"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Mezonsizlik fazilat emas

“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotidur”… Millatparvar mutafakkir Abdulla Avloniyning bu so‘zlari hech bir zamonda ahamiyatini yo‘qotmaydi. Chunki millat deganlari tilga ko‘ra belgilanadi.

Til – millatning mavjudlik sharti. Millat vujud bo‘lsa, til – ruh. Shu bois o‘zini tanigan, o‘zligiga ega har bir millat ona tili rivojini hayot-mamot masalasi deb biladi. Til taraqqiysi uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Ona tilimiz davlat tili maqomiga ega bo‘lgani uning rivoji uchun huquqiy kafolat demakdir. Biroq tilning chinakam rivoji uchun buning o‘zigina kifoya qilmaydi. Davlat tili haqida qonun qabul qilingani – til taraqqiyotining huquqiy kafolati. Usiz bir qadam ham oldinga yurib bo‘lmasligi ayon. Shukurki, biz bunday qonunga egamiz. Lekin tilning bor imkoniyati bilan ravnaq topishi uchun buning o‘zigina yetarli emas. Buning uchun kamida yana to‘rt omil mutanosibligi talab etiladi:

— ona tili taqdiri uchun kuyinish hissi millatning har bir vakili qalbiga ko‘chishi;

— til ilmining milliy negizda rivojlanishi;

— zamonaviy texnika-texnologiyalar va tilning o‘zaro teng ta’sir asosida taraqqiy etishi;

— milliy tilda yaratilgan adabiyotning ravnaqi.

Tan olish kerak, mazkur omillarning barchasi jam bo‘lgandagina til chin ma’noda taraqqiy etadi. Aks holda, uning rivoji haqidagi orzu orzuligicha qolib ketishi mumkin.

Biz bu omillardan faqat bittasi – ona tili taqdiri uchun kuyinish hissi haqida fikr yuritmoqchimiz. Afsuski, ushbu tuyg‘u millatimizning har bir farzandida qalb amri darajasiga ko‘tarilgan, deya olmaymiz. Aks holda, “Vesti.uz” internet saytida olim, jurnalist, huquqshunos, san’atkor, bastakor va hokazodan iborat bir guruh o‘zbekning bolalari O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifini ilgari surmagan bo‘lar edi. Ular bu taklifi uchun o‘zlaricha asos o‘laroq keltirgan ayrim fikrlarga munosabat bildirsak.

Birinchi da’vo: “…rus tili orqali o‘zbek millati nafaqat buyuk rus madaniyati, balki jahon madaniyati va ilm-fani bilan tanishgan”, emish. Nahotki, ular millatimiz qadim-qadimdan dunyo tamaddunining chorrahasida kelganidan bexabar bo‘lsalar. Buyuk mutafakkir bobolarimiz deyarli barcha fanlar bo‘yicha dunyo olimlari endi-endi anglayotgan ilmiy kashfiyotlarni allaqachonlar amalga oshirganidan ko‘z yumsalar. O‘zbek millatining dunyo madaniyati va ilm-fani bilan tanishuvini rus tili bilangina bog‘lash quyosh nurining charog‘onligi o‘zga sayyoralarning nur sochishi sababidan, deyish kabi mantiqqa ziddir. Biz rus madaniyatini kamsitish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Lekin o‘zbek millati rus xalqi bilan faol muloqotda bo‘lgan XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrgacha ham jahon madaniyati va ilm-fani bilan yaqindan tanish edi. Nafaqat tanish edi, jahon madaniyati va ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari buyuk allomalarni yetishtirib, ularning kashfiyotlari orqali bashariyat ilmiy tafakkurini yuksaklarga ko‘targan edi. Shu bois o‘zbekning ilm-fan taraqqiyotidagi o‘rnini rus tili tufayli deb hisoblash kamida insofsizlikdir. Zamonamizning ulug‘ shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda:

O‘zbek muhtoj emas o‘trikka, ammo

Jahon minbarida o‘qiy olur dars.

