"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

GʻAZAL MAVJLARI

Gʻazal xalqimizning ongi va qalbiga shunchalik singib ketganki, ashulani ham, sheʼrni ham gʻazal deydi, qoʻshiqchini esa gʻazalxon. “Qani, bitta gʻazal oʻqib bering-chi” – deyishadi. Bunda qoʻshiq aytib berish ham, sheʼr oʻqish ham tushuniladi.

Xalqimizning gʻazalga boʻlgan muhabbati hech qachon susaymaganini barmoq vazni oʻzbek sheʼriyatining asosiy vazniga aylanganida ham gʻazalnavislik anʼanasi davom etganida koʻrish mumkin. Barhayot anʼanalar va  umrboqiy qadriyatlar qayta tiklangan mustaqillik davrida esa asrlar davomida sheʼriyatimizning yetakchi vazni boʻlib kelgan aruzga eʼtibor ham yanada kuchaydi va yosh qalamkashlar misolida gʻazalnavislar safi kengaydi. Bu koʻhna va mashhur janrda ijod qilayotgan turli avlod vakillari ijodidan dastalangan “Gʻazal gʻizoli” (Toshkent: “Adabiyot” nashriyoti, 2021. – 208 bet) toʻplami buning yorqin dalilidir.

Toʻplamga hozirgi kunda ijod qilayotgan oʻttiz toʻqqiz nafar gʻazalnavis shoir ijodidan namunalar kiritilgan. Ular orasida ijodda katta tajriba toʻplagan taniqli shoirlar ham, adabiy jarayonning qiyofasini belgilayotgan oʻrta yoshlilar ham, sheʼriyat eshigini endi qoqayotgan navqiron qalamkashlar ham bor.

Jamol Kamolning “Koʻzgu”, “Yolgʻon gapirmaslik”, Saʼdulla Hakimning “Boʻlmagay”, “Oʻzbekistonim mening”, Sultonmurod Olimning “Jazba”, “Qor, quyosh”, “Xilvatnishinlik”, Mirzo Kenjabekning “Ibodat”, “Mavlono”, Sirojiddin Sayyidning “Kuydim”, “Tiriklik maktabida”, Zikrilla Neʼmatning “Borgay”, “Koʻngil soʻrang”, Jaʼfar Muhammadning “Ishq”, “Bahor qasidasi”, Shodmon Sulaymonning “Mavzun duo”, Rustam Mirvohidning “Ayni dam”, “Shomu shamʼ” kabi zamonaviy gʻazalchilikning qiyofasini belgilaydigan badiiy barkamol gʻazallari ushbu toʻplamning saviyasini koʻtarib turibdi. Chunonchi, zabardasi gʻazalnavislardan boʻlmish Jamol Kamol “Koʻzgu” nomli gʻazalidagi mana bu baytida: “Sevgilimning beqiyos jamoli bagʻrimda jilolanishi uchun bir kuni koʻzguga aylanishni xohlayman, deya ohorli tashbeh vositasida nozik lutf qildi:

Murodim ulki, men ham bir kuni koʻzguga aylansam,

Nigorim jilvasi to solsa bagʻrimga jilo, koʻzgu.

Sultonmurod Olim esa shoirlik yoʻlidagi orzusini mana bunday betakror tasvir rishtasiga tortadi:

Shamol tezligida qayrab qalamni,

Kalom dengizida kemam yurutsam.

Boqiy Mirzo esa “Yor koʻzlarini koʻrganimda unga jo boʻlib ketgim keladi-yu, lekin kipriklari yoʻlimni toʻsib, bunga yoʻl qoʻymaydi”,  –  deya oʻziga xos tashbeh kashf etadi:

Koʻzlarin koʻrgach, koʻziga singimoq orzum edi,

Nayzadek kipriklari lekin unga poyloqchidir.

