"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Davlat tili ustuvorligini taʼminlashning qonuniy asoslari yaratildi

21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni

Dunyodagi yirik tillar katalogi – Ethnologue  maʼlumotlariga ko‘ra, 2020 yilga kelib kurrai zaminimizda 7 139 ta til mavjud va ularning eng keng tarqalgan 40 tasida Yer aholisining uchdan ikki qismi so‘zlashadi. Kommunikatsiyalarning rivojlanishi, globallashuv va migratsiya, urbanizatsiya jarayonlari oqibatida ular soni ham kamaymoqda. Statistik maʼlumotlar taxminan har ikki haftada bitta til “o‘lik tillar” ro‘yxatidan joy olayotganini ko‘rsatadi.  

Yana qiziq jihati, dunyodagi barcha xalqlarning milliy mustaqilligi bo‘lsa-da, ularning hammasi ham rasmiy tiliga ega emas. Bor-yo‘g‘i yuzga yaqinigina davlat tili maqomini olgan. Albatta, biz bu borada faxr etsa arzigulik, munosib va sharafli o‘rindamiz.

Tilimizning bugungi ahvoli, uning davlat tili maqomini mustahkamlash borasidagi qonunchilik meʼyorlari haqida Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri, tarix fanlari doktori, professor Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV bilan suhbatlashdik.

 

– Abdug‘affor aka, mavzuni tilning inson hayotidagi o‘rnidan boshlasak...

– Inson ona tili orqali dunyoni o‘zlashtiradi, tarixini o‘rganadi, o‘zligini taniydi, maʼrifatli bo‘ladi. Shu tilda umr bo‘yi muloqot qiladi, faoliyat yuritadi. Bu millat shaʼni, o‘zligi, bebaho qadr-qimmati. Ona tili davlat tili maqomida bo‘lmagan xalqlar  yaxshi ishlash, farovon hayot kechirish uchun boshqa tillarni o‘rganishga majbur bo‘ladi.

O‘zbek xalqi o‘z tarixi mobaynida ona tilida ish yurita olmagan, nutq so‘zlay olmagan davrlarni ham boshidan o‘tkazdi. O‘zi yashaydigan mahallani, tug‘ilgan joyni o‘z tilida nomlay olmagan paytlar ham bo‘ldi, bunga yaqin tarix guvoh.

 1989-yil 21-oktabrda ona tilimizga davlat tili maqomi berilgach, yaʼni “Davlat tili haqida”gi tarixiy Qonun qabul qilinishi bilan fikrni erkin bayon qilish huquqi va katta imkoniyat – ona tilida gapirish, ish yuritish, ijod qilishni qo‘lga kiritdik. Shundan so‘ng mamlakatda ko‘plab amaliy ishlar boshlandi. “Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosini taʼminlash, ayrim o‘zlashma atamalar o‘rniga yangilarini taklif qilish, ko‘chalar, geografik obyektlar nomlarini o‘zbek tiliga o‘tkazish ishlariga kirishildi.

 – Oradan o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tibdi: qo‘lga kiritgan natijalarimiz quvonarlimi?

– Afsuski, bu davr oralig‘ida o‘zbek tili o‘zining davlat tili sifatidagi maqomini to‘la egallay oldi, deya olmaymiz. Yaʼni ish yuritishni davlat tiliga to‘laqonli o‘tkazish vazifasi uddalanmadi. Buning natijasida keyingi yillarda o‘zbek tili taʼlimi, o‘zbek tilida ish yuritish, nomlash ishlari, atamalardan foydalanish masalalarida ko‘plab muammolar paydo bo‘la boshladi. Maʼlum bo‘ldiki, birgina “Davlat tili haqida”gi Qonun bilan mavjud muammolarni hal qilib bo‘lmas ekan.

Ana shu muammolarning yechimi o‘laroq Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 21-oktabr kuni – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy Farmon imzolandi. Mazkur hujjat mamlakatda davlat tilini rivojlantirish ishlarining yanada jonlanishiga asos bo‘ldi.

Farmonda belgilangan vazifalar doirasida yana bir muhim qadam – Vazirlar Mahkamasida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining tashkil etilgani bo‘ldi. Departament mamlakatda davlat tilini rivojlantirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish masalalari bilan shug‘ullanib kelmoqda. O‘tgan qisqa davr mobaynida tuzilmaning tashabbusi va bevosita ishtirokida o‘zbek tilini ona tili va davlat tili sifatida rivojlantirish, mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosda uning nufuzini oshirish borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi.

