"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlarida tobora yangi-yangi qirralar ochilib bormoqda

Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlarida tobora yangi-yangi qirralar ochilib bormoqda

Bu, ayniqsa, ikkala mamlakat Prezidentlarining o‘zaro rasmiy tashriflari va dastlab 28, so‘ngra 36 punktdan iborat bitimlar imzosidan so‘ng jadal sur’atlarda rivojlana boshladi. O‘sha kelishuv-bitimlarga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasida madaniy, adabiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yozuvchi-shoirlar ishtirokida tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan, albatta.

O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasida o‘zbekistonlik qator adabiyot va madaniyat vakillari hamda tojikistonlik adiblaru shoirlar, jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni ochiq, deya e’lon qilar ekan, O‘zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ergash Shoismatov ushbu tadbirni ikkala mamlakat Prezidentlari - muhtaram Shavkat Mirziyoyev va muhtaram Emomali Rahmon Janobi oliylarining olib borayotgan dono va oqilona siyosatlari natijasi, deya baholadi.  

- Mamlakatlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda turli ko‘rinishdagi munosabatlarimiz anchayin yuksak marralarga ko‘tarildi, jumladan, adabiy aloqalarimizda faollik sezilmoqda. bugungi yig‘ilishimiz boisi "O‘zbekiston-Tojikiston" do‘stlik jamiyati va Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyati O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoatchilik tashkiloti hamkorligida tojikistonlik bir qator yozuvchi-shoirlar ijodidan namunalar - "Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi" nomli kitob taqdimotidir. Suxan az dahoni Luqmon shirin ast, deganlaridek so‘zni bevosita kitobga aloqador kishilarga beramiz, - dedi elchi janoblari.  


Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi, "O‘zbekiston-Tojikiston" do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Shuhrat Suyunov ham ikki mamlakat o‘rtasida o‘rnatilgan ijobiy munosabatlar haqida to‘xtalib, "O‘zbekiston-Tojikiston" do‘stlik jamiyati va Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyati O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoatchilik tashkiloti hamkorligi natijasida dunyoga kelgan antologiya haqida so‘z yuritarkan:  

- Joriy yilgi Tojikistonga safari chog‘ida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Dushanbe va Toshkentda zamonaviy tojik va o‘zbek adabiyoti antologiyasi yaratishni taklif qilgandi. Ana shu taklif mahsuli sifatida ushbu kitob dunyoga keldi. Bu - debochasi. Hali shu yo‘nalishdagi aloqalarimiz davom etajak.  

Darvoqe, ushbu kitob O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat, notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti hisobiga nashr etilganligini hamda Tojikistonda yashovchi o‘zbek millatiga mansub fuqarolarni o‘zbek tilida chop etilgan adabiyotlar bilan ta’minlash uchun davlat granti ajratilganligi, davlat granti hisobidan 70dan ortiq nomdagi kitoblar xarid qilinganligini aytib o‘tmoqchiman, - dedi.


So‘ngra mazkur kitob ishtirokchilarga tarqatildi. Shundan so‘ng, Shuhrat Suyunov jamiyat nomidan Tojikiston Respublikasi Hukumatining o‘zbek tilidagi nashri - "Xalq ovozi" gazetasi kutubxonasiga yuzdan ortiq nusxadagi turli badiiy kitoblarni tuhfa qildi.  

So‘zga chiqqanlardan yana biri – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid uyushma raisi Sirojiddin Sayyid salomini yetkazarkan, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi bilan o‘rnatilgan adabiy aloqani tilga olib o‘tdi. U, shuningdek, keyingi yillarda O‘zbekistonda ijodkorlarga berilayotgan ulkan e’tibor natijasida yaratilayotgan ijod maktablari, ijodkorlar bog‘lari hamda yozuvchilar uyushmasi uchun qurib berilgan yangi muhtasham bino haqida so‘zlab berdi.  

G‘ayrat Majid so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston ijodkorlarining adabiy aloqalari bugun paydo bo‘lgan emas. Mavlono Abdurahmon Jomiy va Mir Alisher Navoiy bobolarimiz tamal toshini qo‘ygan bu do‘stlik hamisha ijod ahli bitiklarida in’ikos etib kelgan.  

Sho‘rolar davrida ham ustozlarimiz - Mirzo Tursunzoda, Boqi Rahimzoda, Loyiq Sherali, G‘afur G‘ulom, Zulfiyaxonim, Erkin Vohidovu Abdulla Oripovlar o‘rtalaridagi do‘stlik rishtalari toabad davom etaveradi.

Keyingi navbatda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Feruz Bekov o‘z nutqida uch tilda nashr etilgan "O‘zbekiston - umumiy uyimiz" nomli kitob atrofida to‘xtalib o‘tdi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 130dan ziyod millat va elat vakillari yashayotgan O‘zbekistonda 144 milliy va madaniy markazlar, 16 diniy konfessiyalar amal qilayotgan bo‘lib, davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish 7 tilda olib borilmoqda.  

Yig‘ilish ishtirokchilaridan Tojikiston Respublikasi Hukumati rasmiy nashriyalari - "Xalq ovozi" va "Narodnaya gazeta" gazetalari bosh muharrirlari Yoqubjon Abdumanonzoda va Mahbuba Kamolovalar ham ushbu muloqotlar ikkala davlatning muhtaram Prezidentlari olib borayotgan dono va do‘stona siyosatlari mahsuli ekanligiga urg‘u berishdi. Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisi yordamchisi, taniqli shoir Akbar Abdullo, taniqli yozuvchi Ato Hamdam, bolalar yozuvchisi Azizi Aziz ikkala mamlakat ijodkorlar uyushmalari o‘rtasidagi adabiy aloqalar haqida so‘zlab o‘tishdi.  

Sug‘d viloyati O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rfat markazi jamoatchilik tashkiloti raisi Ilhom Yusupov o‘zaro hamkorlikdan mamnunlik bildirib, antologiya chopi uchun alohida minnatdorchilik izhor etdi. Yozuvchi Hakim Zokir, adabiyotshunos olimlar - Baxtiyor Mo‘minov, Rajabali Xidirovlar antologiya nashri haqida o‘zlarining iliq fikrlarini bildirishdi.  


Mutafakkirlar adabiyotni xalqning yuragi, deyishadi. Zotan, uning har bir zarb sadosi xalqlarni yakdilligu do‘stlik sari chorlayveradi, Bu baho ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq - tojik va o‘zbek adabiy doiralari vakillari yig‘ilgan ushbu uchrashuvda yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Abdullo SAIDOV,

"Xalq ovozi" gazetasi muxbiri

 

uza.uz

25.09.2021 443