"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Nomimiz – yuzimiz!

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi hamda Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamkorligida ishlab chiqarish, savdo ob'ektlari, kompaniya, firma, mahsulotlarga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xal¬qimizning milliy an'analari va mentalitetiga yot nomlar berilishining oldini olish, ularning O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi Qonuniga mos bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar, nomlar zaxirasini yaratish ishi yo‘lga qo‘yilganligini ma’lum qilamiz. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan “O‘zbekcha nomlash laboratoriyasi” o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu laboratoriyada o‘zbek tilida nomlar bazasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Internet tarmog‘ida barcha tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar uchun uznom.uz sayti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu sayt orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kishilarga firma, korxonalari, savdo obyektlari, ishlab chiqargan mahsulotlari uchun milliy nomlar taqdim etiladi. Yo‘lga qo‘yilgan mazkur xizmat turi orqali nom yaratish jarayonida o‘zbek tili me'yorlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yiladi.

 

                                                                     E’LON

Hurmatli hamyurtlar, tadbirkorlar! 2019-yilning 21-oktabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan ma'ruzasida "jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko‘pincha xorijiy tillarda, ma'naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilayotganini" qayd etar ekan, "Ona tilimiz - milliy ma'naviyatimizning bitmas-tunganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimiz", - deb ta'kidladi. Zamondan, davlat e'tibori va e'tirofidan orqada qolmay desangiz, bizga murojaat eting!

 Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ish boshlagan Nom yaratish (neyming) xizmati Internet tarmog‘idagi uznom.uz sayti orqali Sizning firmangiz, korxonangiz, tashkilotingiz va ishlab chiqarish mahsulotingizga mos keladigan, milliy qadriyatlarni va ayni paytda umuminsoniy g‘oyalarni o‘zida yaqqol ifoda etadigan jarangdor, talaffuzi oson, sodda, mazmundor va, eng muhimi, o‘zbekcha nomlarni tanlashda Sizga yaqindan yordam beradi. Bizga ishoning, har tomonlama qulay, ko‘nglingizdagi nomga ega bo‘lishingizni kafolatlaymiz! Zero, biznesda muvaffaqiyatli tanlangan nom omad kalitidir!


04.06.2020 105