- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, muhtaram yurtdoshlar!
Aziz doʻstlar!
Avvalambor, mana shu quvonchli
ayyomda barchangizni azim poytaxtimizning markazida barpo etilgan, kuni kecha
ishga tushirilgan muhtasham va ulugʻvor koshonada xush kayfiyatda koʻrib,
qutlab turganimdan gʻoyatda baxtiyorman.
Siz, azizlarni, sizlarning
timsolingizda butun xalqimizni tarixiy sana – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi
berilganining oʻttiz yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Maʼlumki, Oʻzbekistonning
zamonaviy qiyofasini yaqqol namoyon etadigan yangi bino va imoratlar bugun
barcha shahar va viloyatlarimizda koʻplab qad koʻtarmoqda.
Albatta, ularning orasida
“Toshkent-Siti” ishbilarmonlik markazi alohida ajralib turadi.
Guvoh boʻlib turganingizdek,
“Toshkent-Siti” markazi oʻzining meʼmoriy qiyofasida shaharsozlik sanʼatining
eng soʻnggi yutuqlarini, arxitektura, muhandislik va dizaynerlik borasidagi
noyob va ulkan salohiyatni yaqqol mujassam etadi.
Maydoni 80 gektardan iborat
ushbu markazni qurishdan asosiy maqsad – zamonaviy, “aqlli shahar” barpo etish,
xalqaro, xorijiy va mahalliy bank-moliya tuzilmalari va investorlar uchun
jonajon Vatanimiz, birinchi navbatda, goʻzal poytaxtimiz jozibadorligini
oshirishdan iborat.
Biz Oʻzbekiston taraqqiyotini
yangi bosqichga koʻtarish maqsadida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasini
izchil amalga oshirayotganimizdan xalqimiz va xalqaro hamjamiyat yaxshi
xabardor, albatta. “Toshkent-Siti” markazini barpo etish gʻoyasi ham aynan
oʻsha strategiya bilan bir paytda tugʻilgan edi.
Oʻzbekiston tajribasida
birinchi boʻlgan shunday katta miqyosdagi va noyob loyihani amalga oshirish
uchun koʻp narsani yangitdan oʻrganishimiz, tinimsiz izlanishga toʻgʻri keldi.
Qurilish maydoni 1 million 600
ming kvadrat metrga teng boʻlgan yangi markazning 30 foizini uy-joylar, 30
foizini ofislar uchun binolar, yana 30 foizini savdo majmualari, 10 foizini
mehmonxonalar fondi tashkil etadi.
Barchangiz koʻrib turibsiz,
bugun bu hududda ulkan bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. Nasib etsa,
2021-yilda qurilish ishlari toʻliq yakunlanib, ushbu markaz xalqimizga va
poytaxtimiz mehmonlariga xizmat qilishni boshlaydi.
Qisqacha aytganda,
“Toshkent-Siti” markazi Oʻzbekistonda qurilish va arxitektura sohasida
taraqqiyotning yangi davri boshlangani, bu sohada biz koʻp narsaga qodir
ekanimizni koʻrsatadi, desak, ayni haqiqat boʻladi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston
oʻzining ochiq va konstruktiv siyosati bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy,
iqtisodiy va madaniy markazga aylanib bormoqda. Jahondagi nufuzli xalqaro
tashkilot va tuzilmalar, moliyaviy institutlar, ishbilarmon doiralar tomonidan
Oʻzbekistonda qator tadbirlar, anjuman va uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Tabiiyki,
kelgusida bu jarayonlar yanada kuchayadi, Oʻzbekiston yana koʻplab yirik
xalqaro sammitlar, forum va simpoziumlarga mezbonlik qiladi.
Shu maʼnoda, ushbu muhtasham
majmua nafaqat davlatimiz, balki xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yangi gʻoya va
tashabbuslar tugʻiladigan, muhim tarixiy hujjatlar qabul qilinadigan maskanga
aylanadi, deb ishonamiz.
Fursatdan foydalanib, mana
shunday muazzam saroyning bunyodkorlariga – mohir meʼmor va loyihachilarga,
ishchi-muhandislarga, chet ellik mutaxassislarga, barcha ishtirokchilarga oʻz
nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli doʻstlar!