– Masalan, qanday ishlar?

– Masalan, qonun hujjatlarini takomillashtirish yo‘nalishda 1989-yildan 2019-yilgacha bor-yo‘g‘i bitta qonun asosida faoliyat yuritib kelgan bo‘lsak, o‘tgan ikki yil mobaynida davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan jami 19 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat, jumladan, 1 ta Qonun, O‘zbekiston Prezidentining 2 ta farmoni va 3 ta qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 13 ta qarori qabul qilindi. Mazkur meʼyoriy hujjatlar asosida mamlakatda davlat tilida ish yuritishni tartibga solish imkoniyati paydo bo‘ldi, har bir tizimda o‘zbek tilining nufuzini oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha rahbar maslahatchisi, bir so‘z bilan aytganda, nazoratchi, davlat tilida ish yuritish ishlariga masʼul belgilandi.

Maslahatchilarning saʼy-harakati bilan bugun vazirlik va idoralarda hujjatlar davlat tilida yuritilmoqda. Shuningdek, har bir tashkilotda davlat tilini bilmaydigan boshqa millat vakillariga o‘zbek tilini o‘rganish uchun qulay sharoitlar yaratib berilmoqda.

Til siyosatini qo‘llab-quvvatlash, istiqboldagi vazifalarni belgilab olish maqsadida “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son Farmon, 2020 – 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi, shuningdek, uni amalga oshirish dasturlari tasdiqlandi va bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etib borilmoqda.

Mazkur Konsepsiya va uning amalga oshirish dasturi keyingi o‘n yillikda mamlakatda til siyosati qanday bo‘lishi, o‘zbek tilini ilmiy rivojlantirish, sohaviy terminologiyani takomillashtirish, hali amaliyotda bo‘lmagan o‘quv lug‘atlarini yaratish va uzluksiz taʼlim tizimida davlat tili taʼlimi samaradorligiga hissa qo‘shishni ko‘zda tutadi.

O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Shu asosda keyingi yildan boshlab o‘zbek tilini rivojlantirishga zamonaviy yondashuvni kuchaytiramiz. Bugun jamiyatimiz aʼzolari barcha sohada tezkorlik va qulaylikni afzal bilmoqda. Kitob shaklidagi lug‘atlarning ham o‘ziga xos alohida o‘rni bor, ammo davr barcha sohada elektronlashishni talab qilmoqda, shuning uchun 2022-yildan boshlab o‘zbek tilining milliy korpusini yaratish, tilning internetdagi elektron platformasini yaratish ishlariga alohida eʼtibor beriladi.

O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi ham katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Endi bu kunda nafaqat taʼlim muassasalari, balki oilalarda, mahallalar, tizim tashkilotlarida o‘zbek tili bayrami ommaviy nishonlanadi. Xalq orasida ona tilimizning obro‘si yuksalib boradi, milliy qadriyatga aylanadi.

 – Darvoqe, Vazirlar Mahkamasining “Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 52-son qarori mohiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tsangiz...

– Maʼlumki, davlat tiliga eʼtibor har bir tizimda uning rahbaridan boshlanadi. Agar tashkilot rahbari ona tilini qadrlasa, davlat tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘la olsa, tizimda davlat tilida ish yuritish, o‘z-o‘zidan rivojlanib boraveradi. Rahbar davlat tilini talab darajasida bilmasa, jamoada tilga munosabat shunga yarasha bo‘ladi.

Shu maʼnoda Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori asosida yangi tayinlanadigan har bir rahbar kadr davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatiga ega bo‘lishi shart ekanligi belgilab qo‘yildi. Bu – kelgusida jamiyatimizning barcha sohalarida o‘zbek tilining mavqeini oshiradi, davlat tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va ehtiyojni paydo qiladi.

Har bir xalq hayotida yozuv katta ahamiyatga ega bo‘lgani bois, tilimizni ifodalab beruvchi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlari bo‘yicha ham qaror qabul qilinganidan xabadorsiz.

 – Bunga qanday ehtiyoj bor edi?

