"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Aziz Qayumov nomidagi “ona tili” toʻgaragi tashkil etiladi

Ahmad Fargʻoniy nomidagi Fargʻona viloyat axborot-kutubxona markazida “Millat tafakkurining bebaho xazinasi” mavzusida amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tilshunos va adabiyotshunos olimlar, yosh tadqiqotchilar, umumtaʼlim maktablarining ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktyabrda qabul qilgan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni esa yangi bosqichni boshlab berdi. Albatta, bugungi kunda ona tilimizning sofligini saqlash har qachongidan muhim. Mazkur anjumanda shu boradagi muammolar va vazifalar atroflicha muhokama etildi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev ishtirok etib, oʻzbek tilining nufuzini oshirish borasida qilinayotgan ishlarga alohida toʻxtaldi.

– Tilimiz sofligini asrash, mavqeyini koʻtarish uchun birgalikda qaygʻurishimiz talab etiladi, – deydi viloyat rahbari. – Siz aziz ustozlar bilan bugungi uchrashuvimizning bosh maqsadi ham shu. Tan olish kerakki, bugungi kunda viloyatimizda mavjud boʻlgan ilmiy salohiyat va oʻtkazilayotgan tadqiqotlarning barchasi ham jahon ilm-fan darajasiga toʻla javob bermaydi. Shu sababli oʻzbek tili va adabiyoti fanining nufuzini oshirishimiz, keng istiqbolli innovatsion ishlanmalarni amaliyotga samarali joriy etish yoʻllarini topish lozim. Shunisi eʼtiborliki, bugun rus, koreys, nemis, turk, ingliz kabi tillarni oʻrganish uchun katta imkoniyatlar bor. Internetga kirib, qidiruvga berib koʻrilganda yuzlab, minglab audio, video darslarni, qoʻllanmalarni koʻrish mumkin. Shunday ilovalar borki, telefonga muayyan tilda gapirilsa, dastur boshqa tilga sinxron tarjima qilib beradi. Nima uchun biz shunday imkoniyatlarni oʻzbek tili platformasida yaratmasligimiz kerak? Nima uchun xorijlik oʻzbek tiliga qiziquvchilar uchun elektron darslar, til oʻrganishlari uchun qulay qoʻllanmalar yoʻq? Ularni yaratish oldimizda turgan muhim vazifalarning kichik bir yoʻnalishi xolos.

Anjuman davomida Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida akademik Aziz Qayumov nomidagi “Ona tili” toʻgaragini tashkil etish, davlat muassasa, tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishga amaliy yordam berish, viloyat miqyosidagi tarixiy manbalarni tadqiq etish, maktab oʻqituvchilarining ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanishlariga amaliy yordam koʻrsatish, ularga mahorat darslari oʻtish kabi aniq takliflar bildirildi.

Oʻzbekiston xalq shoiri E.Siddiqova, Fargʻona davlat universiteti professori Y.Solijonov, Qoʻqon davlat pedagogika instituti dotsenti Z.Qobilova va boshqalar davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, umumtaʼlim maktablaridan ona tili oʻqitishning sifatini yaxshilash boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Bu borada adabiyotning oʻrni muhim ekanligi, xususan, Qoʻqon adabiy muhitini keng tadqiq etish zarurligi taʼkidlandi.

Bir guruh tilshunos va adabiyotshunos olimlar viloyat hokimligining faxriy yorliq va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Manba: http://uza.uz/

Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
29.06.2020 639