Mamlakatimizda yaratilayotgan
yangi tarix, yangi taraqqiyot davrining, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining
amaliy ifodasi boʻlmish mana shu betakror majmuada birinchi boʻlib ona
tilimizga – davlat tiliga bagʻishlangan tantanali marosimni oʻtkazayotganimiz
bejiz emas.
Bugun ushbu muhtasham majmuaga
dastlabki aziz mehmonlar sifatida tashrif buyurgan siz, qadrli yurtdoshlarimizni,
muhtaram faxriylarimizni, ona tilimizning jonkuyari boʻlgan ziyolilarimizni,
deputat va senatorlarimiz, faol yoshlarimizni, diplomatik korpus vakillarini
chin qalbimdan tabriklash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Bu muazzam koshona
barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin! Xush kelibsiz, aziz doʻstlar!
Qadrli vatandoshlar!
Dunyodagi qadimiy va boy
tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil
davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Kimda-kim oʻzbek tilining bor
latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi
boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas
maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq
tutsin.
Turkiy tillarning katta
oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik
kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va gʻalabalari
bilan chambarchas bogʻliqdir.
Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz
aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk
madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar
yaratganlar.
Oʻtmishda oʻlkamizni bosib
olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo oʻz tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan,
dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz
boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi
maʼlum.
Ammo jasur va matonatli
xalqimiz har qanday ogʻir sinovlarda ham oʻz ozodligi va istiqloli uchun
mardona kurashdi. Bu yoʻlda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va
zoʻravonliklarga qaramasdan, oʻz ona tilini – milliy gʻururini saqlab qoldi.
Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga
bezavol yetkazib berdi.
Bu borada maʼnaviy jasorat va
fidoyilik koʻrsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz,
ulugʻ sanʼatkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.
Ushbu qutlugʻ ayyomni bayram
qilar ekanmiz, avvalo, 1989-yil 21-oktyabr sanasini – “Davlat tili haqida”gi
qonun qabul qilingan kunni eslashimiz oʻrinlidir.
Yurtimizda mustabid tuzum hali
oʻz hukmini oʻtkazib turgan gʻoyat ogʻir sharoitda xalqimizning taqdiri va
kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi.
Qonun loyihasi ikki marta
umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan edi. Uning atrofida qanday qizgʻin bahs va
tortishuvlar boʻlib oʻtganini, oʻylaymanki, koʻpchilik yurtdoshlarimiz juda
yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham oʻshanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita
guvohi va ishtirokchisi boʻlganman.
Bu muhim hujjatning qabul
qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qatʼiy
shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich
Karimovning siyosiy irodasi katta oʻrin tutdi.
Oʻzbek tili davlat tili
sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulugʻ maqsadlar sari
safarbar etadigan qudratli kuch boʻlib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u
Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi sari qoʻyilgan birinchi dadil qadam edi.
Bu qonun xalqimizning oʻz
taqdirini oʻzi belgilash yoʻlidagi azmu qarorining yorqin namoyoni boʻldi.
Oradan ikki yil oʻtib, Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan
ona tilimizda jahonga eʼlon qilindi.
Mamlakatimizning Asosiy qonuni
– Konstitutsiyamizning oʻzbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada
yuksaltirdi.
Yurtimiz boʻylab va xalqaro
maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan
tuygʻusini joʻsh urdiradi.
Oʻzbek tili oʻtgan yillar
davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini oʻzaro
bogʻlaydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Bundan besh asr muqaddam
hazrat Alisher Navoiy:
“Turk nazmida
chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb yozgan
edi. Yaʼni, ul zot ona tili bayrogʻini baland koʻtarib, butun el-ulusni,
yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim, deb iftixor qilgan.
Barchamizga
yaxshi ayonki, ona tili – millat maʼnaviyatining mustahkam poydevoridir. Ulugʻ
maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, har bir
millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili
va adabiyotidir.
Shu maʼnoda dunyo
hamjamiyatidan munosib oʻrin egallashni maqsad qilib qoʻygan har qaysi davlat
avvalo oʻz xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga,
rivojlantirishga intiladi.