Kiming bor, deganda birovdan aslo

Buyuk insonlarni olmagaymiz qarz.

Ikkinchi da’vo: Go‘yo “…o‘zbek olimlari va adiblari rus tili orqali dunyoga tanitildi hamda dunyoni tanidi”, deb yozadi “Vesti.uz” sayti. Dunyo bilan erkin munosabat taqiqlangani bois mustabid sho‘ro zamonidagina shunday bo‘lgani rost. Uzoq tarixda-chi? Bundan ming yil muqaddam buyuk tilshunos Mahmud Koshg‘ariy ona tilimizning arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poyga qilib o‘zib borayotganidan iftixor qilgan edi. Hazrat Alisher Navoiy esa “Muhokamat ul-lug‘atayn”da millatimiz tilini “asl tillarning mansha’i”, deya ta’riflagan. Demak, bizning tilimiz boshqa asl tillarning kelib chiqishiga asos, zamin bo‘lgan tillardan va biz dunyoning eng qadim madaniyatga ega millatlaridan ekanmiz.

Bugun-chi? Har bir diyonatli odam bugun o‘zbek olimlari va adiblari jahon adabiyotining durdona asarlarini ingliz, fransuz, nemis, yapon, koreys, arab va yana boshqa o‘nlab tillardan tarjima qilayotgani, o‘zbek adabiyotining nodir namunalarini turli tillarga mahorat bilan o‘girayotganini tan oladi. Dunyoda o‘zbeklardek til o‘rganishga qobiliyatli bo‘lgan millat kamdan-kam topiladi. Shu tufayli bugun o‘zbek olimlari va adiblari dunyoning ko‘plab tillarini biladilar va shu orqali dunyoga tanilmoqdalar. Ularning olamshumul yutuqlarini bu tillardan birortasigagina bog‘lab talqin etish haqiqatning yuziga kul sepish bilan barobar.

Yaqinda Namangan shahridagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabiga borib, mahorat darslari o‘tishimga to‘g‘ri keldi. Yoshlarimiz jahonning 10 ga yaqin tilini qanchalik puxta o‘rganayotganlarini ko‘rib, behad quvondim. Mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalarining vakillari ham borib, yoshlarimizning til bilish darajasidan hayratga tushdilar. Bu hol bugungi avlodlarning buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib bo‘lib o‘sayotganidan darak beradi.

Uchinchi da’vo: “Millionlab o‘zbeklar rus tilini bilmagani uchun Rossiyada ishlayotganda qiynalmoqda” emish. Bugun O‘zbekistonda nainki rus tilini, dunyoning boshqa har qanday tillarini ham o‘rganish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Ta’limning barcha bosqichlarida (o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimida) rus va boshqa xorijiy tillar o‘qitiladi. Rossiyada ishlayotgan o‘zbeklarni yoppasiga til bilmasga chiqarish, ayab aytganda, tuhmat bo‘lar edi. Bugungi kunda vatandoshlarimiz nainki Rossiyada, balki dunyoning boshqa o‘nlab mamlakatlarida turli sohalarda muvaffaqiyatli mehnat qilmoqdalar. Til bilishni ham, kasb-hunarni ham uddalagani uchun o‘sha mamlakatlarda nonini halollab yeyapti, oilasini zarur darajada mablag‘ bilan ta’minlayapti.

To‘rtinchi da’vo: “Kirill alifbosidan voz kechilishi oqibatida o‘zbek yoshlari chalasavod bo‘lib qoldi”, deya yozg‘iradi “Vesti.uz” targ‘ibotchilari. Bugun o‘rta umumta’lim maktablarida, akademik litsey va universitetlarda ta’lim olayotgan aksar o‘zbek yoshlari bir vaqtning o‘zida nainki kirill yoki lotin, hatto arab, xitoy, yapon va koreys tillari va yozuvlarini egallayotir-ku! Shunday iste’dodli yoshlarni “chalasavod bo‘lib qoldi” deyish ko‘ra-bila turib oqni qora deyish bilan barobar.

