"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Ona tili darsimi yoki tilshunoslik?

Ijtimoiy tarmoq deganlarining foydasi ham ko‘p ekan. 15 yil ilgari oliy o‘quv yurtini bitirgan, anchayin uzilishib qolgan kursdoshlarimizni darrov yaqinlashtirdi. Endi telegram tarmog‘idagi guruhimizda xabarlashib turamiz.

Aksariyat kursdoshlar maktabda ona tili va adabiyot fanidan saboq berishayotgani bois ko‘p hollarda fanga oid savollar, munozaralar ham uchrab turadi.

Ana shunday savollardan biridagi jumla diqqatimni tortdi: «Otning o‘rin belgisi...». Keyin bilsam, bu “-dagi” qo‘shimchasi bilan hosil bo‘larkan. Masalan “idish” buyum nomi. “Idishdagi” so‘z esa endi buyum emas, balki o‘rinni anglatarkan.

To‘g‘ri, nazariy qo‘shimcha bilan bog‘liq vaziyat birmuncha qiziqarli. Ammo o‘quvchi «o‘rin belgisi» atamasini bilmagani bilan nima bo‘ladi. Aynan shu atamani bilmagani, nazariyasini o‘rganmagani uchun nutqida «idishdagi ovqat» birikmasi o‘rnida «idishning ovqat» birikmasini qo‘llaydimi?

Bolaligimizda maktab darslarida ergashgan qo‘shma gapning o‘nga yaqin turini o‘tgandik. Qariyb bir chorak o‘quv soatlari shu mavzuga bag‘ishlangandi. «Aniqlovchi gapli ergashgan qo‘shma gap», «hol gapli ergashgan qo‘shma gap» va hokazo. Shu fanga muhabbatim bois keyinchalik o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdim. Ammo o‘sha-o‘sha «ergashgan qo‘shma gap»lar bilan kelisha olmadim...

Yoki orfografiyada tovushlarning til oldi, til orqa, til o‘rta, lablangan, lablanmagan(aslida bular orfoepiya ekan)ligi bo‘yicha tahlil qilardik. Nima biz “b” tovushini lab undoshi ekanligini bilganimiz uchun ham “t” yoki “sh” tarzida emas, “b” tarzida talaffuz qilamizmi? O‘zi bu darslarning maktab o‘quvchisining keyingi hayot faoliyatida qanday ahamiyati bor? Ushbu saboqlarni olish bizning kelgusi katta hayotda tildan foydalanish malakamizni qay darajada taʼminlay oladi?

To‘g‘ri, ona tilimizni lingvistik jihatdan o‘rganish zarur. Ammo ilmiy-tadqiqot institutlari predmeti bo‘lgan ushbu sohalarni maktab darsligida o‘rgatish o‘quvchining kelajagi uchun qay darajada foyda beradi?

Adabiyot darsi badiiy didni oshirishi kerakmi yoki quruq matnni yodlatish?

Adabiyot darsida qo‘llanilgan bir savolga eʼtibor bering: «Qaysi asarda o‘zbek otasining bo‘rtma, umumiy va yaxlit siymosi yaratilgan?»

Qiziq, otaning ham yaxlit obrazi bo‘larkanmi? Har kimning otasi, har bir ijodkor asarida tasvirlangan ota obrazi uning o‘zi uchun idealdir. Adabiyotimizda ideallashtirilgan otalar obrazlari ko‘p. Yusufbek hoji («O‘tkan kunlar»), Ikromjon (“Ufq”), Asror bobo, Sulaymon ota («Qiyomat qarz»)... Xo‘sh, ulardan qaysi birini yaxlit, umumiy tip deb tanlaysiz?

Darvoqe, javob G‘afur G‘ulomning “Sog‘inish” sheʼri ekan. Darslikda mazkur asar tahlilida ota obrazida aynan shu jumlalar keltirilgani sababli ham endi faqat shu asarni otaning mutlaq «bo‘rtma, umumiy va yaxlit siymo» sifatida qabul qilishimiz kerak ekan.

Yoki yana bir savol: Behbudiyning “Padarkush” dramasi taʼsirida asar yozgan ijodkor ijodiga baho bergan shaxs tug‘ilgan oilada tug‘ilgan yozuvchi vafotidan 200 yil oldin egallangan shaharda tug‘ilgan ijodkor qatl etilgan joyda tug‘ilgan ijodkorning ismi qatnashgan asarlarni toping?»

Biror nima tushundingizmi? Umuman, badiiylik talabi tugul, oddiy matn tuzish qoidalaridan yiroq bu savolga ehtimol o‘quvchi kitoblarni varaqlab, xronologik sanalarni umumlashtirib javob topar. Balki savol tuzuvchi ham bir gap ichida besh-oltita savolni jamlaganidan mamnundir. Ammo biz ideal deb bilgan kitobdagi bu kabi savollar o‘quvchining gap tuzish, fikrini ravon tushuntirishdagi ko‘nikmalarini falajlab qo‘ymaydimi? Axir, fikr ifodasi, gap tuzishda ergashadigan manbamiz kitob emasmi? Aynan ana shu jihatlar bo‘lsa kerak, ichki ishlar, sud hujjatlaridagi chuvalashtirilgan gaplar ifodasida kalavaning uchini topolmay qiynalamiz.

