"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Yangi nashrdan chiqqan O‘zbek tilining izohli lug‘ati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Yangi nashrdan chiqqan O‘zbek tilining izohli lug‘ati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Bugun tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, barcha sohalarda zamonaviy atamalarning o‘zbekcha muqobillarini yaratish, bir xil qo‘llanishini ta'minlashga doir bir qator amaliy tadbirlar, muhim qarorlar qabul qilinmoqda. 

O‘zbek tilining izohli lug‘atini yangi nashrdan chiqishi esa mazkur amaliy tadbirlarning tasdig‘i boʻldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Poytaxtimizda joylashgan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan tayyorlangan O‘zbek tilining izohli lug‘ati taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, mas'ul xodimlari, Fanlar akademiyasi olimlari, tilshunos va adabiyotshunos mutaxassislar, soha vakillari ishtirok etdi.

Yangi nashrdan chiqqan lug‘at 80 mingdan ortiq o‘zbek adabiy tilida keng iste'molda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san'at va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qo‘llaniladigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga oladi.

- “Bugungi tadbirimizni oʻtkazishdan asosiy maqsad kitobni nashr etishda mehnat qilgan tilimiz fidoyilarini e’tirof etish, ularni keng jamoatchilik bilan tanishtirish, yangi nashr etilgan lugʻat haqida ma’lumot berish hamda kelgusidagi Departament tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan tanishtirish”, - dedi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirgʻizboyev. - “Bu nafaqat yurtimizda, balki dunyoning barcha qit’alarida yashayotgan 50 milliondan ortiq oʻzbek tilida muloqot qiluvchi tilimizning jonkuyarlari uchun amaliyotda foydalanadigan qoʻllanmadir.”

Izohli lug‘atning qog‘oz ko‘rinishi bilan bir vaqtda mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan. Uni yangi turdagi lug‘atlar bilan boyitish imkoni bo‘lishi nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, mutaxassislar “izohli-lugat.uz” veb-sayti ustida ish olib borilmoqdalar. Unda foydalanuvchilar uchun so‘z qo‘shish imkonini yaratish ham nazarda tutilgan.


Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
26.06.2020 889