Mirzo Kenjabekning allaqachon oʻz muxlislarini topgan “Ibodat” nomli gʻazali dasturiy xarakterga ega boʻlib, unda nazmiy talqinda islomiy ibodatning mazmun-mohiyati ochib beriladi, shaklu koʻrinishlari izohlanadi. Gʻazalni mutolaa qilar ekan, ibodatning mundarijasi biz oʻylagandan koʻra ancha kengligini idrok etasiz. Bu moʻminning maʼrifatini oshiradigan, dunyoqarashini kengaytiradigan gʻazal. Unga koʻra, Yaratganganga itoatgina emas, balki muhabbat ham, sadoqat ham, maʼrifat ham, ziyorat ham, koʻngilni poklash ham, halol mehnat ham, haqiqat ham, ogohlik ham, egu niyat ham ibodat hisoblanadi.

Mudom Allohni zikr etsang,

halol boriga shukr etsang,

Qiyomat kunin zikr etsang,

tijorat ham ibodatdir...

 

Ibodatdir – biror zolim,

jafokorga desang haq soʻz,

Va nodonga sukut qilsang,

sukunat ham ibodatdir.

Ona haqida yozilmagan gap, aytilmagan fikr, kashf etilmagan tashbeh qolmaganday. Lekin Sirojiddin Sayyid mushtipar ona yuziga mashaqqatli yillar solgan ajinlardan sheʼrlarimga qanchalar vaznu turoq oldim deyish bilan hech kimning xayoliga kelmagan betakror tashbeh ijod qiladi:

Yuzingizda ajinlar

yillaringizdan ariqlardir,

Alardin sheʼrlarimga

qanchalar vaznu turoq oldim.

Jaʼfar Muhammad oʻzbek va tojik tillarida birday mahorat bilan qalam tebratib kelayotgan mohir zullisonayn shoirlardan. U Sharq mumtoz adabiyotini, aruz nazariyasni, badiiyat qonuniyatlarini juda chuqur biladi. Shuning uchun ham uning gʻazallari janrning mukammal namunalaridan hisoblanadi. Shoir gʻazallari tutilmagan timsolu tashbehlarga boyligi bilan oʻziga xos joziba kasb etadi. Masalan:

Koʻzlarimdan uyqularni tera-tera shodaday,

Subhidam boʻyniga aylar halqai marjona Ishq.

Toʻplamning nomini “Gʻazal gʻizoli”. Bu  “Gʻazal ohusi” degani. Lekin bu ohuni hamma ham oʻziga rom qilolmagani gʻazallar mutolaasidan maʼlum boʻladi. Koʻp gʻazalnavislarning oʻz uslubi, oʻz ovozi yoʻqligi, gʻazallarida yangi fikr va ohorli tashbehlar uchramasligini koʻramiz va atoqli shoirimiz Rauf Parfining quyidagi ogohlantiruvchi satrlari esimizga tushadi:

Shoir, Soʻz aytmakka sen shoshma faqat

Ulugʻ Alisherning qutlugʻ tilinda.

Toʻplam may, mayxona, soqiy, zohid, singan sopol, fano dashti, obi hayvon, jomi jam, lomakon, aloyiq,  tavhid, mosivalloh, piri mugʻon, tajalliy, dashti adam, rohi junun, mabdai nur kabi irfoniy istilohlar asosida yozilgan gʻazallar mumtoz shoirlarga taqliddan boshqa narsa emas. Yoki paykon, kavnayn, novak, lojaram, bolu par, poʻya, shikan, dahri dun, kavkabi sayyora, hubob, havro, barq, shikva, xuld, jinon, sahbo, ochun, sharor, roʻyi zard, huvaydo, jola, duto, uzor, arjumand, kibar, sigʻar, favoyid, tah-batah, obi salsabil, tiyrandoz, abr, abroʻ, asru, bahr, nahr, sarafroz, sogʻar, shabi yaldo, dahri dun, bebok, ilik, volo, fiol, uchmox, roʻzu shab, torikiston, partav, xurshid, shams, qamar, mulavvan, muknat, payom, xazro, humro, xoma, zavlon, nosih, muztarib, kisvat, mujallo, tajallo, sabzazor, durri xushob, durri yakto, gardun, uryon, gʻammoz, ogʻoz, anjom, shabob, ofoq, tazvir, kohi jovidon, rishva, axtar, sahob kabi hozirgi oʻquvchi tushunmaydigan arabiy-forsiy soʻz va iboralarni qatorlashtirishdan nima naf? Arab va fors soʻzlarini faol qoʻllash orqali oliftalik qilish emas, yangi gap aytish, ohorli timsoli tashbehlar topish kerak. Yoki oʻlgʻon, qolgʻon, ochqon, qochgʻon, alar, erur, sori, anda, oʻlmoq (boʻlmoq maʼnosida)  kabi soʻzlarni atay zoʻrlab tiqishtirishni hozirgi oʻquvchi qabul qilmaydi. Misol uchun, mana bu baytlarda nima yangilik bor:

