"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

MUMTOZ OHANGLARGA OSHUFTALIK

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridagi voqealar adiblarimizni “Adabiyot o‘ladimi?” – deb o‘ylashga majbur qilgan edi. Sobiq mustamlaka changalidan qutulgan navqiron respublikamiz hayotida hodisalar shu qadar tezkorlik kasb etdiki, adabiyot davrning yangi savollariga javob berishdan ojiz qolgandek va odamlar So‘zdan yiroqlashgandek tuyuldi. Aslida, adabiyot o‘tmish, bugun va kelajakni butkul qamrab olgan ma’naviy mo‘’jizadir. Zotan, So‘z kabi inson ruhiyatini larzaga soladigan boshqa bir yaratiqni bashariyat hali kashf etgani yo‘q. So‘z hamma davrlarda dolzarb va qudratli bo‘lib qolaveradi. Asosiy masala zarur So‘zni topish va uni yuksak badiiyat bilan kishilarga taqdim etishdir.

Bugun adabiyotimizda ana shu majburiyatni anglagan adib va shoirlarimiz sasini tinglayotgandekmiz. Xususan, 2021 yil so‘ngida “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “G‘azal g‘izoli” bayozi ana shu umid va nekbinlikning dalili bo‘la oladi deyish mumkin.

Mazkur bayozga so‘zboshi yozgan navoiyshunos olim, filologiya fanlari bo‘ycha falsafa doktori Olimjon Davlatov adabiyotga bo‘lgan bir asrlik munosabatni tahlil etar ekan, adabiyotning partiya xizmatchisiga aylangani, uning qudratidan jo‘n maqsadlardan foydalanilgani va ildizdan uzilganimiz to‘g‘risidagi achchiq haqiqatlarni bayon etadi va “G‘azal g‘izoli” to‘plami misolida yosh iste’dodlarning “...adabiyotimizdagi vorisiylik silsilasiga mustahkam halqa bo‘lib qo‘shilishidan” umidvor bo‘ladi.

“G‘azal g‘izoli” bayozi shoir Rustam Mirvohid g‘oyasi asosida Shoira Shams tomonidan tartiblangan. Quvonarli va e’tiborga molik jihati, bayoz tuzish mumtoz adabiyotimizga xos go‘zal an’analardandir. Uni tiklash adabiy qadriyatlar tomon qadam tashlash bilan birga shoir va adiblar o‘rtasidagi o‘zaro ijodiy muhitning uyg‘onishiga ham xizmat qiladi. Bayozga jamlangan she’rlar orqali ijodkorlar bir-birlarini yaqindan taniydilar, yangi iste’dodlarni kashf qiladilar va eng muhimi, she’riyatning bugungi darajasini aniqlash uchun shartli ko‘rsatkich qo‘lga kiritiladi. “G‘azal g‘izoli” to‘plamida otaxon shoirlardan tortib adabiyotning eng kenja vakillarigacha bo‘lgan silsilani qamrab olishga intilishni kuzatamiz. Ahamiyatlisi, g‘azalga bo‘lgan muhabbat, uni tushunishga urinish, uni yozishga qo‘l urish jiddiy hodisadir.

Albatta, turkiy she’riyat Alisher Navoiy ijodi bilan o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi. Ham mazmun, ham badiiyati bilan betakror san’at namunasiga aylangan Alisher Navoiy she’riyati hamma davrlar uchun ibrat maktabini o‘tab kelmoqda. Xususan, Qo‘qon va Xiva adabiy muhiti shoirlari ijodida ham bu hol yaqqol namoyon bo‘lib turadi. Albatta, ushbu to‘plam “zamonaviy g‘azalnavislik” ta’rifini qo‘llash yoki mumtoz shoirlarimiz bilan muqoyasa qilish darajasiga da’vogarlik qilmaydi. Undagi ayrim she’rlarda aruz qoidalaridan chekinish, mumtoz qofiya talablariga javob bermaslik, ba’zan ijodiy fardiyat etishmasligi ko‘rinib tursa-da, lekin samimiylik, insoniy tuyg‘ularning sof ifodalari didi nozik she’r muxlislarini shodlantirishi shubhasiz.

