"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Sankt-Peterburgda Alisher Navoiy yubileyi munosabati bilan Navoiyxonlik kechasi o‘tkazildi

Sankt-Peterburgda Alisher Navoiy yubileyi munosabati bilan Navoiyxonlik kechasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, O‘zbekistonda va xorijda bir qator tadbirlar, ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tashabbusi, Davlat Ermitaji va Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti ko‘magida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan Navoiyxonlik kechasi tashkil etildi. 

Hazrat Navoiyning 580 yilligi hamda qamal davrida o‘tkazilgan adabiy anjumanga 80 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirda o‘zbekistonlik va rossiyalik olimlar buyuk mutafakkir hayoti va ijodi yuzasidan yangi tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy munozaralar olib boriladi. Shoir g‘azallariga bag‘ishlangan qo‘shiqlar ijro etildi. 


Shuningdek, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti fondlari va Rossiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Navoiyning noyob qo‘lyozmalari ko‘rgazmasi, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumiga oid kitob-albomlarning taqdimoti o‘tkaziladi. Tadbirlar Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti va Ermitaj teatrida bo‘lib o‘tdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qarorni imzolagan edi. Mazkur ilmiy-badiiy kechaning qayta tiklanishi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusning xalqaro ilmiy va madaniy hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini anglatadi. Qamaldagi Leningradda Navoiyxonlik kechalarining o‘tkazilganligi buyuk shoir tarannum etgan tinchlik va insonparvarlik g‘oyalariga yuksak sadoqat ramzidir. Butunjahon jamiyati nomidan Davlat Ermitaji va Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti rahbariyati va jamoasiga, shuningdek, O‘zbekiston hukumati va Eriell Group va Enter Engeneering kompaniyalariga ushbu muhim tarixiy tadbirni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildiraman, - deya fikr bildirdi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov.

Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova 80 yil avval Leningradda Navoiyxonlik kechalari qanday o‘tkazilgani haqida ma’lumot berdi. Badiiy kechada taniqli fan va madaniyat arboblari – akademik Orbeli va professor Bertols, Boris Piotrovskiy, Vsevolod Rojdestvenskiy, Nikolay Lebedev va boshqalar ishtirok etishgan. Irina Fedorovna o‘z ma’ruzasida ushbu tarixiy badiiy kechalarni yakunlagan akademik Orbelining so‘zlaridan iqtibos keltirdi: "Biz albatta g‘alaba qozonamiz, so‘ngra yubileyni ulug‘vor va tantanali ravishda nishonlaymiz. Umid qilamanki, nemis to‘plari jo‘rligida o‘tayotgan ushbu uchrashuv barchaning xotirasida qoladi. Nima bo‘lganda ham, she’riyat yashaydi va g‘alaba qozonadi. Keling, uning jozibali dunyosiga sho‘ng‘iymiz ...".

Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov, Davlat Ermitaji direktori Mixail Piotrovskiy, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti rektori Shuhrat Sirojiddinov, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti direktori Irina Popova, navoiyshunos Sultonmurod Olim kabi taniqli olimlar, shoirlar, navoiyshunoslar ishtirok etdilar.

 

@AsanovEldar
13.12.2021 559