"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Adiblar xiyobonida “Jahon tamaddunida – Temuriylar davri renessansi” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Adiblar xiyobonida “Jahon tamaddunida – Temuriylar davri renessansi” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Mustaqillik yillarida yurtimizda tarixni yozma manbalar asosida tadqiq etishga eʼtibor kuchaydi, ajdodlarimiz tomonidan uzoq o‘tmishda yaratilgan madaniy-maʼnaviy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish dolzarb masalalar qatoriga qo‘yildi.

Ilm-fan, madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning unutilgan nomlari qayta tiklandi. Dunyo tamaddunida biz faxr bilan tilga oladigan har ikkala sharq renessansi ajdodlarimiz nomi bilan bog‘lanadi. Ilm-fan, adabiyot, madaniyat, sanʼatni gullab yashnagan davri bu shubhasiz  Temuriylar davri, chin maʼnoda Temuriylar davri renessansi deyishga to‘la haqlimiz.

Anashu davrning atoqli va dunyo tamadduniga katta hissa qo‘shgan allomalari buyuk mutafakkir Alisher Navoiy va shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburlar hisoblanadi.

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburlar kabi buyuk allomalar turkiy til rivojiga o‘zining yaratib qoldirgan asarlarida insonparvarlik, xalqparvarlik, adolatlilik, go‘zallikni tarannum etuvchi g‘oyalari bilan to‘yintirish bilan bir qatorda ijtimoiy-siyosiy qarashlar ham keng qamrovga ega hisoblanadi.

Bu buyuk allomalar nafaqat ijod jabhasida shu bilan bir qatorda davlat arbobi, davlat boshqaruvining adolatli yo‘lini tutgan davlat arboblari sanaladi.

 Shu boisdan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburni Temuriylar davri renescansining yirik namoyondalari deb eʼtirof etiladi, ular yaratib qoldirgan nodir asarlarda ko‘tarilgan g‘oyalar tadqiq etilib kelinmoqda.

Joriy yilning 5 fevral kuni Adiblar xiyoboni Alisher Navoiy haykali poyida Davlat bojxona qo‘mitasi, Bojxona instituti,  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan “Jahon tamaddunida – Temuriylar davri renescansi mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir  tashkil etildi.

Tadbirda G‘ayrat Majid, Nurboy Jabborov, Murodxon Kalonxonov, Olimjon Davlatov va  Maʼmuna Zohidova kabi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari va olimlar, shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasi masʼul xodimlari, Bojxona instituti professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etishdi.

Tadbir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi.

Tadbirda so‘z olgan adabiyotshunos olimlar, yozuvchilar tomonidan Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishi, ular o‘zlarining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallaganligini alohida taʼkidlab o‘tdilar. Bu ikki buyuk allomaning ibratli hayot yo‘li, umuminsoniy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan asarlari asosida yoshlarimizni qurollantirib, vatani, xalqiga xizmat qiladigan yosh avlodni tarbiyalashda eng munosib qo‘llanma bo‘lishini aytib o‘tdilar.

Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi maslahatchisi H.Azizov so‘zga chiqib, g‘azal va sheʼriyat sultoni, tasavvuf ilmining zargari Alisher Navoiy va ham shoir, ham sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur kabi daholar badiiy ijodda, ilmda, davlat boshqaruvi va harbiy sanʼatda obro‘ qozonishi faqatgina bu yo‘nalishlarda emas, balki millat, xalqaro hamjamiyatning maʼnaviy tafakkuridagi yuksalishlarga xizmat qilishini taʼkidladi. Ularning noyob isteʼdodi, qoldirgan boy merosi millat nufuzi buyukligini saqlashga, nomini ko‘klarga ko‘tarishini aytib o‘tdi.

Bir so‘z bilan aytganda ular va ulardek buyuk darajaga, oliy martabaga yetgan farzandlar xalqning baxti, iqboli va saodatidir.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Alisher Navoiy ona zaminimiz Samarqandda 1465-yildan 1469-yilning bahorigacha Fazlulloh Abu Lays madrasasida o‘qib, ilm olgan. Hozirda mazkur hududda masjid faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsada, madrasa saqlanib qolmagan. Mazkur joyni ham muqaddas sanab, Alisher Navoiydek buyuk zotga ziyo ulashgan qadamjo va ilm maskani sifatida eʼzozlanishi lozim. Samarqand shahri hokimi hirotlik Ahmad Hojibekning yordamida ilk marta davlat ishlari bilan ham shug‘ullanishni boshlaganligi eʼtirofga molik. Alisher Navoiyning Samarqanddagi siyosiy va davlat faoliyati yuqori baholanib, unga “Chig‘atoy amiri” unvoni berilgan.

Hazrat Alisher Navoiy aynan shu zaminda o‘zi “Qutbi tariqat” deb eʼtirof etgan Xoja Ahror Valiyni o‘ziga pir, hammaslak bilgan. Xoja Ubaydulloh Ahror ham o‘z navbatida Navoiy qalamining muxlisi sifatida shoir ijodiga yuksak baho bergan. O‘zaro xat yozishib turishgan, bizgacha Xoja Ahrorning Navoiyga yozgan 128 ta xatlari yetib kelgan. Yozishmalardan ikki ulug‘ zot o‘rtasidagi piru muridlik va ustoz-shogirdlik, do‘st-birodarlik munosabatlarini anglash mumkin.

U tabiatan mehr va muruvvatda, karam va saxovatda, kamtarlikda tengi yo‘q inson bo‘lgan. Kiyimiga ilashgan chumolini uyasiga olib borib qo‘yganligi, chodiriga qo‘ygan musicha inini paloponlari uchgunga qadar buzmaganligi hammamizga ibrat bo‘lishi ham farz, ham qarz.

Tadbir davomida Bojxona instituti ijodkor  kursantlari g‘azalxonlik chiqishlarini yig‘ilganlarga havola etdilar.

H.Azizov
Davlat bojxona qo‘mitasi
raisining maslahatchisi 

bojxona.uz

06.02.2021 584