"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tili rivoji uchun yana bir tuhfa

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi hamda Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining bir guruh olimlari tomonidan “O‘zbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)” kitobining to‘ldirilgan nashri chop etildi.

Kitob 3 000 nusxada, ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham kirill alifbosida nashrdan chiqarilgan. Mazkur uslubda kitobning chop ettirilishi, hammaga birdek qulaylik yaratishga qaratilgan desak adashmagan bo‘lamiz.

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 61-son qarori qabul qilindi. Lotin alifbosida ish yuritish bo‘yicha qatʼiy muddat belgilandi. Yuqorida chop ettirilgan “O‘zbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)” kitobining lotin va kirill alifbolarida chop ettirilishi Davlat tilini rivojlantirish departamentining mazkur qaror ijrosini taʼminlash yo‘lida olib borayotgan saʼy-harakati deb hisoblash mumkin.

Nashr ettirilgan “O‘zbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)” kitobining mundarijasini ko‘zdan kechirar ekansiz, unda punktuatsiyaning maqsadi va nazariy asoslari, tarixi, tamoyillari, boshqa sohalar bilan munosabati, tinish belgilarining tasnifi, punktuatsiyaning asosiy qoidalari kabi boblar va ular ichidagi mavzularni ko‘rishingiz mumkin.

Kitobni varaqlar ekansiz, kundalik hayotda ko‘p marta uchratilgan, lekin qo‘llanilishda biroz ikkilanishlarni keltirib chiqaruvchi savollarga javob topgandek bo‘lasiz.

Masalan, “tinish belgilarining tushib qolishi” nomli mavzuda quyidagi qoida keltirilgan:

Tinish belgilari quyidagi hollarda tushib qolishi meʼyor hisoblanadi:

1. Agar ko‘pnuqtadan keyin vergul qo‘yilishi talab etiladigan vaziyat bo‘lsa ham vergul ishlatilmaydi. “Men... albatta, sizga qarshi hech gap aytmayman”.

Maʼlumki, modal so‘zlar, kiritmalar gapning o‘rtasida kelganda, ikki tomondan vergel bilan ajratiladi. Yuqoridagi misolda, odatda, modal so‘z (albatta)dan oldin vergul qo‘yilishi kerak, lekin, undan oldin ko‘pnuqta bo‘lgani bois vergul tushib qolgan.

2. Baʼzan mavzu ichida asar nomi qo‘llanganda, ham mavzu, ham asar nomi ochiluvchi qo‘shtirnoqni talab qiladi. Bunda ochiluvchi qo‘tirnoqning faqat bittasi qo‘llanadi va har ikki ochiluvchi qo‘shtirnoq vazifasini bajarishga xizmat qiladi. Masalan, “Boburnoma”ning bugungi kundagi ahamiyati mavzusida insho yozdim. Bu gapda aslida ochiluvchi qo‘shtirnoq takror holda, yaʼni: ““Boburnoma”ning bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida insho yozdim shaklida bo‘lishi kerak edi. Biroq ko‘ringanidek, ikki qo‘shtirnoq ketma-ket qo‘llanganda, yozuv estetikasi buziladi. Shu sababli bir qo‘shtirnoq tushib qoladi.

Yuqoridagi ikki holatga kundalik ish yuritishda ko‘p duch kelinadi va hamma o‘zi bilganicha ish tutardi. Endi esa, qatʼiy qoidani bilib oldik. Qo‘limizda esa qoidani isbotlovchi hujjat ˗ “O‘zbek tili meʼyorlari (punktuatsiya)” kitobi mavjud.

Insondan faqat yaxshilik qoladi deb aytadi dono xalqimiz. O‘ylaymanki, mazkur kitobni nashr ettirilishida xizmat qilgan o‘zbek tilining fidoiylari hamda ularga bosh bo‘lgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti masʼullari o‘zbek tili rivoji uchun yana bir bebaho meros tuhfa etdilar.

 

Sh.Xolmatov

10.03.2021 2667