Mustaqillik yillarida ona
tilimizni tom maʼnoda davlat tiliga aylantirish yoʻlida katta chora-tadbirlar
amalga oshirildi.
Shu oʻrinda bir fikrga
eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi kunda Yer yuzida 7 mingdan ziyod til
mavjud boʻlsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til
maqomiga ega.
Shu nuqtayi nazardan
qaraganda, oʻzbek tiliga davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan
mazkur qonunning xalqimiz hayotidagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Bu tarixiy voqeadan soʻng
lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish haqida yana bir muhim
qonun qabul qilindi.
Hurmatli vatandoshlar!
Bugun jonajon
Oʻzbekistonimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan
ustuvor gʻoya asosida oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam
qoʻymoqda. Barcha sohalar bilan birga davlat tilining jamiyatdagi oʻrni va
nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilinmoqda.
Hozirgi kunda oʻzbek tili
davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy
hayotimizda faol qoʻllanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
Davlatimiz tomonidan maʼnaviy
hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan, taʼlim-tarbiya ishlarini zamon
talablari asosida tashkil etish, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini
takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha qabul qilingan
oʻnlab farmon va qarorlar oʻzbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilmoqda.
Bu haqda gapirganda, keyingi
yillarda ona tilimizda faoliyat yuritadigan yuzlab bogʻchalar, maktablar, oliy
oʻquv yurtlari, yangi gazeta va jurnallar, tele-radio kanallar, nashriyotlar,
madaniy-maʼrifiy muassasalar, kutubxonalar tashkil etilayotganini qayd etish
lozim.
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining faoliyati yoʻlga
qoʻyildi. Bu yerda folklorshunoslik, dialektologiya, turkologiya, matnshunoslik
kabi yoʻnalishlar ochildi.
Bu borada yangi oʻquv
dasturlari yaratilayotgani, darslik va qoʻllanmalar, risola va monografiyalar
nashr etilayotgani, ilmiy anjumanlar, ommaviy axborot vositalarida oʻzbek
tilining buguni va istiqboli haqida amaliy taklif va tashabbuslar
bildirilayotgani gʻoyat muhim ahamiyatga ega.
Xabaringiz bor, azim
poytaxtimiz markazidagi Milliy bogʻ hududida Adiblar xiyoboni bunyod
qilinmoqda. Bu goʻzal maskanda barpo etilayotgan yodgorlik majmualari
adabiyotimizning buyuk namoyandalari, oʻzbek tilining chinakam jonkuyarlari
xotirasiga bagʻishlangani ayniqsa eʼtiborlidir.
Ona tilimiz va milliy
adabiyotimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh
avlodimizga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz
nomlaridagi ijod maktablarini tashkil etdik. Muhammad Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon
Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla
Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod
maktablarida eng avvalo oʻzbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini
chuqur oʻrganish uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Hozirgi vaqtda oʻzbek tilida
soʻzlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu
ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat
beradi.
Bugungi kunda xalqaro maydonda
obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borayotgan Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum
etishda ona tilimiz ham katta hissa qoʻshmoqda.
Oʻzbek tili Amerika Qoʻshma
Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina,
Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afgʻoniston, Ozarbayjon,
Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning 60 ga
yaqin universiteti va 100 dan ziyod maktabida oʻrganilmoqda. Oʻzbek tili va
adabiyoti boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va
tadqiqotchilar soni yil sayin koʻpaymoqda.
Shu borada mamlakatimizning
xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “Oʻzbek
tilining doʻstlari” klublari tashkil etilayotganini biz har tomonlama
qoʻllab-quvvatlaymiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi
quvonchimizga sherik boʻlayotgan chet davlatlarning muhtaram elchilariga,
xalqaro tashkilotlar vakillariga ularning yurtlarida oʻzbek tiliga
koʻrsatilayotgan hurmat va eʼtibor uchun tashakkur izhor etaman. Ayniqsa,
Oʻzbekistondagi xizmat faoliyati davomida oʻzbek tilini oʻrganib, faol muloqot
qilayotgan xorijiy diplomatlarga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Sizlarga yaxshi maʼlum,
yaqinda Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻldi.