Chashmi gavhardin tiniqdur, nuri axtardin yorugʻ,

Mulki dil durri xushobinda mutarro istaram.

Yoki:

Ajab rangin nisoringdin mulavvan boʻldi bu olam,

Gul eksak bargu xazro gʻunchai hamroda kelgansan.

Toʻplamdan oʻrin olgan gʻazallarda mazmun va shakl yakrangligi koʻzga tashlanadi. Mazmun jihatidan ular asosan ishqu muhabbat mavzuida boʻlsa, shaklan deyarli hazaj va ramal bahrida. Toʻplamdan oʻrin olgan gʻazallar asosan shu ikki bahrdan hosil boʻlgan hazaji musammani solim, ramali musammani maqsur, shuningdek hazaji musaddasi solim va ramali musaddasi maqsurda bitilgan. Keng qoʻllanilishi jihatidan bu vaznlar aruzning turkiy vaznlari ham deyiladi. Hatto aruz bilimdoni sifatida tanilgan J.Muhammadning toʻplamga kiritilgan gʻazallari ham ramal va hazajda.

 Ayni paytda rukn bilan turoqni, hijo bilan boʻgʻinni farqlamaslik oqibatida ularda koʻplab vazniy saktaliklar uchraydi. Masalan, Muhammad Fayziyning gʻazallarida vazniy saktaliklar mavjud. Ularda mazmun ham uncha chuqur emas  –  hammaga maʼlum gaplarni qofiyalab qoʻya qolgan. Baʼzi gʻazallar esa aruzga tushmay, barmoq vaznida yozib qoʻya qolingan. Chunki hazaj va ramaldan boshqasiga oʻtsa, shoirlar aruzni bilmaganlari uchun, gʻazallari barmoqlashib qoladi.

Toʻplamdan maqsad gʻazalchilik anʼanalari soʻnib ketmagani, yangi zamonda ham davom etayotgani, xususan, istiqlol yillarida gʻazalnavislik yanada keng quloch yozayotgani, zamonaviy shoirlar koʻhna gʻazalga yangi nafas bagʻishlayotgani, gʻazalning hozirgi oʻzbek sheʼriyatida ham oʻz mavqeiga ega janr ekanini namoyon etishdan iboratligi shubhasiz. Lekin, bu koʻhna va mashhur janrda tobora koʻproq yoshlar oʻz qalamini kuchini sinab koʻrayotgani oʻzbek sheʼriyatida gʻazalchilik yana ravnaq topish arafasida turganligiga umid uygʻotadi. Rustam Mirvohid gʻazalnavislikning bugungi holati oʻziga xos nazmiy talqin qilingan oʻziga xos dasturiy xarakterga ega “Ayni dam” gʻazalida umid bilan yozganiday:

Tengi yoʻq tengdoshlar ichra yelkadoshlar chiqsayu,

Nazm aro urf oʻlsa, shoyad, boz gʻazallar ayni dam.

 

Ergash OCHILOV,

filologiya fanlari nomzodi

22.01.2022 558