"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili rivoji uchun barchamiz masʼulmiz

“Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so‘zning to‘g‘risi shudir...”.

Bundan roppa-rosa bir asr muqaddam Fitrat tomonidan aytilgan bu fikrlar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. O‘tgan asrda bir qator maʼrifatparvarlarimiz turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tili, o‘zbek imlosi haqida munozaralar olib bordi, matbuotlarda chiqish qildi. Bulardan ko‘zlangan maqsad shu ediki, tilimizning taraqqiy etishi, xalqni savodsizlikdan qutqarish, maʼrifatga chorlash... Abdurauf Fitrat tomonidan tuzilgan “Chig‘atoy gurungi”ning maqsad va maslagi ham shunday edi, aslida.

O‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir. Istiqlol yillarida ona tili haqiqiy maʼnoda davlat tiliga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda o‘zbek tilining xalqaro minbarlarda ham jarang sochayotganligi bizga cheksiz g‘urur va iftixor baxsh etadi.

Yangi O‘zbekistonda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” tamoyili asosida 3-renesansga qadam qo‘yayotgan bir vaqtda davlat tilining o‘rni va ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz.

Hozirgi kundagi jamiyatimizning eng eʼtiborli masalalaridan biri, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida yangi tahrirdagi qonun loyihasidir. 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan hamda 1995-yil 21-dekabrda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan amaldagi qonundan ushbu qonun loyihasi tubdan farq qiladi. Yangi Qonunning 3-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili milliy qadriyat sifatida eʼtirof etilgan bo‘lsa, 5-moddasida davlat tilini O‘zbekiston Respublikasining madaniy merosi sifatida targ‘ib etilishi belgilab qo‘yilgan. Bu tushunchalar avvalgi Qonunda ko‘rsatilmagan. Qonun loyihasining 8-moddasida davlat organlari va tashkilotlarining davlat tiliga oid davlat siyosati va uni rivojlantirish sohasidagi vakolatlarining belgilab qo‘yilganligi davlat organlari va tashkilotlariga bir qator vakolatlar berish bilan birga qator vazifalarni ham yuklaydi.

Qonun loyihasining 11-moddasida davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari o‘zining xizmat va professional vazifalarini bajarishi uchun davlat tilini bilishlari shartligi belgilab qo‘yilgan, shu bilan birga davlat organlari va tashkilotlari kasb, mutaxassislik, lavozim vazifalarini bajarish uchun davlat tilini bilmaydigan o‘z xodimlariga davlat tilini o‘rganishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Taʼkidlash lozimki, Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tili milliy o‘zlik, maʼnaviy boylik va buyuk qadriyat sifatida baholanmoqda.

Davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan davlat tili, imloga oid qabul qilinayotgan qonun hujjatlari – milliy tilimizni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardir. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6084-sonli Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-sonli qarori o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Davlat tiliga eʼtibor til siyosati darajasiga ko‘tarilishiga qaramay, ayrim hollarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi yetarlicha taʼminlanmayotganligini guvohi bo‘lamiz. Bunga, avvalo, ona tilimizga bo‘lgan eʼtiborsizligimiz, beparvoligimiz, ko‘rib ko‘rmaslikka olishimiz sabab bo‘lmoqda. Har kuni ishxonaga borib-kelishda yoki kundalik yumushlari bilan ko‘chaga chiqamiz. Katta-kichik binolar peshtoqi, yo‘l chekkalariga betartib o‘rnatilgan, achinarlisi, aksariyati o‘zbek tilida emas, boshqa tillarda yozilgan yozuvlar taʼbni xira qiladi. Biror yumush bilan davlat tashkilotlari, korxonalarga kiramiz, bu yerda ham baʼzi maʼlumotlarni, hujjatlarni boshqa tillarda ekanligini ko‘ramiz. Baʼzan bitta peshlavhada ikki xil alifbo – kirill va lotin yozuvini aralash qo‘llanganini uchratamiz. Lekin hech birimiz nega bu yozuvlar davlat tilida emas, nega imlo xatoliklar bilan yozilgan demaymiz. Axir, til – maʼnaviyat ko‘zgusi. Uni sofligini saqlash har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lmog‘i lozim.

Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev kun.uzga bergan intervyusida, bir yarim yil davomida 35 mingta holat o‘rganilgan bo‘lsa, 70 foizi xorijiy tillarda, yana 10 mingga yaqin eʼlon va peshlavhalar esa davlat tilida, ammo xato bilan yozilganligini, 30 mingga yaqin eʼlon va peshlavhalar davlat tiliga o‘zgartirilganligini taʼkidlaydi.

Davlat tiliga oid masalalar bilan nafaqat Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, balki barchamiz masʼul bo‘lmog‘imiz lozim. Ayni masalada O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, uning huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hamda Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan faoliyat olib borilmoqda.

Bu boradagi muhim qadamlardan biri Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish bo‘ldi.

Amaldagi qonunning 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko‘ra boshqa tillarda tarqatilishi belgilangan edi. Ammo bu Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning 20-moddasiga muvofiqlashtirilmaganligi sababli ko‘plab muammolar va reklama beruvchilarning eʼtirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Reklama to‘g‘risidagi qonuning yangi loyihasida esa reklama tiliga batafsil to‘xtalib o‘tilgan. Yaʼni O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama o‘zbek tilida tarqatilishi va reklama mazmunining tarjimasi qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda. Reklama mazmunining tarjimasi uning davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzmasligi, shuningdek, tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni davlat tilida berilgan matnining pastki qismida gorizontal holatda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining 40 foizidan oshmasligi ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasida tele va radiokanallarda tarqatiladigan reklamalar, bosma nashrlarda va Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtiriladigan reklamalarning boshqa tillardagi tarjimasi belgilangan meʼyorlar asosida tartibga keltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bunda xorijiy tajribalarga asoslanib, eng muhimi, mamlakatda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirishga eʼtibor qaratilgan. Shuning uchun ham Reklama to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda 90 foizdan ortiq ovoz bilan qabul qilindi.

 “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasida nafaqat til masalasi, balki maʼnaviyatimizga oid normalar ham o‘z aksini topmoqda. Yaʼni, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilmoqda va yangi normalar kiritilmoqda.

Qo‘mita xodimlari viloyatlar va shahar hokimliklari bilan birgalikda ishchi guruhlar tarkibida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, tadbirkorlarga tashqi reklama matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi, turli xil ajnabiy nomlar maʼnaviyatimizga va mentalitetimizga to‘g‘ri kelmasligi to‘g‘risida tushunchalar berib kelmoqda.

Ilm-fan, texnika shiddat bilan rivojlanayotgan davrda tilimiz sofligini saqlash, joylarga nom tanlashda maʼnaviyatimiz va mentalitetimizga xos, asosiysi o‘zbekcha nomlar tanlash, turli sohalar orqali tilimizga kirib kelayotgan yangi atamalarni o‘zbekcha muqobillarini yaratish dolzarb vazifalardandir. Xulosa o‘rnida taʼkidlaymizki, ijtimoiy hayotimizda davlat tili, maʼnaviy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda barchamiz birdek masʼulmiz.


Go‘zal Qodirova,

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi

raisining maslahatchisi

10.08.2021 687