– Maʼlumki, lotin alifbosi o‘zbek tiliga xos bo‘lgan ko‘plab tovushlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalay oladi. Bu alifbodan bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarning o‘ttiz foizi foydalanadi. Shu maʼnoda, lotin alifbosi jahoniy taraqqiyot, texnika va internet tilini ifodalab turgani bilan ham ahamiyatli.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga ayrim o‘zgarishlar kiritilishi ham ijtimoiy zaruratdan kelib chiqdi. O‘zingiz bilasiz, bugungi davr shiddat bilan ishlash, tezkor faoliyat yuritishni talab qiladi. Tilni kompyuter texnologiyalari bilan integratsiya qilish jarayoni ayrim harflarning yozilishida noqulayliklar, ortiqcha vaqt sarflanishiga olib kelayotganini ko‘rsatmoqda. Albatta, alifbo va imlo masalalarini isloh qilishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, shu sababli u  olimlar va jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda, takliflar o‘rganilmoqda.

– Davlat tilining obro‘sini oshirish uchun nom berish masalalariga ham alohida eʼtibor berish lozim, shunday emasmi?

– Gapingiz to‘g‘ri. Bugun respublikamizning deyarli barcha hududlarida maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlariga qo‘yilgan nomlarni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Shu maʼnoda hukumatimiz tomonidan imzolangan “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror bu boradagi ishlarni tizimli tashkil qilishga sharoit yaratib berdi.

Shuningdek, o‘zbek tilining nufuzini oshirish uchun tilimizda faol qo‘llanuvchi atamalarni ham qayta ko‘rib chiqish, imkon qadar o‘zlashma atamalarni o‘zbekcha muqobillari bilan almashtirish va muomalaga kiritish masalalarini tizimli tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamalar komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligini alohida taʼkidlash lozim. Tilimiz sofligini taʼminlash, milliy o‘ziga xoslikni avaylab-asrash uchun bu nihoyatda zarur.

Shaharu qishloqlarimiz, aholi gavjum manzillar hamda mamlakatimiz qon tomiri bo‘lgan yo‘llar bo‘yida barpo etilgan targ‘ibot qurilmalaridagi yozuvlarni tartibga solish ham asosiy masalalarimizdan hisoblanadi.

 O‘tgan davr mobaynidagi o‘rganishlar natijasida mavjud tashqi yozuvlarning 32 359 tasi o‘zgartirilishi lozim ekani aniqlandi. Ularning 22 742 tasi (70,3%) xorijiy tilda yozilgan, 9 617 tasi (29,7 %) imlo xato bilan yozilgan tashqi yozuvlardir.

Olib borilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida 20 063 ta yoki 62% tashqi yozuvlarni o‘zgartirishga erishildi. Ularning 13 953 tasi (69,5%) xorijiy tilda va 6 110 tasi (30,5 %) davlat tilida imlo xatolar bilan yozilgan. Xorijiy tilda yozilgan 5 025 ta (25%) peshlavha, 4 899 ta (24,4%) reklama, 4 029 ta (20,1%) boshqa eʼlon va axborot matnlari davlat tilida yozilishi taʼminlandi. Davlat tilida imlo xato bilan yozilgan 1 998 ta (10%) peshlavha, 1 826 ta (9,1%) reklama, 2 286 ta (11,4%) boshqa eʼlon va axborot matnlaridagi xatolar to‘g‘rilandi.

Shuningdek, 2021 yilning 9 oyida geografik obyektlarga nom berish
va ularni qayta nomlash to‘g‘risidagi takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish bo‘yicha Kadastr agentligining ekspert komissiyasiga 16 227 ta nom ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etildi. Shundan 13 165 ta geografik obyekt nomlariga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy ekspert xulosalari berilishi taʼminlandi. 3 062 ta nom qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiq deb topilib, qayta ko‘rib chiqish uchun hududiy komissiyalarga qaytarildi.

Viloyat, tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan 15 062 ta nom o‘rganib chiqildi. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lgan 12 250 ta nom belgilangan tartibda Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri bazasiga kiritildi.

Hozirga qadar davlat reyestrida 120 880 ta geografik obyekt nomlari jamlangan. Ularning 2 861 tasi maʼmuriy-hududiy birliklar nomi, 110 356 tasi aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari, 1 707 tasi transport va muhandislik-texnik infratuzilma obyektlari, 5 956 tasi esa tabiiy obyektlar nomi sanaladi.

 – Aholi o‘rtasida tilni targ‘ib qilishning eng yaxshi usuli undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish hisoblanadi, shunday emasmi?

