"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Qoraqalpog‘istondagi til siyosati: muammo va yechimlar

Ko‘plab mamlakatlarda davlat ishlarini tartibga solish, ish yuritish va hujjatchilikni bir xil shaklda olib borish maqsadida hududning tub aholisi manfaatlaridan kelib chiqib davlat tili belgilanadi. Davlat tili qonunan tasdiqlanishi yoki umumxalq e’tirofi bo‘yicha amal qilishi mumkin. Chunki ayrim mamlakatlarda Davlat tili haqidagi qonun mavjud emas, umumxalq e’tirofi bilan davlat ishlari muayyan bir tilda olib boriladi.

O‘zbekistonda o‘zbek tili, Qoraqalpog‘istonda esa qoraqalpoq va o‘zbek tillari davlat tili hisoblanadi. Tillarga berilgan “davlat tili” maqomi qonun yo‘li bilan mustahkamlangan bo‘lib, mazkur huquqiy hujjat hududda amal qiluvchi boshqa tillarning manfaatlarini ham himoya qiladi hamda kafolatlaydi. O‘zbekistonda milliy masalalar, ayniqsa, til masalalari mintaqadagi boshqa davlatlar bilan solishtirganda demokratik tamoyillar asosida, bag‘rikenglik bilan yo‘lga qo‘yilganligi xalqaro hamjamiyatlar tomonidan e’tirof etilgan haqiqatdir. Biroq bu holat davlat tillariga mensimaslik bilan munosabatda bo‘lishga olib kelmasligi lozim.

Qoraqalpog‘istonda til vaziyati O‘zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan murakkabroq. Chunki bu zaminda o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus millati vakillari aralash holda yashaydi va besh tilda umumta’lim maktablari faoliyat olib boradi. Hududda til masalalari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni, Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-sonli “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-sonli “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining 2020-yil 3-noyabrdagi “Qoraqalpoq tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini yanada oshirish choralari toʻgʻrisida”gi 135-sonli, 2021-yil 16-iyuldagi “Qoraqalpoq tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 410-sonli Qarorlari bilan tartibga solinadi. Qoraqalpog‘istonda ikki tilning davlat tili maqomida bo‘lishi ish yuritish jarayonida, joy nomlarini yozishda, tashqi yozuvlarni tartibga solishda, hujjat blankalarini tayyorlashda, davlat tillarini o‘qitishda, tadbirlar tilini belgilashda, shuningdek, boshqa til va yozuv bilan bog‘liq masalalarda ayrim muammolarni keltirib chiqaradi. Davlat tashkilotlari asosan ikki tilda ish yuritishni tashkil qilgan, biroq tillar orasidagi muvozanatni saqlash, har bir tilni o‘rinli qo‘llash, davlat tillari bilan bog‘liq muammolarni tezkor va adolatli hal qilib borish rahbarlardan ehtiyotkorlikni va sergaklikni talab qiladi. Chunki milliy masala, ayniqsa, til masalasi o‘ta nozik va qaltis muammodir. Uni adolatli hal qilish bosiqlik, vazminlik va aql bilan ish tutishni taqazo qiladi. Chunki tilda millat g‘ururi yashaydi, uning toptalishi milliy ziddiyatlarga, shovinistik harakatlarga olib kelishi mumkin.

Qoraqalpog‘istonda davlat tillarining o‘qitilishi ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Boshqa hududlardan farqli o‘laroq oliy va umumta’lim muassasalarida, malaka oshirish kurslarida davlat tili uchun ajratilgan soatlar ikki til – qoraqalpoq va o‘zbek tillari uchun teng holda taqsimlanadi. Bunday vaziyatda o‘quv dasturida belgilangan materiallarni to‘liq o‘tish imkoni kamayib ketadi. Bu muammo ayrim muassasalarda hal qilingan bo‘lsa-da, ba’zilarida hanuzgacha saqlanib kelmoqda. Qoraqalpog‘istonda Davlat tili bo‘yicha malaka oshirish tizimida bu muammo oqilona hal qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi 117-sonli qaroriga muvofiq Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish Markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 13 ta hududiy bo‘linmasi tashkil etilganligi davlat tashkilotlari xodimlarini o‘qitishga, idoralarda ish yuritishni davlat tilida va lotin alifbosida tashkil etishga katta yordam bermoqda. Dastlabki paytlarda Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasida malaka oshirish kurslarining o‘quv dasturlarini amalga oshirishda jiddiy muammolar yuzaga keldi. Qoraqalpog‘iston sharoitida davlat tiliga ajratilgan soatlarning ikkiga taqsimlanishi natijasida o‘quv dasturlarini bajarishning imkoni bo‘lmay qoldi. Muammo Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti va hududiy bo‘linma hamkorligida o‘rganib chiqildi. Qoraqalpog‘iston uchun umumiy soat hajmi 50 foizga oshirilgan “O‘zbek hamda qoraqalpoq adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish” malaka oshirish kurslarining yangi o‘quv rejasi va o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Markaz rahbariyati bilan kelishilgan holda joriy yilning aprel oyidan boshlab o‘quv reja hamda dastur amaliyotga joriy qilinib, muammolar bartaraf etildi.