She’riyatning mohiyati izhordir. Bu Yaratganga, yorga, do‘stga, Vatanga bo‘lgan muhabbat izhoridir. Ayniqsa, Yaratgan Zot qoshida taslimiyat keltirib, Unga ishonch va suyanish bilan qarash barcha davrlardagi musulmon Sharqi she’riyatiga xosligini ta’kidlash zarur. Buni “G‘azal g‘izoli”dagi ko‘plab she’rlarda uchratish mumkin:

Xudoyim, men seni yod etmagan bir lahza, onim yo‘q,

Agar yod etmasam, yo‘qman, o‘likman, tanda jonim yo‘q.   (Jamol Kamol)

 

Ibodatning mohiyatiga nazar solib, butun hayotni ibodatga aylantirish mumkinligi haqidagi dolzarb fikrlar badiiyat ziynati bilan qalbga kirib boradi:

 

Ibodat ne? Yaratganga itoat ham ibodatdir,

Haqiqiy bandalik birlan sadoqat ham ibodatdir.    (Mirzo Kenjabek)

 

Azaldan Yor ishqi, hijron – adabiyotning bosh mavzusi bo‘lib kelgan. Zero, olamning yaratilishi ham ishq bilan bog‘liq. “Men yashirin xazina edim, bilinmoq istadim” deyiladi qudsiy hadisda. Sirojiddin Sayyidning ishq falsafasi ana shu g‘oya asosiga qurilgan. Bu olamning avvali ham, oxiri ham ishq ekanligini yaxshi anglagan shoir “Kuydim” radifli mashhur g‘azalida shunday yozadi:

Dunyoyi azalning g‘azaliy matla’i buldur,

Boshlab hama ishni oni poyonida kuydim. 

 

Shoirning lirik qahramoni o‘zligini va shu orqali Yaratganni anglamoqchi bo‘lgan insonni ichkariga – ko‘ngil xonasiga da’vat qiladi, chunki haqiqatlar shu erda, tashqari esa yolg‘ondan, yo‘qlikdan iboratdir:

 

O‘zingdan ichkari kir – dilga kirgil,

Na bordir jonu tandan tashqarida?!

 

G‘azalning imkoniyati keng, unda turfa mavzularni aks ettirish mumkin, ayniqsa, sof pand-nasihat mazmuni g‘azal vositasida yorqinroq porlaydi. Ismoil Mahmud Marg‘inoniy yozadi:

 

Bo‘lsa gar imkoningiz bemorga ehson eting,

Notavon ham noraso afgorga ehson eting.

 

Gul yuziga tushdi shabnam, yozdi barg Haq nuridin,

Sizga muhtoj turgan ul bedorga ehson eting...

 

Mo‘min Sattorning she’rlaridagi samimiy dil izhorlari musajja’ (ichki qofiya) san’ati vositasida ajib ohangdoshlik kasb etadi:

 

... Qarashlar imlagandekdir, ichim chim-chimlagandekdir

Qadamlar bilmagandekdir, tirik bormi yarog‘ingdan...

 

Marhum shoir, ustoz Sa’dulla Hakimning baytlarida falsafiylik ufuradi, uning har bir inson o‘z muhiti hosilasi ekanligi, odamga uning tabiati yo‘l ko‘rsatishini ta’kidlagan satrlari o‘quvchini ham zavqlantiradi, ham tafakkurga undaydi:

 

Har giyoh gul ochsa, gulzor rahnamo,

Har ko‘ngil baxt topsa, atvor  rahnamo.

 

Inson hayotida g‘amning ko‘pligi-yu quvonchning kamligi aqli raso odamlar anglab etgan ayon haqiqatlardan biridir. Bu masalada shoir o‘zining matonatli insonga xos nekbin xulosasini shunday bayon qiladi:

 

Qatra shodlikni bahr, ummoncha g‘amni qatra bil,

To‘lmagay baxt kosasi g‘am kosasi to‘lganchalik.

 

Ushbu baytda qatra va ummonning o‘zaro qiyoslanishi shodlikning qiymatini anglatadi. Baxt kosasi juda sekin to‘ladi, lekin g‘am kosasi doim limmo-lim.

Navoiyshunos olim Sultonmurod Olimning g‘azallarida uning ilmiy risolalarida aks etishga imkon topmagan hissiyotlari go‘zal shaklda ifoda etilgan. U qay so‘zni yozish va yozmaslik sababidan ko‘p zahmat chekadi, chunki so‘z mas’uliyati og‘ir:

 

Faqat zahmat chekarman ko‘p, sababkim –

Qayu gapni yozib, qay birni yutsam?!

 

Echimni esa qalb taqdim qiladi, zotan, samimiy ko‘ngil o‘z sohibini aldamaydi:

 

Sen, ey Sulton Murod, boshing qotirma,

Dilim aytib turar qay so‘zni bitsam.

