"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tiliga hurmatsizlik, uni kamsitish va buzib talqin etishga yo‘l qo‘yilmaydi

Yakunlangan haftada mamlakatimiz parlamenti faoliyati bilan bog‘liq muhim voqea, bu – Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘tkazilgani va unda senatorlar mamlakatimizdagi islohotlar samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 19 ta masala, jumladan, 7 ta qonunni ko‘rib chiqqani bo‘ldi.

Muhokamalar jarayoni qizg‘in, bahs-munozara va fikr-mulohazalarga boy tarzda kechdi. Yuqori palata a’zolari har bir masalaga atroflicha e’tibor qaratib, hayotga tatbiq qilinishi mumkin, deb hisoblangan hujjatlarni ma’qulladi, aksincha, hali maromiga yetmagan qonun asosli sabablari ko‘rsatilgan holda rad etildi. 

Mazkur yalpi majlis kun tartibidan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun ham o‘rin olgan edi. E’tiborlisi, u senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Xo‘sh, nima uchun bu qonunga ehtiyoj tug‘ildi? Keling, shu haqda ayrim fikr-mulohazalarimizni bildirib o‘tsak. 

Ma’lumki, «Davlat tili haqida»gi qonun yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan murakkab bir davrda – 1989-yilning 21-oktabrida qabul qilingan edi. Garchi o‘sha hujjatda davlat tilini hayotga to‘laqonli tatbiq etish bilan bog‘liq barcha jihatlar qamrab olinmagan bo‘lsa-da, og‘ir bir sharoitda tilimiz mavqeyini ko‘tarishga daxldor hujjatning kun tartibiga olib chiqilishining o‘zi juda katta jasorat edi. 

Chunki sobiq Ittifoq rahbariyati buni sira istamas, jilovni qo‘lidan bergisi kelmasdi. Ammo fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat’iy shijoati bilan, qanchadan-qancha tortishuv hamda bahs-munozaralardan so‘ng, qonun qabul qilingan. Bu O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan ilk dadil qadam edi. 

Oradan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e’lon qilindi. Konstitutsiyamiz o‘zbek tilida yozildi, o‘zbek tilida bitilgan madhiyamiz xalqaro maydonlarda yangray boshladi... Bunday kunlarni ko‘rishni kimlar orzu qilib o‘tib ketmadi deysiz. 

Ammo yuqorida aytib o‘tganimizdek, qonunda ayrim istisnoli jihatlar ham mavjudki, bu uning amalda to‘liq ishlashiga, davlat tilini hayotga to‘laqonli joriy etishga imkon bermay kelayotgandi. Boz ustiga, yillar o‘tgach, zamon talabi nuqtai nazaridan har qanday hujjatni ham takomillashtirishga ehtiyoj seziladi. 

Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri va mavqeini yanada oshirish bo‘yicha oldinda o‘ta muhim va dolzarb vazifalar turganini qayd etib, avvalo «Davlat tili haqida»gi qonunni bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirish zarurati mavjudligini ta’kidlagandi. 

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeуini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonda aynan ushbu masala Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatildi. Ya’ni qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish belgilandi. Shu asosda huquqiy poydevorni mustahkamlash bilan bog‘liq jarayonlarga kirishildi. 

Qonun loyihasi ishlab chiqildi. Parlamentga taqdim etildi. Uning muhokamasida keng jamoatchilik, xususan, vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari ham takliflari bilan qatnashdi. 

Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan til bo‘yicha maslahatchilar bilan tez-tez o‘tkazib turiladigan muloqotlarda ham qonunchilikning amalda ishlashiga xalal berayotgan omillar, muammolar xususida doim so‘z yuritiladi, ularni birgalikda bartaraf etish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlanadi. 

Ko‘plab hayotiy, achchiq misollar keltiriladi. Masalan, ayrim shaharlar ko‘chalaridagi reklama va tashqi yozuvlar, e’lonlarning juda katta qismi xorijiy tillarda ekani, jumladan, rus tilida yozilgani, ba’zi tadbirkorlarning o‘zi birorta xorijiy tilni bilmasa-da, ochgan do‘konining tepasiga chet tilida e’lon yopishtirishi, O‘zbekistonning qaysidir bir chekka qishlog‘ida umuman boshqa millat vakili yo‘q bo‘la turib, do‘konga «Мы открылись» («Biz ochildik»), deya yozib qo‘yilishi kabi holatlar, haqiqatan ham, dilni xira qiladi. 

O‘zbek tilida bitilganlarida esa imlo xatolar ko‘p uchraydi. Nahotki ona tiliga hurmat, munosabat shu bo‘lsa, degan savollar o‘rtaga tashlanadi. Bunday holatlarga qarshi faqatgina Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti emas, butun jamiyat kurashishi kerakligi aytiladi. 

Departament mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyevning qayd etishicha, yangi tahrirdagi qonun qabul qilinsa, ahvol butunlay o‘zgaradi. Endi javobgarlik qat’iylashadi. Davlat tiliga hurmatsizlik qilish, uni kamsitish va buzib talqin etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan, yangi qonunda reklama bannerlari, e’lon va peshlavhalar to‘liq davlat tilida bo‘lishi belgilanmoqda. To‘g‘ri, bu masala huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilyapti. Lekin aslida qalbida g‘ururi, Vataniga muhabbati bor inson hech qanday ta’sir chorasi yoki eslatmalarsiz ham ona tilini qadrlaydi, uni asrab-avaylashga intiladi. 

Ta’kidlash joiz, qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo‘llanilishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanilishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlarida yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qo‘llaniladigan til masalalari ham batafsil belgilangan. 

Umuman aytganda, qonunning qabul qilinishi ijtimoiy hayotning barcha jabhasida davlat tilining rivojlanishi va keng ommalashishiga xizmat qiladi. 


Shavkat ORTIQOV, 

Investitsiyalar va tashqi savdo

vazirining maslahatchisi


uza.uz

29.06.2021 2666