Bu, oʻz navbatida, nafaqat oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki
turkiy tillar, jumladan, oʻzbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirishga xizmat
qiladi.
Kengash
sammitida bildirgan tashabbuslarimiz, xususan, qardosh xalqlar adabiyotining
eng sara namunalari mujassam boʻlgan yuz jildlik “Turkiy adabiyot
xazinasi” kitoblar turkumini aʼzo davlatlarning ona tillarida nashr
etish taklifimiz ijobiy qabul qilindi.
Aziz doʻstlar!
Davlat tilini
rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida bugun
mamlakatimizda yana bir muhim qadam qoʻydik. Men bugun “Oʻzbek tilining
davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdim. Unga binoan “Davlat tili haqida”gi
qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan
holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb
belgilandi.
Oʻylaymanki, oʻzbek tili
bayramining mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning
milliy ruhi va gʻururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda
toʻlaqonli joriy etishga xizmat qiladi.
Ushbu farmonda
ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida Vazirlar
Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil
etilganini ham sizlarga maʼlum qilmoqchiman.
Bu tuzilma davlat tili
toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni
tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Ayni paytda dunyoda ilm-fan va
texnologiyalar shiddat bilan rivojlanib, mamlakatimizning xalqaro hamkorlik
aloqalari tobora kengaymoqda. Natijada hayotimizga chetdan koʻplab yangi
tushuncha, soʻz va iboralar kirib kelmoqda.
Globallashuv sharoitida milliy
tilimizning sofligini saqlash, uning lugʻat boyligini oshirish, turli sohalarda
zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil
qoʻllanishini taʼminlash dolzarb vazifa boʻlib turibdi.
Toʻgʻrisini
aytish kerak, bu masalada ham oqsoqligimiz bor edi. Shu munosabat bilan
farmonda yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish borasidagi
ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasini tuzish
masalasini ham nazarda tutdik.
Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday
ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat
vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.
Davlat tiliga boʻlgan doimiy
eʼtibor va gʻamxoʻrlik mamlakatimizda bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Maʼlumki, Vatanimiz necha yuz
yillar mobaynida buyuk sivilizatsiya va madaniyat markazlaridan biri boʻlgan. Qadimdan
diyorimizda xalqimiz bilan birga turli millat vakillari yelkadosh, ahil va
hamjihat boʻlib, tinch va osoyishta muhitda yashab keladilar.
Oʻz tilini hurmat qilgan
maʼrifatli el boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi.
Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik siyosati tufayli, hozirda yurtimizda yagona oila
boʻlib yashayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillariga oʻz ona tili,
urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishi uchun hamma shart-sharoitlar
yaratilmoqda. Toshkent shahri va joylarda faoliyat koʻrsatayotgan 140 ga yaqin
milliy madaniy markaz ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya
muassasalari va ommaviy axborot vositalari oʻzbek tili bilan birga qoraqalpoq,
rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida faoliyat olib borayotgani xalqaro
jamoatchilik tomonidan ijobiy hodisa sifatida eʼtirof etilmoqda.
Dono xalqimiz “Til bilgan – el
biladi” deydi. Bu borada buyuk bobolarimiz ibrat va namuna koʻrsatganlar.
Xususan, Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy,
Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi ulugʻ ajdodlarimiz
oʻnlab tillarni puxta bilganlari uchun ham jahon ilm-fanining yuksak
choʻqqilarini zabt etganlar.
Bugungi kunda yurtimizdagi
taʼlim maskanlarida ingliz, rus, nemis, fransuz, ispan, italyan, arab, fors,
turk, xitoy, yapon, koreys, hind va urdu tillari chuqur oʻqitilayotgani bu
anʼanalar davom etayotganining yorqin ifodasidir.
Biz yoshlarimizning jahon
tillarini egallashga boʻlgan ulkan qiziqish va intilishlarini har doim
qoʻllab-quvvatlaymiz.
Men bugun aziz
bolalarimizga murojaat qilib, ulugʻ alloma, XX asr boshida olti tilli – oʻzbek,
arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan Isʼhoqxon Ibratning mana
bu hikmatli soʻzlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar albatta boshqa
tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini
koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu
vataniy ishdir”.
