"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» xalqaro ko‘rik tanlovining britaniyalik g‘olibiga mukofot topshirildi

«Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» xalqaro ko‘rik tanlovining britaniyalik g‘olibiga mukofot topshirildi

Buyuk Britaniyada o‘zbek tili, madaniyati va tarixini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida Oksford universiteti tadqiqotchisi, tarix fanidan ma’ruzachi Tomas Velsford bilan uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbek tilini puxta o‘rgangan britaniyalik olim Tomas Velsford  2020-yil oktabr oyida O‘zbekistonning davlat tili kuni munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan o‘tkazilgan «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim» xalqaro ko‘rik tanlovida faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Said Rustamov Davlat tilini rivojlantirish departamentining Faxriy yorlig‘i hamda 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” va “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarini britaniyalik tadqiqotchiga taqdim etdi.

Tomas Velsford ushbu yuksak e’tirof uchun minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida 2012-yilda chop etilgan, Samarqanddagi Tarix, arxeologiya va san’at muzeyida saqlanayotgan arab grafikasidagi qo‘lyozmalar jamlangan «A Catalogue of Arabic-Script Documents from the Samarkand Museum» kitobini topshirdi.

Britaniyalik tadqiqotchi 2010-yildan buyon O‘zbekiston tadqiqot markazlari, xususan, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqanddagi Tarix, arxeologiya va san’at muzeyi bilan ilmiy hamkorlik qilib kelmoqda.

Muloqot chog‘ida Tomas Velsford 2022-yilda O‘zbekistonga borish niyatini ma’lum qildi. Mazkur ilmiy safar davomida u O‘zbekiston tarixiga oid tadqiqotlar olib borish hamda qator universitetlarda, jumladan, Samarqand davlat universitetida tarix fanidan ma’ruzalar o‘qishni rejalashtirmoqda.

 

07.10.2021 460