"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Helmut Dalov: ismim qog‘ozlarda nemischa bo‘lgani bilan yuragim o‘zbekcha uradi

Helmut Dalov: ismim qog‘ozlarda nemischa bo‘lgani bilan yuragim o‘zbekcha uradi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida tarixchi olim va tarjimon Helmut Dalov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda olim nemis tiliga tarjima qilgan «Boburnoma» va «Quyoshga intilib» kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.

Adabiy uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, filologiya fanlari doktori, professor Xurram Rahimov va boshqalar olim va tarjimon Helmut Dalovning o‘zbek adabiyotini Yevropaga targ‘ib qilishda qo‘shgan hissasini yuqori baholadi. Shuningdek, «Boburnoma»ning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni haqida alohida to‘xtalishdi.

         


– Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi nafaqat sharq, balki g‘arb uchun ham doim ahamiyatli va qiziq bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. –Tarjima mashaqqatli yo‘l. Birgina so‘z noto‘g‘ri tarjima qilinsa, butun boshli matn noto‘g‘ri ma’no kasb etishi mumkin. Ayniqsa, «Boburnoma»ni tarjima qilish va uni tushunish uchun avvalo katta salohiyat kerak. Shu qatorda sharq madaniyatini yaxshi bilish ham kerak. Helmut Dalov o‘zbek adabiyotini, tarixini yaxshi o‘rgangan olim sifatida «Boburnoma»ni tarjima qilishga haqli. Qolaversa, u o‘zbek tilini ham mukammal o‘rgangan.  



– Ayni vaqtda Germaniyada istiqomat qilsam-da, O‘zbekiston menga begona emas, – deydi Helmut Dalov. – Shu yerda tug‘ildim, tahsil oldim. O‘n sakkiz yil o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Ayrim sabablarga ko‘ra, Germaniyaga qaytishga to‘g‘ri keldi. Endi o‘sha yerda yashab, ijod qilyapman. Ammo bir on O‘zbekistonni unutganim yo‘q. Ismim qog‘ozlarda nemischa xolos, yuragim o‘zbekcha uradi. Ana shu muhabbat, Vatanni sevish tuyg‘usi va Boburga bo‘lgan alohida hurmatim tufayli men ushbu asarni nemis tiliga tarjima qilishga kirishdim. Qariyb besh yil ichida bunga erishdim. Maqsadim Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi orqali o‘zbek adabiyotini olmon xalqiga yaqindan tanishtirish, sharqning boy ma’naviy merosini targ‘ib etishdir.

 


Tarjimon, yoshlar va maktab o‘quvchilari ishtirokidagi tadbirni Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoqov olib bordi. Tadbir davomida olim va tarjimon Helmut Dalovga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zolik guvohnomasi topshirildi. Olim va tarjimon Helmut Dalov yoshlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi. Tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, hayot yo‘li haqida so‘zlab berdi.

06.10.2021 671