdilar.

Tadbir soʻnggida Agentlik rahbariyati “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlik shartnomasini tuzish yuzasidan taklif kiritdi.

Naibaxon Mamadaliyeva,

Bosh direktor maslahatchisi,

Filologiya fanlari doktori

 

04.01.2023 663