"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Belgiyada o‘zbek tili kurslari tashkil etiladi

Mamlakatimizning Belgiyadagi elchixonasida xorijdagi vatandoshlar farzandlariga hamda chet ellik o‘zbek tili ixlosmandlari uchun onlayn va offlayn shakllarda o‘quv kurslarini tashkil etishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston turizm va sport vazirligi delegatsiyasi, Belgiya va Niderlandiyada istiqomat qiladigan vatandoshlar, o‘zbekistonlik talabalar hamda chet ellik til ixlosmandlari qatnashdi.

Yig‘ilganlarga bugungi kunda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashadiganlar soni 50 milliondan oshiq ekani va 65 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasida o‘zbek tili o‘qitilayotgani aytildi. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash hamda ona tilimizni chet elda keng targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar yuzasidan maʼlumot berildi.

Davra suhbati doirasida «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» kitobining  taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu lug‘at O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan tayyorlangani va mazkur lug‘atni yaratish bo‘yicha olib borilgan izlanishlar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, kelgusida xorijiy mamlakatlarda ham o‘zbek tilining maqomini yuksaltirishda ushbu manbaning muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Tadbirda qatnashgan diaspora vakillari tomonidan o‘zbek tilini xorijdagi vatandoshlarning farzandlari va ushbu tilga qiziqish bildirgan chet elliklar orasida o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, Niderlandiyada yashovchi vatandosh, Zulfiya nomidagi davlat mukofotining sovrindori Gulbahor Jalilova o‘n yildan buyon xorijda oilasi bilan yashayotganligi, o‘zbek oilalarining farzandlarida o‘z ona tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kattaligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, u o‘zi yashayotgan shaharda onlayn shakldagi kurslarni tashkillashtirishni etishni taklif qilib, buning uchun tegishli o‘quv qo‘llanmalar bilan taʼminlashda yordam berishni so‘radi.

Norasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, Niderlandiyada uch mingga yaqin, Belgiyada esa ikki mingdan ortiq o‘zbekistonliklar doimiy va vaqtincha yashaydi.

Uchrashuvda faol vatandoshlarimiz xorijliklar orasida ham o‘zbek tilini o‘rganuvchilar borligini, ammo tilimizni o‘rgatadigan kurslar yo‘qligi, shu sababli elchixonada va xorijiy universitetlar kutubxonalarida o‘zbek tili burchaklari va o‘zbek tili kurslarini tashkil qilishni faollashtirish lozimligiga eʼtibor qaratdi. Ular dastlabki bosqichda Belgiyaning Bryussel va Gent, Niderlandiyaning Eyndxoven va Rotterdam shaharlari yoki unga qo‘shni bo‘lgan hududlardagi maktab yoki oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili, tarixi va madaniyatini o‘qitish markazini ochishni taklif qildi va ushbu masalani amalga oshirishda o‘zlarining barcha say-harakatlarini ishga solishga tayyorligini bildirdi.

Diplomatik vakolatxona konsullik okrugidagi davlatlarda o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, uning xalqaro maqomini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasidagi ishlarni izchil davom ettiradi. Xusuan, Niderlandiyaning Leyden universiteti doktoranti, turkiy tillar bo‘yicha mutaxassis Nikolas Kontovas, universitet aspiranti Matte Monster o‘zbek tili bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Daniyaning «North Zealand International School» xalqaro maktabida o‘zbek tili kursi tashkil qilingan. Ushbu mamlakatning Orxus shahrida yashaydigan o‘zbek diaspora vakillari o‘z oilalari uchun turli o‘quv kurslar faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

 

“Dunyo” AA

10.11.2021 482