"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tiliga eʼtirof


Behzod Safarov: Har tong onajonimning duolarini olib ishga otlanaman. Nazarimda volidam aytadigan duolari vujudimdan ruhiyatimgacha tomirimdagi qondek yuguradi. Mehribonimning ona tilimda qilgan ezgu niyatlari go‘yo boshqa tillarda bunday chiroyli jaranglamaydigandek... Shunga aytishsa kerakda, “til millatning yuragi” deb. To‘g‘ri, Behbudiy bobomiz aytganlaridek, “to‘rt tilni o‘rganish zarur”. Boisi, dunyoga chiqish til bilish orqalidir. Chunki, til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Ammo, mеnimcha, o‘zbek tilida har kuni duo bilan farzandlarini o‘qishga, ishga, safarga jo‘natish ham faqat bizning millatda bor qadriyat.



Eldor Bahodirov: O‘qiganlarimni eslayman, "..til xalqni tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, anʼanalarini saqlaydi" deb tilga taʼrif bergan olimlar. Bu bejizga emas. Hurmat izzat, muomala madaniyat va qadriyatlarning bari-bari til orqali o‘z mavqeуini topadi. Kuzatganlarim, davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurayotgan xorij ishbilarmonlari hoh u amerikalik bo‘lsin, hoh xitoylik, hoh u afrikalik bo‘lsin yoki hindu o‘z biznesini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda xalqimizga hurmat yuzasidan  “Assalomu alaykum” dan boshlaydi. To‘g‘ri, tili kelishmasada, tushunarli qilib ayta oladi. Quvonib, ketaman, chunki bu ham o‘zbek tiliga, millatimizga bo‘lgan hurmat.


Alisher Nurmamatov: “Xorijiy tillarni bilish insonning madaniyatidan, ziyoliligidan darak beradi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch”, deganida donishmandlar ming marta haq fikrni aytishgan. O‘g‘lim hali bog‘cha yoshida. Rus, ingliz tillarida ham juda ko‘p sheʼrlar yod biladi. Ammo, menga o‘z ona tilimizda biyron tillari bilan aytadigan sheʼrlari yoqadi. Chunki, talaffuzidagi erkalanish bilan ham bu sheʼr yuragingizgacha kirib boradi. Boisi, o‘zbek tili shunaqa mehr va samimiyat bilan yanada jozibador.


Adham Yarkulov: O‘zbek tiliga eʼtibor faqat o‘zbek tili bayrami kunida emas, balki har lahzada kundalik hayotimizga singgan qoidalar kabi bo‘lishini istardim. Juda ko‘p jahon adabiyotini mutolaa qilaman. Boshqa tilda o‘qisamda, o‘zbek tilida mushohada qilar ekanman. Buni tilshunos olima Anora Bobomurodovaning o‘zbek tili haqida aytgan so‘zlaridan bilib oldim. "Inson onasini munkillab qolganda ham boshiga ko‘tarib qadrlaydi, ona tilimizga ham mehr shunday bo‘lishi kerak, chunki biz hatto tushini ona tilida ko‘radigan millatmiz” dedilar. Haqiqatdan taʼsirlanasiz, boisi rostdan ham shunday.


Sherbek Zayniyev: Nazarimda 2020-yilda o‘zbek tilining kuch qudrati va jozibasini dunyo xalqlari bildi. Xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtibori yuksaldi. Axir butun yer yuzi odamlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasini kuzatdi. 50 million o‘zbek tilida so‘zlashuvchining ko‘zi teleekaranlarga qaratildi. Prezidentimiz BMT minbaridan birinchi marta o‘zining ona tilida nutq so‘zlagani bu tarixiy voqelik. Butun millat g‘ururlandi. O‘sha g‘urur hissi har doim qalbimizda bo‘lishi kerak. Jahonda o‘z ona tilini ulug‘lamagan, uning shaʼni, obro‘si uchun kurashmagan xalqni topish mushkul. Shu jumladan, millatimiz ham o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatni oiladan boshlashi kerak. Sof o‘zbek tilida gapirish ham ana shu hurmat ehtirom namunasidir.

Davlat xizmatlari agentligi

02.06.2021 2785