"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Namangan viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Namangan viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Namangan viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yigʻilishda Prezident maslahatchisining o‘rinbosari, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari va ularning oʻrinbosarlari, sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkiloti mas’ullari ishtirok etdilar.

Ma’lumki, joriy yilning 19-yanvar kuni Prezident rahbarligida “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish chora-tadbirlari”ga bagʻishlangan kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi o‘tkazilib, unda hududlarda mutasaddilar, bevosita maʼnaviyat targʻibotiga, davlat tili ijrosiga masʼullar zimmasiga amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar yuklandi. Mazkur videoselektor ijrosi doirasida joriy yilning 26-mart kuni “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish to‘gʻrisida”gi PQ-5039-sonli hamda  “Ma’anviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʻrisida”gi PQ-5040-sonli qarorlari qabul qilindi.

O‘tkazilgan videoselektor yigʻilishda mamlakatimiz rahbari “Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz:

Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot.

Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatdir”, deya ta’kidladi.

“Chindan ham bugungi globallashuv davri inson uchun beqiyos imkoniyat bilan birga turli xil muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarimizga qarshi tahdidlar tobora kuchaymoqda.

Bugun ustamonlik bilan singdirilayotgan o‘zini o‘ylash, xudbinlik, hayotga, mehnatga, oilaga yengil qarash, olomonlik singari illatlar yoshlarimizni zaharlayotgani achinarlidir.

Ushbu holatlar hududiy Ma’naviyat va ma’rifat kengashi raislari sifatida bizlarni ham sohaga yanada jiddiyroq yondashishimizga undaydi”, deya ta’kidladi Sh.Abdurazzoqov.

Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdugʻaffor Qirgʻizboyev tomonidan tashqi reklama masalalarida, amalga oshirilgan ishlar va mavjud kamchiliklar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar  masalasiga ham alohida e’tibor qaratilib, kerakli tavsiyalar berildi.

“Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror nafaqat ushbu soha vakillari uchun, balki mamlakatimizning  har bir fuqarosi uchun nihoyatda muhim sanaladi. Zero, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid bo‘lgan zararli g‘oyalar va maʼnaviy tahdidlarga, ayniqsa, milliy qadriyatlarimizga, millatimiz, xalqimiz genofondiga jiddiy zarba berishga tayyor turgan yot kuchlarga qarshi kurashishda barcha birdek ogoh bo‘lishi va ularning taʼsiriga tushib qolishdan himoyalanish shart. Buning uchun esa, albatta,  jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, maʼnaviy bo‘shliq, maʼnaviy kemtiklikka barham berish, barchani “Milliy tiklanishdan –– milliy yuksalish sari” g‘oyasi ostida birlashtirish zarur. Shu kabi fikrlarga yig‘ilishda alohida urg‘u berildi.

Viloyatda ma’naviy-ma’rifiy sohada erishilayotgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablarida, oliy taʼlim dargohlarida yosh avlod bilan ishlashda mavjud muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.


Namangan viloyati hokimligining
Axborot xizmati

09.04.2021 648