"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

LUQMA: peshtaxtadagi yozuvlar peshonamizga bitilmagan bo‘lsin...

Toshkent. Amir Temur ko‘chasi. Oloy bozori. Hech shu bozorga yo‘lingiz tushganmi? Biz bu yerdagi narx-navo haqida aytmoqchi emasmiz. Barchamizni tashvishga solayotgan koronavirus pandemiyasi ham xayolimizda yo‘q. Bu mavzu har qanday virusdan fojiali. Gap millatimiz sha’niga, qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan do‘kon va rastalarga nomi yarashmagan xorijiy so‘zlar haqida.


Yo‘lingiz tushgan bo‘lsa u yerdagi peshtaxta, do‘kon va maishiy xizmat ko‘rsatish joylarining nomlariga ko‘zingiz tushgandir. Amir Temur bobomiz nomi bilan ataluvchi markaziy ko‘cha bo‘ylab biroz yursangiz hamma yoqni ajnabiy so‘zlar bosib ketganidan dilingiz xira tortadi.

Chorrahaning har to‘rtala tomonida joylashgan yozuvlarga razm solsangiz, undagi ajabtovur nomlardan boshingiz aylanib ketishi tayin. U yerda “Salamandir”, “Lee Wrangler”, “Excel shoes”, “The Thai”, “Massage SPA” va boshqa ajnabiy so‘zlar bilan atalgan do‘kon, rasta va maishiy xizmat ko‘rsatish joylarining nomiga duch kelasiz. Shunda beixtiyor savol tug‘iladi 80 mingdan ortiq so‘zi bor o‘zbek tilimizda ushbularni atashga arzigulik birorta so‘z topilmagan bo‘lsa?


Bu nimadan dalolat bilasizmi? Bu – o‘sha do‘kon egalarining milliy g‘ururi, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmati yo‘qligidan dalolat. Qolaversa, o‘z yurtida o‘z tilini toptayotganlar soni ortib borayotganini bildiradi.


To‘g‘ri, bu faqat poytaxtning Amir Temur ko‘chasidagina mavjud degani emas. Mamlakatimizning turli burchaklarida tilimizning toptalayotganiga duch kelishimiz tayin. Ammo umid qilamizki, Toshkent shahar hokimining Davlat tili bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan Akmal Ro‘zitoyev Toshkent ko‘chalarini ko‘zdan kechirib, ushbu holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Bu esa viloyat va tumanlar uchun ham ibrat vazifasini o‘tar edi. Zero, bugun peshtaxtalarda yozilgan ajnabiy so‘zlar bizning peshonamizga azaliy bitilib qolmasidan ularni o‘zgartirishga ulgurib qolaylik.

Dilobar Mamatova, muxbir. Temur Mamadaminov (surat), O‘zA

20.03.2020 972