Abdulla Qahhorning «Yoshlar bilan suhbat» maqolalar to‘plamida «Sirka kislotasining bo‘ri tishiga taʼsiri» mavzusida dissertatsiya yoqlash mumkin. Ehtimol anchayin qiziqarli ish chiqar. Ammo jamiyatga amaliy naf keltirmaydigan har qanday ish hech qanday qiymat kasb etmaydi» qabilidagi fikr keltiriladi. Shu nuqtai nazardan, bugun ona tili darslari yoshlarimizning ona tilimizni (tilshunoslikni emas) o‘zlashtirishda qay darajada naf bermoqda?

Dars darsda qolib ketmasin

Maktabda astronomiyani “besh” bahoga o‘qiganman. Ammo hanuzgacha yulduzlarga qarab vaqtni aniqlashni bilmayman. Chunki darsda Quyosh, Merkuriy, Yupiterlarning qancha vaznga egaligi-yu, Yer bilan orasi qancha masofa ekanligi o‘rgatilgan. Biologiyani ham yaxshi o‘zlashtirganim bilan oddiygina nokni olmaga payvand qilishni bilmayman. Bor-yo‘g‘i yettinchi sinf maʼlumotiga ega otam bularni mendan ko‘ra ming karra yaxshi uddalaydilar.

Xuddi shunday, bolalarimiz ham ona tili darslarida qilni qirq yorib, gapni sintaktik tahlil qiladilaru ammo oddiy insho yozishda qiynaladilar. Bolalikdagi ana shu nuqson bora-bora katta hayotda ham o‘z aksini topib boraveradi. O‘rta maxsus tugul, oliy maʼlumotli mutaxassislar ham gohida bitta ariza ichida o‘nta imloviy xatolikka yo‘l qo‘yishadi. Oddiy hisobot ichidagi so‘zlarni bir-biriga eplab qovushtirolmaydi. Og‘zaki nutqda majlislarni “demak”, “haligi”, “o‘sha” singari “bog‘lama”lar bilan bir amallab jargon va shevada o‘tkazishar, ammo faoliyati yuzasidan ikki og‘izgina intervyu so‘ralganda o‘zlarini chetga olib qochishadi. Chunki adabiy nutq ko‘nikmasi juda kam.

Shu bois ham fanlarni, jumladan, ona tili darslarini ham hayotga bog‘lab o‘tish vaqti keldi. Darslarda faqatgina tilshunoslik atamalari va kurslari bilan to‘ldirib tashlamasdan, bolalarimizga yozma va og‘zaki nutq madaniyatini ham shakllantirish kerak.

Chorakda bir-ikki yoziladigan bayon insholar bilan yetarli darajada samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. Aslida maktab darslarida insho yozish qoidalari, texnologiyasi ham talab darajasida emas. Qo‘llanma uchun foydalaniladigan namunali insho matni ham yo‘q. O‘qituvchi insho mavzusini beradi. Hafsala qilsa, reja tuzishga ko‘maklashadi. Tamom. Chunki o‘qituvchining o‘zida ham shu yo‘nalishga oid ko‘nikma yo‘q. Na maktabda, na oliy o‘quv yurtida bu haqda chuqurroq dars o‘tilmagan. Natijada bola nimaiki yozsa ham insho o‘rnida o‘taveradi. O‘z ishtiyoqi bilan bir-ikki badiiy asar o‘qigan bolalar yozuvchining uslubiga taqlid qilib biror nima yozar. Boshqalar esa undan ko‘chiradi...

Og‘zaki nutq taʼlimi esa bundan-da qashshoq. Faqatgina adbiyot darslarida uyga vazifa sifatida topshirilgan badiiy asar mazmunini aytib berish bilan bolalarimizning nutqini ravon qila olmaymiz. Bu borada ifodali o‘qish, o‘qigan matnni ijodiy yondoshgan holda aytib berish, badihago‘ylik(improvizatsiya)ga asoslangan dialoglar uyushtirish singari yo‘nalishlarga ko‘proq dars soatlari ajratilsa, maqsadga muvofiq.

Tilimiz boy. Nutqimiz-chi?

Yozma va og‘zaki nutqlarimizdagi nuqsonlarning yana biri so‘z boyligimizning kamligidir. To‘g‘ri-da, darslarda faqat atamalar yodlatilib, lug‘at bilan ishlash, yangi so‘zlarni o‘zlashtirishga eʼtibor qaratilmasa boladan yana nima talab qilish mumkin?

Shu bois ham ona tili darslarida parallel ravishda adabiyot darsida o‘tilgan badiiy asardagi yangi so‘zlar ro‘yxatini shakllantirish, maʼnosini tushuntirish, ushbu so‘zlar ishtirokida yangi jumlalar tuzish topshiriqlarini berish kerak. Shunda ushbu ikki fan o‘rtasida uzviy bog‘liqlik taʼminlangani holda bolalarning ushbu mavzuni o‘zlashtirish sifati ham ortadi.

Akbar RUSTAMOV

“Mahalla”

21.05.2020 968