Oʻylaymanki, bu soʻzlarga
ortiqcha izohning hojati yoʻq.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Ona tilimizning davlat va
jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yanada oshirish boʻyicha oldimizda oʻta
muhim va dolzarb vazifalar turibdi.
Avvalo, bundan oʻttiz yil
muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari
nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati
sezilmoqda.
Yana bir muhim vazifa
fundamental tadqiqotlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari,
sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot
va boshqa tarmoqlarda davlat tilini toʻlaqonli qoʻllash bilan bogʻliq.
Oʻzbek tilining qoʻllanish
doirasini kengaytirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millatlarga mansub
vatandoshlarimizning davlat tilini oʻrganishlari uchun tegishli sharoit yaratib
berish, yurtimizda va xorijda oʻzbek tilini oʻrgatadigan oʻquv markazlarini
koʻpaytirish zarur.
Shu maqsadda yangi darsliklar,
qiyosiy va turli sohalarga oid lugʻatlar, ish yuritish va soʻzlashuv
qoʻllanmalari nashr etish, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini
takomillashtirish, bu tizimga toʻliq oʻtish boʻyicha hali koʻp ish qilishimiz
kerak.
Shuningdek, oʻzbek tilining
oʻziga xos xususiyatlari, shevalari, tarixiy taraqqiyoti, uning istiqboli bilan
bogʻliq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini
tubdan yaxshilashga erishmogʻimiz zarur. Bu ishlar uchun moliyaviy resurslar va
mablagʻlarni aslo ayamasligimiz kerak.
Oʻzining bebaho asarlari bilan
ona tilimizning qadrini va qaddini tiklagan buyuk mutafakkir ajdodimiz Alisher
Navoiy hayoti va ijodining mukammal ensiklopediyasini yaratish ham oldimizda
turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Ayni paytda aholi, ayniqsa,
yoshlarimiz turli maʼlumotlarni asosan Internet va ijtimoiy tarmoqlardan
olmoqda. Binobarin, ona tilimizni jozibali va qiziqarli tarzda taqdim etish,
buning uchun oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar,
elektron lugʻatlarni yaratish kerak. Internet imkoniyatlaridan toʻliq
foydalanib, oʻzbek tilini keng targʻib etish boʻyicha ishlarimizni
kuchaytirishimiz lozim.
Davlat tili masalasi milliy
gʻoyamizning asosiy tamoyillaridan biri boʻlishi zarur. Yosh avlod qalbiga ona
tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida taʼlimning barcha bosqichlarida
oʻzbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal
oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz oʻzbek tilida
ravon oʻqiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar boʻlib
yetishsin.
Jamiyatimizda til bilan
bogʻliq eng koʻp muhokama qilinayotgan, haqli eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan
mavzu – bu joy nomlarini belgilash masalasi, desak, xato boʻlmaydi.
Afsuski, jamoat joylarida,
koʻchalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar
koʻpincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks
ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga
bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat
beradi.
Shu munosabat bilan, Vazirlar
Mahkamasi Atamalar komissiyasi bilan birgalikda ushbu masalalarni keng
jamoatchilik ishtirokida jiddiy oʻrganib chiqishi va tartibga solishi zarur.
Chunki ijtimoiy obyektlarga
nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning
vatanparvarlik va maʼnaviy saviyamizni yaqqol koʻrsatadigan oʻziga xos
mezondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak.
Biz xalqimizning taqdiri,
ertangi kuni haqida oʻylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl
fazilatlarini, goʻzal urf-odatlarimiz, betakror sanʼatimiz va adabiyotimizni,
ona tilimizni koʻz qorachigʻiday saqlashimiz zarur.
Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni
mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona
Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga
aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni
barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga,
urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda
namoyon etishimiz kerak.
Muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni va butun xalqimizni
oʻzbek tili bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik,
oilalaringizga fayzu baraka, baxtu saodat tilayman.
Oʻzbek tili – ona tilimizning
nufuzi, obroʻ-eʼtibori yanada ziyoda boʻlsin!
Shunday bebaho boylik sohibi
boʻlgan, uni hamisha asrab-avaylab kelayotgan aziz xalqimiz omon boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat.