"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • “Oʻzbek tili izohli lugʻatining veb-sayti va mobil ilovasi” yaratildi va “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati”, “Oʻzbek tilida defektologiya terminlari lugʻati” nashr ettirildi

“Oʻzbek tili izohli lugʻatining veb-sayti va mobil ilovasi” yaratildi va “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati”, “Oʻzbek tilida defektologiya terminlari lugʻati” nashr ettirildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF–6084-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablagʻlari hisobidan   “Oʻzbek tili izohli lugʻatining veb-sayti va mobil ilovasi” yaratildi va “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati”, “Oʻzbek tilida defektologiya terminlari lugʻati” nashr ettirildi.



Mazkur izohli.uz veb-sayti va kitoblarning taqdimoti  2024-yil 30-may kuni Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida o‘tkazildi.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari N.Xolbo‘tayev, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov, O‘z FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori N.Mahmudov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov, “ISYSTEM PARTNERS” MChJ direktori A.Nemadaliyev, shuningdek, vazirlik va idoralarning manaviy-marifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta‘minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etdi.



Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari N.Xolbo‘tayev bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilida ish yuritishni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng, izohli.uz veb-sayti va mobil ilovaning taqdimoti boshlandi.

“Izohli.uz” mobil ilovasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda “ISYSTEM PARTNERS” MChJ tomonidan yaratilgan. Ushbu mobil ilovada “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga kiritilgan 80.000 dan ortiq so‘z va so‘z birikmalari joy olgan.



Keyingi taqdimot filologiya fanlari doktori, professor Durdona Xudoyberganova boshchiligida tuzilgan “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati”ga berildi. Lug‘atni yaratishda taniqli o‘zbek tilshunoslarining asarlaridan, xorijiy ilmiy adabiyotlar, turli lingvistik terminlarning izohli lug‘atlaridagi maʼlumotlardan foydalanilganligini ta’kidlab, lug‘at so‘ngida foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida kognitiv tilshunoslik, pragmalingvistika, lingvomadaniyatshunoslik, sotsiolingvistika kabi lingvistik sohalar va yo‘nalishlarning guruhlashtirilgan tarzdagi ko‘rsatkichi ilova qilindi.


Navbatdagi taqdimot filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Zaxro Urunova boshchiligida tuzilgan “Oʻzbek tilida defektologiya terminlari lugʻati”ga berildi. Ushbu lugʻat bugungi kunda juda ham zaruriy lugʻat ekanligi alohida ta’kidlanib, lugʻatning yaratilishidan nashr ettirilishigacha boʻlgan bosqichi haqida soʻzlab berdi.

Tadbir ishtirokchilari mobil ilova va lugʻatlarga oid savollarga ham tegishli javoblarni olishdi.

30.05.2024 270