– Fikringizga qo‘shilaman. Bu borada Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashabbusi bilan qabul qilingan bir qator meʼyoriy hujjatlar qatorida “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman. Bu mamlakatimizda o‘zbek tilini targ‘ib qilish, aholi orasida rasmiy tilning maqomini oshirish, davlat tilida ish yuritish ishlarini takomillashtirishga xizmat qiladigan hujjatdir.

Boshqa millat vakillari uchun o‘qishga va ishga kirishda muayyan qulayliklar yaratiladi. Tashkil etilgan malaka oshirish markazlarida o‘qib, tegishli daraja sertifikatini qo‘lga kiritgach, har bir tashkilotda o‘zbek tilidan o‘z bilim darajasini amalda isbotlash uchun har safar sinovdan yoki suhbatdan o‘tishga zarurat bo‘lmaydi.

Til o‘qitishning xorijiy tajribasiga tayangan holda o‘zbek tilini ona tili va davlat tili sifatida o‘qitishning zamonaviy metodikasini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori eʼlon qilindi. Mazkur hujjat o‘zbek tilining davlat tili sifatida o‘qitilish mazmunini zamon talablariga moslashtirish imkonini beradi.

Buning afzalligi shundaki, kelgusida umumtaʼlim maktabini bitirgan o‘quvchi o‘zbek tili bo‘yicha egallagan ko‘nikma va malakasi bo‘yicha testdan o‘tgach, tegishli sertifikat bilan oliy taʼlim muassasasiga mazkur fan bo‘yicha imtihonsiz qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Departament tomonidan “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasining yangi tahriri hamda ushbu qonun qabul qilinishi munosabat bilan ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihalari tayyorlandi. Hozirgi kunda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishga qaratilgan o‘nga yaqin normativ-huquqiy hujjat loyihasi  ishlab chiqilmoqda. Departament tomonidan davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosi uzluksiz monitoring qilib boriladi.

 Davlat tilini o‘qitish va malaka oshirish bo‘yicha ham keng qamrovli amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘limlarida davlat organlari
va tashkilotlaridan  5 507 nafar, aholidan – 50, o‘zga millat vakillaridan – 93, xorijlik fuqarolardan  66 nafar tinglovchi o‘zbek tilini bilish va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshirdi.

O‘zbek tilini o‘rganishga nafaqat mamlakatimiz aholisi tomonidan, balki jahon miqyosida ham talab ortib bormoqda. Jumladan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida tashkil etilgan markazda tahsil olgan 66 nafar  xorijlik tinglovchining 30 nafari Afg‘oniston, 24 nafari Turkiya, 3 nafari Janubiy Koreya fuqarosi. Shuningdek, 2 nafardan AQSH va Rossiya, 1 nafardan Fransiya, Italiya, Janubiy Afrika, Yaponiya va Turkmaniston fuqarosi taʼlim oldi. Bu raqamlar kun sayin o‘sib borayotgani o‘zbek tilining dunyo miqyosidagi nufuzi sekin-asta oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Mamlakatimiz Prezidentining o‘zbek tilini ilmiy jihatdan rivojlantirish, uning nufuzini oshirish, til siyosatini takomillashtirishga doir farmonida muhim vazifalar qo‘yilgan. Ularni amalga oshirish uchun moddiy jihatdan shart-sharoit zarur edi. Hukumatimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi muammolarni hal etishda muhim omil bo‘ldi. Bugun mazkur jamg‘arma mablag‘lari o‘zbek tilini rivojlantirishga doir, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalar, jamiyat uchun zarur bo‘lgan turli sohalarga doir lug‘atlar, qo‘llanmalar, darsliklarni chop etish, o‘zbek tilining mahalliy va xalqaro targ‘ibotiga yo‘naltirilmoqda.

Departament tashabbusi bilan respublika olimlari hamkorligida sohaviy terminologiyani rivojlantirish bo‘yicha “Xalqaro atama elementlarning izohli-illyustrativ lug‘ati”, “Ijtimoiy-siyosiy atamalarning izohli lug‘ati” “Yuridik terminlarning ruscha-o‘zbekcha lug‘ati”, “O‘zbek tili meʼyorlari – Punktuatsiya” ilmiy-ommabop o‘quv qo‘llanmasi, “Bank-moliya terminlarining izohli lug‘ati”, “O‘zbek harbiy terminologiyasi” o‘quv qo‘llanmasi kabi kitoblar ham chop etildi.

