"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Tushuntirishlar o‘z natijasini bermoqda

Shahrisabz shahar hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘linmasi, shahar IIB, “Tasviriy oyna” Shahrisabz bo‘limi, “Uychilik”, “Kunchiqar”, “Teparlik” mahallalari faollari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, ularning mazmun-mohiyati bilan aholini chuqurroq tanishtirish maqsadida navbatdagi tushuntirish-nazorat targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. 3 kun davom etgan kuzatuv ishlari davomida shahardagi Ipak yo‘li shohko‘chasi bo‘yida joylashgan jami 332 ta tashqi yozuvlar, peshlavha, eʼlon va ko‘rgazmali axborot matnlari o‘rganildi. Natijada 332 ta tashqi yozuvning 31 tasi davlat tilidan boshqa tilda ifodalangan bo‘lsa, 40 tasi imloviy, grammatik va uslubiy xatolar bilan berilgan. 9 ta peshlavha va axborot matni butunlay eskirib qolgan.


O‘rganish davomida davlat tilidan boshqa tilda yozilgan tashqi reklama va axborot vositalarining 15 ga yaqini olib tashlandi. Qolgan tadbirkorlarga esa 3 kunlik muddat bilan ogohlantirish berildi. Turli xatolar bilan ifodalangan hamda eskirib yaroqsiz holga kelib qolgan e’lon va axborot matnlari ishchi guruh a’zolari hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib tashlandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori talablariga nomuvofiq, shuningdek, piyodalar o‘tish yo‘laklariga noqonuniy tarzda joylashtirilgan yengil qurilmadagi reklama vositalari qaror talablariga moslashtirildi.

Ahamiyatlisi, bundan oldingi nazorat tadbirlaridan so‘ng ko‘chalar bo‘yida joylashgan binolar peshtoqini bezab turgan “Anhor”, “Sarpo sandiqlari”, “Telefon ta’mirlash ustaxonasi”, “Avto yuvish”, “Ehson”, “Malika”, “Muslima”, “Bolajon”, “Kitoblar dunyosi” va boshqa bir qator quloqqa tanish so‘zlarning ona tilimizda ifodalanganligi kishi ko‘zini quvontiradi. Bundan ko‘rinadiki, insonlarimizda ma’naviyatga bo‘lgan qarash, davlat tiliga qaratilgan hurmat, e’tibor yanada jonlanmoqda. Ishonamizki, shahrimiz yaqin orada davlat tili qonun talablari ijrosi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan namunaviy hududga aylanadi.

 

Feruza Axmedova,

Shahrisabz shahar hokimining maslahatchisi

28.06.2021 574