Beshinchi da’vo. O‘zbekistonda rus tilining rasmiy til bo‘lishini istayotganlar rus tilining KXShT, ShHT, MDH kabi xalqaro tashkilotlarning rasmiy tili ekaniga urg‘u bermoqdalar. O‘zinikini ma’qullash uchun muayyan mamlakat ichidagi va xalqaro masalalarni sun’iy ravishda bir-biri bilan aralashtirib talqin etish to‘g‘ri emas. “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda xalqaro masalalardagi muloqotlar tili tomonlar kelishuviga ko‘ra tanlanishi ta’kidlangani bejiz emas. Xalqaro munosabatlarga kirishar ekanmiz, biz nainki rus, balki ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillardan ham keng foydalanyapmiz. Shu bois ulardan birortasini, jumladan rus tilini mamlakatning rasmiy tili etib belgilashga ehtiyoj yo‘q.

Qolaversa, bugun o‘zini hurmat qilgan barcha xalqlar, jumladan, yon qo‘shnilarimiz ona tiliga hurmatni millat hayotining mazmuni deb bilayotir. Masalan, Qozog‘istonda barcha darajadagi rahbar xodimlarning qozoq tilini bilishi shart etib belgilangan. Qozoq tilini yetarli darajada bilmagani uchun hatto prezidentlikka da’vogarlardan biri saylovda qatnashish huquqidan mahrum etildi. O‘zligini anglagan millatga xos xususiyatni namoyon etishyapti qardoshlarimiz. Bunday fazilatlarni o‘rganmoq zarur.

O‘zbek millatiga mansub do‘stlarimiz rus tilining O‘zbekistonda rasmiy til bo‘lishi uchun nega bu qadar kuyib-pishyaptilar? Bu orqali ular nimaga erishmoqchilar? Aslida, dunyoning o‘zga mamlakatlarida rasmiy til bo‘lishga zarracha ehtiyoji yo‘q, ifoda imkoniyati keng, xalqaro nufuzi baland bo‘lgan rus tili kimlarningdir targ‘ibotiga muhtojmi? Albatta, muhtoj emas. Bugun O‘zbekiston dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari qatori Rossiya bilan ham do‘stona munosabatlarni, o‘zaro strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. “Vesti.uz” saytidagi kabi noto‘g‘ri tashviqotlar ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikka rahna solishga urinish bilan barobar deyilsa, mubolag‘a bo‘lmas.

Bugungi kunda o‘zbek tilining ham xalqaro nufuzi tobora yuksalib borayotir. AQSh, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili yo‘nalishlari ochilib, o‘sha mamlakatlar yoshlari ona tilimizni o‘rganishga katta rag‘bat ko‘rsatayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan chet ellik tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘payayotgani, muhtaram Prezidentimizning Hindiston safarida xalqaro minbardan ona tilimizda nutq so‘zlagani buning isbotidir.

Ta’kidlash kerak, o‘zbek xalqining hech qachon va hech kimning oldida tili qisiq joyi bo‘lmagan. Dunyoning eng boy tillaridan biri bo‘lgan o‘zbek tili nainki Vatanimiz, balki dunyo minbarlaridan ham yangrash huquqiga ega. Davlat tili deb e’tirof etilgan ekan, uning yoniga ilova tarzida qandaydir rasmiy til qo‘shilishi har qanday mantiqqa ziddir. Bunday nojoiz taklifni ilgari surish mezonsizlikdan o‘zga narsa emas. Mezonsizlik esa, hech qachon fazilat bo‘la olmaydi. Buni mudom yodda tutmoq zarur.

Nurboy Jabborov,
filologiya fanlari doktori, professor

20.03.2020 1105