 

Boqiy Mirzoning xudbinga atab yozgan baytlarida esa hayot ne’matlari hammaga birdek etishi, rizq yoki boshqa dunyo lazzatlari har kimga taqdiriga yozilgan miqdorda nasib etishi tavzi’ (tovushdoshlik) san’ati vositasida o‘zgacha jaranglaydi:

 

Kimga shox chiqqan bu xislat mulkiga shohlik qilib,

Barchani shodlantirar – sen ham yasha, men ham yashay.

 

Shoir Xudoyberdi Komilov esa g‘amlarni o‘zi uchun egiz deb biladi, ammo hayotda bu haqiqatdan tonib o‘tish uchun yashaydi, bu hol o‘ziga xos kurashuvchanlik, qayg‘ularga taslim bo‘lmaslik izhori o‘laroq yangraydi:

 

Bilarmiz g‘amlarimizni go‘yo ikki egizlardek

Vale bundan yumib ko‘zni, tonib o‘tmakka kelganmiz.

 

Payg‘om (To‘xtamish Boqiy)ning g‘azallarida mumtoz salaflarga izdoshlik yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Shoirning “O‘rtar” radifli g‘azali Mashrab shaxsiyatiga bag‘ishlanish bilan birga uning shu radifli g‘azaliga bitilgan tatabbu’ hamdir. Vazn, qofiya va radifdagi hamohanglik shunday xulosa chiqarishga asos bo‘ladi:

Falakning bu jafosidan hanuz ruhu ravon o‘rtar,

Hamon motam tutar oshiq, ki kohi jovidon o‘rtar.

 

Amir Xudoyberdining g‘azallaridagi o‘ynoqilik, ravonlik g‘azalxonga manzur keladi. Lirik qahramon ruhiyatidagi g‘am, dard va ma’rifatga bo‘lgan intilish o‘quvchi kayfiyatiga ko‘chib o‘tadi, bag‘ri quroqlarga to‘lib ketgan darvesh ovozi eshitilganday bo‘ladi:

 

Ko‘rib saxtim demas darvesh meni hech kim libosimdin,

Ki, bilmaslar – ichu bag‘rim to‘lib ketgan quroqlarga.

 

Zikrilla Ne’mat Vafoiy adolat va haq talabidagi odamning shoh tomon borishini yulduzlar nur istab oyga borishiga o‘xshatadi. Bir qarashda, yulduzlarning nur istab oyga borishi tabiat hodisasiga ko‘ra mantiqli emas, chunki yulduzlar oyga qarab bormasligi ma’lum. Lekin baytda mahorat bilan qo‘llanilgan husni ta’lil san’ati ushbu “mantiqsizlik”ni tamsil bilan uyg‘unlashtirgan va natijada kitobxon ko‘z o‘ngida go‘zal poetik manzara namoyon bo‘ladi:

 

Adolat, Haq tilab doim kishilar shoh sari borgay,

Bamisli tunda yulduzlar nur istab moh sari borgay.

 

Dilorom Ergasheva g‘azalidagi lirik qahramonning yorga qarata o‘z holini bayon qilishida o‘zgachalik ko‘zga tashlanadi:

 

Yoshim yomg‘ir bo‘lib, jonim xazon bo‘lguncha kelmaysan,

Hayot mushkul, o‘lim undan oson bo‘lguncha kelmaysan.

 

G‘azal muxlisi yomg‘irli kuzni, unda erga to‘kilgan xazonlarni ko‘z oldida gavdalantiradi, bunda yomg‘ir – ko‘zdan oqqan yomg‘ir, xazon esa jon! Hijron zabtiga oladi va oshiq uchun o‘lim hayotdan ko‘ra oson bo‘lmaguncha ma’shuqning daragi kelmaydi.

Shoira Shams Alisher Navoiy g‘azaliga ergashib yozadi:

Bu qalam sinsun agar g‘ayringni insho aylasa,

Yo sifoting bobig‘a bir nuqtani jo aylasa.

 

Ya’ni yordan boshqani insho qilsa, oshiqning qalami sinsin yoki uning sifatlari bobiga biror nuqtani jo qilsa, yana shu jazoga uchrasin. Odatda, sevgan ko‘ngil mahbubasi sifatlarini bo‘rttiradi, sevgilining barcha sifatlarini aytib tugata olmaydi, ishq taqozosi shu, demak, “sifatlaringga ortiqcha biror nuqtani qo‘shib qo‘ysam...” – deb xavotirlanishga hojat yo‘q. Alisher Navoiyning shu mazmundagi g‘azali sadoqat izhoridan iborat edi.

