"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tokio xorijiy tillar universitetida 50 nafar talaba o‘zbek tilini o‘rganmoqda

O‘zbekiston Respublikasi «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinganligining 31 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi Tokio xorijiy tillar universitetida (TXTU) uchrashuv va taqdimot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Yaponiyadagi ilk davlat universitetlaridan bo‘lgan Tokio xorijiy tillar universiteti 1873 yil tashkil etilgan. Oliy o‘quv yurtining uchta fakultetida til va madaniyat, xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlar chuqur o‘qitiladi.


Universitet vitse-prezidenti professor Jun Matsukuma bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.


Jun Matsukumanning bildirishicha,oliy ta’dim maskanida 2009-yildan beri o‘zbek tili asosiy til sifatida o‘qitilib, bu fan bo‘yicha darslik, lug‘at va qo‘llanmalar tayyorlangan. Ayni paytda bu yerda 50 dan ziyod yapon talabasi o‘zbek tilini o‘rganmoqda. Shuningdek, universitetda 12 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.


O‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘zbek tili bayramiga bag‘shlab o‘tkazilgan anjumanda o‘zbek tilining xalqaro kzlamdagi nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘zlab berildi. 21-oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani va ona tilimizni o‘rganishga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.


Shuningdek, hozirgi vaqtda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qolgani ma’lum qilinib, o‘zbek tili AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa davlatlarning 60 ga yaqin universiteti va 100 dan ziyod maktabida o‘rganilishiga e’tibor qaratildi.


Uchrashuv davomida Tokio xorijiy tillar universitetiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Fanlar akademiyasi tomonidan nashr etilgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” taqdim etildi.


Tadbir doirasida universitet talabalari ishtirokida mushoira tashkil etildi. Yapon talabalari atoqli o‘zbek shoiri Hamid Olimjonning «O‘zbekiston» she’rini ifodali o‘qib berdi.


Anjuman yakunida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim va ona tilimizning jahondagi nufuzini oshib borishiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.


TOKIO, 17-oktabr. «Dunyo» AA.

18.10.2020 665