"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

«Davlat tilida ish yuritish» uslubiy qo‘llanmasi qoraqalpoq tilida chop etildi

Joriy yilning 18-yanvar kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida keng jamoatchilik ishtirokida yangidan nashr qilingan qoraqalpoq tilidagi «Mámleketlik tilde is júrgiziw» (davlat tilida ish yuritish) uslubiy qo‘llanmasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining maslahatchisi – Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti boshlig‘i P.Dabılov boshqarib bordi.

Taqdimotda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori A.Eminov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov, ushbu markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i F.Babadjanov hamda boshqalar nutq so‘zlab, ushbu kitobning mazmun-mohiyati haqida aytib o‘tdilar va kitob to‘g‘risida ma’lumotlar berdilar.

Atab o‘tadigan bo‘lsak, davlat tilining rivojlanishida asosiy masalalarning biri – ish yuritish tizimini to‘liq davlat tiliga o‘tkazishdan iborat. Bunda har bir soha bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqarish hamda ularni ko‘p nusxada nashrdan chiqarish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri.

Ushbu qo‘llanmada hokimliklar, korxona va tashkilotlarning ish yuritish tizimida eng ko‘p qo‘llaniladigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalari o‘rin olgan hamda tegishli namunalar bilan ko‘rsatilgan. Qo‘llanma birinchi navbatda, korxona va tashkilot rahbarlari va xodimlarning boshqarish faoliyatida bevosita hujjatlar bilan shug‘ullanuvchilar, kotib-referentlar, kadrlar ishi xodimlariga mo‘ljallangan. Shuning bilan birga, kitobdan hisobchilar, maslahatchilar, auditorlar, menejerlar ham foydalanishi mumkin.

Har bir fuqaro va har bir shaxs qaysi lavozimda ishlashidan qat’iy nazar kundalik hayotimizda biron bir tashkilotga yozma ravishda, ariza va tilxat yozishga to‘g‘ri keladi. Korxona va tashkilotlarning faoliyati ham ish yuritish qog‘ozlarisiz bo‘lmaydi-deydi F.Babadjanov. Ushbu kitobning qoraqalpoq tilida chiqarilishi, respublikamizdagi korxona, tashkilotlardagi ish yuritish qog‘ozlarining belgilangan tartibda, qoidalarga muvofiq tayyorlanishi, xatosiz yozish, shuning bilan birga, qoraqalpoq tilining sofligini saqlash uchun katta ahamiyatga ega.

Ushbu qo‘llanmada tashkilot va muassasalarning ish yuritish tashkiliy hujjatlari, ma’lumot va xabar hujjatlari, rasmiy xatlar, xodimlarning ishiga bog‘liq hujjatlar, hujjat bilan ishlash tartibi, ish yuritish nomlari hamda ish yuritishda unumli qo‘llaniladigan so‘zlarning qoraqalpoqcha-o‘zbekcha-ruscha so‘zligi, qoraqalpoq tilining orfografik qoidalari va boshqa bo‘limlarga bo‘lingan bo‘lib, kerakli ma’lumotlarni o‘z iсhiga qamrab olgan.

Taqdimot ishtirokchilari «Mámleketlik tilde is júrgiziw» kitobi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib,  savollariga javob oldilar.


P.Dabılov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

 Raisining maslahatchisi – Vazirlar Kengashi

huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti boshlig‘i

 

 

19.01.2022 440