"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Oqilona tashabbus

Ma’lumki, 2021-yil 12-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida davlat tilining qo‘llanishini kengaytirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasiga muvofiq Qurolli Kuchlar tizimlarida davlat tilining qo‘llanilishini kengaytirish, qo‘shin va bo‘linmalar kundalik faoliyatida undan to‘g‘ri va to‘liq foydalanish, o‘zbek tilidagi ilmiy asoslangan harbiy atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy harbiy atamalarning o‘zbekcha muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot organlari xodimlarining davlat tiliga hurmat-e’tiborini tubdan o‘zgartirish, ularda vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini yanada oshirish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari tizimida davlat tilining qo‘llanishini kengaytirishga doir qo‘shimcha-chora tadbirlar to‘g‘risida» 2021-yil 12-iyul kunidagi F-5675-son Farmoni bu boradagi islohotlarga yanada keng yo‘l ochdi. Ushbu oqilona tashabbus, shubhasizki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari tizimida davlat tilining qo‘llanishini kengaytirish bilan bog‘liq ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.

Farmoyish bilan harbiy atamashunoslik bo‘yicha yetuk olim va mutaxassislardan iborat Zamonaviy harbiy atamalarning davlat tilidagi muqobillarini ishlab chiqish, ularni iste’molga kiritish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruhi ilovaga muvofiq tashkil qilingan bo‘lib, ushbu ishchi guruhiga bir qator vazifalar yuklangan.

Shuningdek, Farmoyishda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari zimmasiga o‘z harbiy qism va muassasalarning kundalik faoliyatida davlat tilidan to‘g‘ri va to‘liq foydalanishni ta’minlash choralarini ko‘rish; kundalik faoliyatda qo‘llanayotgan harbiy sohaga doir atamalarning davlat tilidagi ilmiy asoslangan muqobillarini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish; rahbar kadrlarni lavozimlarga tayinlashda nomzodlarning davlat tilini bilishi va davlat tilida ish yuritish ko‘nikmasiga egaligini e’tiborga olish va yana bir qator vazifalar yuklangan.

Shunday ekan, ushbu e’tibor va imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘z tizimlarida davlat tilini rivojlantirishi, uni keng targ‘ib qilishi, harbiy xizmatchi va xizmatchilarning davlat tilida ish yuritish borasidagi malakalarini oshirishi, buning uchun munosib shart-sharoit yaratishi, davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-uslubiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi, samarali amalga oshirishi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar, xususan, davlat tili targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlarni yanada jadallashtirishi, jamoalarda davlat tiliga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirishi lozim.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Vazirlik tizimida tashkil qilingan ishchi guruhlar tomonidan hududiy boshqarmalar va tarkibiy tuzilmalardagi tashqi yozuv, peshlavha va stendlar davlat tili talablariga muvofiqlik jihatdan ko‘rib chiqilib, ushbu tadbirlar jarayonida ularni yangilash, ma’nan eskirgan tashqi yozuvlarni bartaraf qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Farmoyishning 4-bandi «d» kichik bandi («Barcha ish yuritish hujjatlari, turli blankalarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini ta’minlash») yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli ko‘rsatmalari chiqarilib, ushbu hujjatlarga asosan vazirlik tizimida joriy yilning 1 avgust kuniga qadar hududiy boshqarma va tarkibiy tuzilmalar, ularning quyi bo‘g‘inlarining nomlari, atamalar, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar; ish qog‘ozlari va turli blanklarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi ta’minlash bilan bog‘liq chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Mazkur tadbirlar jarayonida vazirlik tizimi bo‘yicha jami 304 ta nom, 329 ta atama, 1191 ta peshlavha, 2297 ta ommaviy targ‘ibot vositasi,  137 ta reklama va e’lonlar matni, 1782 ta ish qog‘ozi, 808 ta blank,  840 ta muhr va shtamplarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi ta’minlandi va hozirda ushbu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu borada vazirlikning Shahrisabz shahridagi “Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseyi tajribasi namuna sifatida tanlab olinib, tizimga keng tatbiq qilindi.

Vazirlik tomonidan chiqarilgan hujjatlar davlat tilida ish yuritish nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazilib, yakuniy natijalarga ko‘ra, hujjatlarni qat’iy ravishda davlat tilida ishlab chiqish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning 1-yarmi davomida Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan va Xorazm viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tizimlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tilida ish yuritish holati o‘rganildi. Muammolar o‘rnida bartaraf qilinib, mutaxassislarga zarur amaliy yordamlar ko‘rsatildi. O‘rganish tadbirlari davomida tashqi yozuv, peshlavha va stendlar bilan bog‘liq bir qator kamchiliklar bartaraf qilindi.

Vazirning birinchi o‘rinbosarining ko‘rsatmasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar FVBlari hamda tarkibiy tuzilmalarida rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasi munosib nomzodlarga yuklatilgan bo‘lib, ular tomonidan vazirlik tizimida davlat tilida ish yuritish bilan bog‘liq tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Hozirgi kunda vazirlik tizimi harbiy xizmatchilari va xizmatchilari belgilangan rejaga asosan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarida o‘z malakalarini oshirib kelmoqdalar. Joriy yilning birinchi yarim yilligida vazirlik Markaziy apparatida har haftaning juma kuni o‘tkaziladigan Ma’naviyat va ma’rifat mashg‘ulotining bir qator mavzulari davlat tiliga bag‘ishlanib, ularga taniqli tilshunos olimlar va ijodkorlar taklif etilib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi.

Vazirlik tizimida davlat tilini rivojlantirish, uni faol targ‘ib qilish, jamoalarda o‘zbek tiliga nisbatan chuqur hurmat-ehtirom tuyg‘usini  

qaror toptirish maqsadida maslahatchi tomonidan jami 20 ga yaqin, tizim xodimlari tomonidan 10 dan ortiq maqolalar chop etildi. Shu bilan birga, vazirlikning «Vaziyat» gazetasida «Maslahatchi minbari» rukni tashkil qilinib, ushbu ruknda vazirlik tizimidagi maslahatchilarning davlat tili targ‘ibotiga oid maqolalari chop etib kelinmoqda. Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan hamkorlikda vazirlik tizimi uchun «Davlat tilida ish yuritish» qo‘llanmasi hamda «Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga oid terminlar lug‘ati»ni tayyorlash ishlariga kirishilgan.

Albatta, bunday tadbirlarni amalga oshirishda vazirlik, qo‘mita va davlat xizmatlari rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilarining zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi. Ular bu boradagi ishlarda oldingi safga chiqishlari, o‘z jamoadoshlarini davlat tilining nufuzini oshirishdek ezgu va xayrli ishlar sari ruhlantirishlari, undashlari lozim.

Bunda ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ul xodim va mutaxassislarning ham hissasi katta bo‘lishi kerak. Bugun ma’naviyatchilar va davlat tili bo‘yicha maslahatchilar bir jamoa bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib ishlaganlaridagina kutilgan natijalarga erishish mumkin. Chunki ma’naviyat va til tushunchalari bir-biriga uzviy, egizak so‘zlardir. Biri ikkinchisisiz yashay olmaydi.

Shunday ekan, egallab turgan vazifamiz, kasbimiz, faoliyatimizdan qat’i nazar, barchamiz ma’naviyat, jondek aziz ona tilimiz, ya’ni davlat tilining faol targ‘ibotchisi va fidoyisi bo‘lishimiz lozim. Zero, ona tilimiz – bugunimiz va nurli kelajagimiz ko‘zgusidir.

 

Bahodir Valiyev,

Favqulodda vaziyatlar vazirining maslahatchisi


uza.uz

05.08.2021 460