Shuningdek, o‘zbek tilini kompyuter texnologiyalari bilan integratsiya qilish borasida “O‘zbek tilining milliy korpusini yaratish”, “O‘zbek tili o‘quv lug‘atlarining elektron platformasini yaratish” kabi ilmiy-amaliy loyihalar bajarilmoqda.

O‘zbek adabiy tilining asoschisi, tilimiz va adabiyotimiz, shuningdek, maʼnaviyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan donishmand shoir merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi. Qaror ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan anʼanaviy respublika konferensiyasi, Samarqand davlat universitetida Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Alisher Navoiy dunyo sharqshunoslari nigohida” mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi.

O‘zbek tilida ijod qilish, o‘z iqtidorini ona tili imkoniyatlaridan foydalanib namoyish qilish, tilimiz jozibasini ko‘rsatish bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilib borilmoqda. Xususan, respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘rtasida ilk bor “Ilhom” mukofoti tanlovi o‘tkazildi. Ushbu tanlovning Respublika bosqichi uchun 82 ta oliy taʼlim muassasasidan 182 ta ijodiy ish qabul qilindi. Shundan 3 ta asosiy va 6 ta rag‘batlantiruvchi mukofot uchun g‘oliblar saralandi. Bunday tanlovlar orqali yosh avlodda ona tiliga hurmat, badiiy adabiyotga havas, iqtidorni oshirib borishga rag‘bat shakllanadi.

Departament tashabbusi bilan tashkil qilinayotgan nufuzli tanlovlardan yana biri – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, o‘zbek tilining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda to‘laqonli joriy etilishi hamda faol qo‘llanishini rag‘batlantirishga qaratilgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” respublika tanlovidir. Unda departament tashkil etilgandan buyon respublika miqyosida tizimli amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinadi. Eng yaxshi tizim, hudud va ilmiy tadqiqotlar saralab olinadi. Shu maʼnoda “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi tizim”, “Davlat tilida ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan eng yaxshi hudud” va “O‘zbek tilini rivojlantirishga doir eng yaxshi ilmiy-amaliy loyiha”, shuningdek, xalq taʼlimi tizimi xodimlari uchun “Eng yaxshi o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilmoqda.

 – Til siyosati nafaqat ichki, balki mamlakat tashqarisida, yaʼni xalqaro miqyosda ham chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Bu boradagi vaziyatga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz...

– Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy maqbarasidagi qurilish va taʼmirlash ishlari bo‘yicha Ishchi loyiha tayyorlanib, afg‘onistonlik mutaxassislar bilan kelishishga erishildi. Yaqin vaqt ichida qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha zarur choralar qo‘rilmoqda.

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyni yurtimiz va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi.

Yetakchi xorijiy ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxati shakllantirildi hamda ularning foydalanuvchilari haqidagi maʼlumotlar tayyorlandi. Jumladan, kompyuter tillari tarkibiga o‘zbek tilini qo‘shish maqsadga muvofiq deb hisoblangan ijtimoiy tarmoqlar maʼmuriyatlari bilan muzokaralar olib borildi. Natijada foydalanuvchilari soni 500 million nafarni tashkil etuvchi “Likee” ijtimoiy tarmog‘ining interfeysiga o‘zbek tili kiritildi.

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning madaniy va til o‘zligini, ularning milliy anʼana va qadriyatlar bilan uzviyligini saqlab qolish maqsadida yurtdoshlar.uz sayti ishga tushirildi.

Shu o‘rinda alohida taʼkidlash lozimki, mamlakat Prezidenti xalqaro minbarlarda o‘zbek tilida chiqish qilib, davlat tilimiz nufuzini oshirishda shaxsiy namuna ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun vazirlik, korxona va tashkilotlarimiz rahabarlari ham o‘z tizimlarida ona tilimizga katta eʼtibor qaratib, ish yuritish, targ‘ibot va tashviqot qilish, ilmiy rivojlantirish ishlariga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti uning tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur” degan purhikmat so‘zlari zamirida ayni haqiqat yotganini bugun har qachongidan ham yaxshi anglab turibmiz.


“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Nodir MAHMUDOV suhbatlashdi

21.10.2021 751