Davlat tilining o‘qitilishi masalasida umumta’lim va oliy ta’lim tizimlarida bunday muammolar hanuzgacha saqlanib kelmoqda. Tegishli vazirliklar Qoraqalpog‘istondagi til vaziyatidan kelib chiqib, hududda davlat tillarini o‘qitish xususida alohida chora-tadbirlar ishlab chiqsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Ikkita tilning davlat tili maqomida bo‘lishi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni, notarial idora hujjatlarini, FHDY bo‘limlari hujjatlarini tayyorlashda ham ayrim muammolarni keltirib chiqaradi. Xususan, lotin yozuvi asosidagi o‘zbek va qoraqalpoq alifbolarining bir-biriga mos kelmasligi bir tildan ikkinchi tilga ism-shariflarning yozilishini o‘zgartirganda nomuvofiqliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada ayrim hollarda fuqarolarning noroziligiga ham sabab bo‘layapti.

Masalan, hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining xorijga chiqish bo‘yicha biometrik pasportini rasmiylashtirish tizimida lotin yozuviga asoslangan qoraqalpoq alifbosidagi ayrim harflar (Ы-Í, Ғ-Ǵ, Ө-Ó, Ү-Ú, ә-Á, Ң-ń)ning yo‘qligi sababli xorijga chiqish biometrik pasportini olish talabnomalarini rasmiylashtirishda xatoliklar yuzaga kelmoqda. Chunki, ushbu talabnomalarni tizimda togirlash imkoniyati mavjud emas. Misol uchun, Bo‘zatov tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan 2021-yil 13-avgust kuni shakllantirilgan talabnomada FHDY tizimida bir fuqaroning familiyasi, ismi-sharifi lotin yozuviga asoslangan qoraqalpoq alifbosida kiritilgan va xorijga chiqish pasport tizimida (nesovpadenie FIO-transliteratsiya) xatolik yuz bergan, natijada ushbu talabnomani tizimda to‘g‘irlash imkoniyati topilmagan. Yozuvlarning bir-biriga mos kelmasligi shunga o‘xshash boshqa muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, o‘zbek va qoraqalpoq lotin alifbolarini imkon darajasida bir-biriga yaqinlashtirish Qoraqalpog‘istonda davlat tillarida ish yuritish bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarni ma’lum darajada hal qilishga imkon bergan bo‘lardi. Masalan, o‘zbek tilida “c” harfi yolg‘iz holda qo‘llanilmaydi. Hatto isloh qilinayotgan alifbo loyihasida ham harfiy yasalma ç mavjud, biroq c qo‘llanilmaydi. Mazkur harf alifboga kirilcha ц harfining muqobili sifatida alifboga kiritilsa, kirilcha matnlarni translitertsiya qilganda muammo yuzaga kelmas edi, shuningdek, o‘zlashma so‘zlar o‘zbek va qoraqalpoq tilida bir xil yozilgan bo‘lardi: vaksina(o‘zb.) - vakcina(qq.), sex(o‘zb.) - cex(qq.), ssenariy(o‘zb.) - scenariy(qq.).

Bugungi kunda qoraqalpoq tiliga o‘zbek tilidan ko‘plab so‘zlarning o‘zlashayotganligini yoki ayrim nofaol so‘zlarning o‘zbek tili ta’sirida faollashayotganligini kuzatish mumkin. Bu holat albatta qoraqalpoq tili lug‘at qatlamining boyishiga sababchi bo‘lmoqda. Biroq qoraqalpoq tilidan ham ayrim so‘zlarni o‘zbek tiliga bemalol qabul qilish mumkin, afsuski bu masalaga yetarli darajada e’tibor qaratilmayapti. Vaholanki, ayrim qoraqalpoqcha (ko‘pchiligi sof turkiy) atamalar o‘zbek tilidagi muqobiliga (ekvivalentiga) nisbatan ko‘zlangan ma’noni aniqroq ifodalaydi. Jumladan, qoraqalpoq tili hujjatchiligidagi ómirbayan (tarjimayi hol), minezleme (tavsifnoma), usınıs (biror taklifni tavsiya qilib kiritish), sın (taqriz) so‘zlaridan ijodiy foydalanib umrbayon (tarjimayi hol), xulqnoma (tavsifnoma), taklifxat (biror taklifni tavsiya qilib kiritish), sinchixat (taqriz) kabi atamalarni yasash mumkin. Gap shundaki, qoraqalpoq tilida sof turkiy so‘zlarning ko‘plab saqlanganligi ularni ham o‘zbek tilida faollashtirish imkonini beradi va til egalariga ifodalanayotgan tushunchaning mohiyatini tez va aniq idrok etish imkoniyatini yaratadi. Tillararo bunday hamkorlik munosabatlari xalqlar do‘stligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Farhod Bobojonov - f.f.n., dotsent,

DTIYAO‘ va MOM QR hududiy bo‘linmasi rahbari

Perdeǵaliy Dabılov - FhD., dotsent,

QR Vazirlar Kengashi Raisining maslahatchisi-departament rahbari

17.09.2021 921