"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tilining izohli lug‘ati qayta nashr etildi

Lug‘atlarning har nashri – hodisa. Chunki lug‘at yaratish va chop etish ilmning va noshirchilikning eng qiyin, mashaqqatli ishidir. Shu bilan birga, yaxshi lug‘at tayyorlagan va chop etganlar nomi, shaksiz, tarixda qoladi.
Kitobshunoslar yaxshi bilishadi: badiiy, publisistik va boshqa janrdagi kitoblar ko‘pincha bir marta o‘qiladi. Ularning taassuroti va xulosalari muhim. Taassurot va xulosalarni miya va qalbda saqlaysiz.
Agar boy, salmoqli hamda amaliy foydasi katta kutubxona shakllantiraman desangiz, lug‘atlar, ilmiy risolalar va qo‘llanmalarga urg‘u bering. Chunki ular, odatda, kam nashr etiladi, kutubxonalarda navbatga turib o‘qiladi, hayot davomida esa doimiy ravishda, qayta-qayta murojaat etiladi.
2006-2008 yillarda chop etilgan besh tomlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni bugun kitob rastalaridan topish qiyin. Oradan o‘tgan qariyb o‘n besh yil davomida tilning leksik qatlamida ham, lug‘atshunoslikda ham ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Shularni nazarda tutib Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol'klori instituti olimlari tomonidan tayyorlangan, to‘ldirilgan qayta nashr “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” nashriyotida 3000 nusxada chop etildi.
Kirill alifbosida chop etilgan ushbu nashr 80 mingdan ortiq so‘zni o‘z ichiga olgan. Shu kunlarda lug‘atning lotin alifbosidagi nashri tayyorlanyapti, sentyabr oylariga chiqadi deyishdi. Unda 100 ming(!) so‘z bo‘ladi: ya'ni yangi kirgan so‘zlar yanada ko‘payadi.
O‘zi tilning leksik qatlami eng jonli, zamon va o‘zgarishlarga ta'sirchan, o‘zi ham ko‘p o‘zgaradigan va yangilanadigan qatlam. Shu sababli imlo va izohli lug‘atlarni elektron platformalarga ko‘chirish va doimiy ravishda yangilab borish tizimini yaratish kerak.
Hozirda ushbu loyiha ustida ishlanayotgani, izohli lug‘atning mobil ilova shakli yaratilayotgani ma'lum qilindi.
Lug‘atni tayyorlash va chop etishda ishtirok etgan olimlar jamoasini, noshirlarni, ishning boshida turgan mas'ul tashkilotlarni, umuman, xalqimizni ushbu yangi nashr bilan tabriklayman.
Shahnoza Soatova,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining maslahatchisi

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
26.06.2020 1223