"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Prezident qarori: “Zakovat”ning respublika bosqichi gʻoliblarini rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi

Prezident qarori: “Zakovat”ning respublika bosqichi gʻoliblarini rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarorni imzoladi. Bu haqida Prezident matbuot kotibi maʼlum qildi.

Qarorga koʻra,

— Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga “Zakovat” intellektual oʻyini va boshqa intellektual oʻyinlarni tizimli ravishda rivojlantirishga doir vazifalar yuklandi;

— 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib boʻlgan oʻquvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasi joriy etiladi;

— 2022-yildan boshlab, bosqichma-bosqich umumiy oʻrta, Prezident, oʻrta maxsus va professional hamda oliy taʼlim muassasalarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida intellektual oʻyinlar jamoalari uchun alohida xonalar tashkil etiladi;

— 2022-yildan boshlab har yili talabalar oʻrtasida Intellektual olimpiada tashkil qilinadi. Unda umumjamoa hisobida dastlabki uchta oʻrinni qoʻlga kiritgan oliy taʼlim muassasasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasi topshiriladi;

— intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib va sovrindor boʻlgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda OTM talabalari taʼlimning keyingi bosqichiga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;

— taʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori boʻlgan professor-oʻqituvchilarga mehnatga haq toʻlash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama toʻlab beriladi;

— 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili aprel oyida “Intellektual haftalik” tadbiri oʻtkazib boriladi;

— yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularga motivatsiya berish maqsadida mashhur olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar tashkil etib boriladi;

— “Zakovat” va boshqa intellektual oʻyinlarining hududiy va respublika bosqichi gʻoliblarini oʻz mutaxassisligi boʻyicha kadrlar zaxirasiga olish hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

— Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da mavsumiy ishlaydigan “Intellektual maktab” loyihasi yoʻlga qoʻyiladi;

— “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”ga tutash hududda “Zakovat intellektual oʻyinlari klubi” uchun alohida bino hamda “Intellektual oʻyinlar shaharchasi” barpo etiladi. Mazkur binolar Yoshlar ishlari agentligining balansida boʻladi;

— intellektual turnirlar tashkil qilish, bilimdon yoshlarni ragʻbatlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil oʻyinlarni yaratgan dasturchilarga grant va subsidiyalar ajratish maqsadida 2022-yilda 50 mlrd soʻm miqdorida, keyingi yillarda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladi.

20.01.2022 453