G‘azalnavis shoirlar orasida, ayniqsa, yoshlarning borligi kishiga mamnuniyat bag‘ishlaydi. Iste’dodli shoir Rustam Mirvohidning g‘azallaridagi betakror topilmalar, nozik qochirimlar o‘quvchiga estetik zavq berish bilan birga uni beixtiyor taxayyul olamiga etaklaydi:

 

Ruh qamishdir. Puflading – ul naylanib bormoqdadir,

Dil uzumdir. Ezding – ul ham maylanib bormoqdadir.

 

Yosh shoir yana bir g‘azalida so‘zlar ohangi va o‘xshashligidan mahorat bilan foydalanadi:

 

Rustamo, qalbingda qallob ochsa ko‘z, o‘ldir uni,

Qalbaki holatda ko‘rsa Yor degay: “Zoe’ senga”.

 

Yoki mahbuba ko‘zlaridan shikoyat qilgan oshiq nafis tasvirlar chizadi:

 

Ne ajab, sidqu vafoning bobida noqis ular,

Go‘yiyo jabru jafoga ixtisos aylar ko‘zing.

 

Odatda, ko‘zga noqis degan sifat berilmaydi, lekin sadoqatu vafoda ko‘zning noqis bo‘lishi fazilatga aylanib qoladi, sababi ko‘zlar jabru jafoga ixtisoslashgan...

Bayozdan o‘rin olgan boshqa yosh shoirlar she’rlarida ham ana shunday o‘ziga xos topilmalarni uchratish mumkin:

 

Men yorimni oy-quyoshga mengzaganman, vo ajab,

Atrofimda o‘rgilib ming kavkabiston keldilar.

(Davlatjon Karimov)

Muhabbat bu manim ochgan, vale yopmas kitobimdir,

Yuzin ifsho etib avval, keyin pinhon hijobimdir.

(Sitoraboni Hoshim qizi)

 

Sen birla jahon gulrang, jismimdagi jon ul rang,

Sensiz hama yon kulrang, gulzorga yo‘lolmasman.

(Alisher Sabriy)

Suv sizar sohir sahar singan safolda, soqiyo,

Sarxushu sarmastmen – savdoyilarg‘a sorbon.

 

Sevgi sehri sudrasa sahro sari sodiq sanab,

Sen siyoh soch sunbuli sarvi sumandek soyabon.

(Toshpo‘lat Abbosov)

 

Keltirganimiz ushbu baytlarning har birida badiiyat va mazmunning muayyan tarzdagi uyg‘unligini, bir so‘z bilan aytsak, san’at namunalarini topa olamiz.

Bayozdan o‘rin olgan she’rlar orasida shaklan g‘azalga o‘xshash, lekin barmoq vaznida bitilgan ayrim namunalarning mavjudligini ham ta’kidlash joiz. She’r mumtoz g‘azal talabalariga javob berishi uchun unda qofiya, muayyan badiiy san’at yoki taxallusni  qo‘llashning o‘zi etarli emas. U aruz tizimi qoidalariga rioya etilgan bo‘lishi shart, zero, mumtoz adabiyotimizda she’r shakllarining janr xususiyatlarini eng avvalo vazn belgilab bergan! 

Umuman, she’r yozish, ayniqsa, g‘azal bitish shoirdan katta salohiyat va ilmni talab qiladi. Mumtoz shoirlarimiz bu borada ilmi bade’, ilmi qofiya, ilmi aruz kabi sohalarni maxsus o‘rganar edilar. “G‘azal g‘izoli” to‘plamidan she’rlari joy olgan yosh qalamkashlarga va umuman, barcha g‘azal ixlosmandlariga mumtoz shoirlar, xususan, Lutfiy, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Mashrab, Ogahiy, Munis, Furqat kabi ulkan ijodkorlar she’riyatini ko‘proq mutolaa qilishni maslahat beramiz. Zamonaviy g‘azalnavislik hali Erkin Vohidov erishgan yutuqlarni takrorlay olgani yo‘q. Shunday ekan, qo‘liga qalam tutib, jasorat bilan yurak yutib, bu maydonga kirganlar oldida hali ko‘p mashaqqatlar bor. Ularga bu borada yutuqlar va yangi kashfiyotlar tilab qolamiz.

 

Dilnavoz YUSUPOVA,

 filologiya fanlari doktori

11.02.2022 501