"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“GʻAZAL GʻIZOLI” KUYGA KO‘CHGANDA

   18-fevral kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Yozuvchilar uyushmasi hamda Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti hamkorligida “Gʻazal gʻizoli” bayozining taqdimot marosimi oʻtkazildi. Unda yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, bayozga gʻazallari kirgan mualliflar, yosh ijodkorlar, vazirlik va idoralarning rahbar maslahatchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.


 

 Mazkur toʻplamda zamondosh shoirlarimizning gʻazaliyotidan namunalar jamlangan. Ming yillik tarixga ega boʻlgan gʻazal bugungi kunda ham insonining quvonchu qaygʻusi, tashvish va iztiroblari, umid va shodliklari, orzu va armonlarini ifodalash uchun muhim badiiy vosita sifatida milliy adabiyotimizda oʻziga xos oʻringa ega. Unda ustoz shoirlarning va umidli yosh qalamkashlarning gʻazallarini oʻqiganda bunga amin boʻlasiz.

   Ushbu kitob 2021-yilda “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. Unga Olimjon Davlatov masʼul muharrirlik qilgan. Gʻoya muallifi Rustam Mirvohid. Toʻplab, nashrga tayyorlovchi Shoira Shams. “Gʻazal gʻizoli”, deb nomlangan bayoz aruz vaznida qalam tebratayotgan zamondosh shoirlarimizning ijodini anglash uchun yaxshi koʻmakchi vositadir, deya taʼkidlandi. Shuni aytish lozimki, oʻtgan asrning 40-50-yillarida aruz vaznida sheʼr yozish qayta jonlangan boʻlib, munosabat ham shunga yarasha murakkab tus olgandi. Bir tomondan, Alisher Navoiy yubileyi munosabati bilan aruz vaznida yozilgan sheʼrlarga xayrixohlik quvvat olgan boʻlsa, ikkinchi tomondan esa aruzga oʻtmishga aylangan qadrsiz qadriyat, muzey eksponati sifatida qarash ustuvorlik kasb qila boshlagandi. Ammo oʻzbek ijodkorlari ulugʻ shoirlarimiz qoldirgan aruzni rivojlantirib, goʻzal asarlar yaratishga erishdilar. Chustiy, Vasfiy, Sobir Abdulla qatoriga Erkin Vohidov, Jamol Kamol, Omon Matchonlar qoʻshilgani yodga olindi.

   Taqdimotda soʻzga chiqqanlar “Yoshlik devoni”dan keyingi davrda yaratilgan gʻazalchilik, aruzda qalam tebratayotgan  shoirlar ijodini saralash, ularni adabiy tanqid gʻalviridan oʻtkazib, yutuq va kamchiliklarini muhokama etish jarayonini yana jonlantirish zarurligini aytib oʻtishdi. Ushbu bayozdan oʻrin olgan Jamol Kamolning “Yolgʻon gapirmaslik”, Mirzo Kenjabekning “Ibodatdir”, Sirojiddin Sayyidning “Kuydim” radifli gʻazallari xalqimizning maʼnaviy boyligiga aylanib, mumtoz gʻazalchilikka boʻylashadigan asarlar ekanini alohida eʼtirof etishdi.

   Shuningdek, yosh isteʼdodlarning Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy sheʼriyatidan ilhomlanib, bugungi davr nafasini koʻp asrlik aruz vaznida ifoda etishga harakat qilishayotgani esa adabiyotimizda vorisiylik silsilasida katta koʻprik vazifasini oʻtaydi.

   Soʻzga chiqqanlar “Gʻazal gʻizoli”ning jamiyatimiz hayotida tutadigan oʻrni haqida gapirdi va mualliflar kitobdan oʻrin olgan gʻazallardan oʻqib berdi. Xonandalar esa ushbu gʻazallarga bastalangan qoʻshiqlarni jonli ijro etdi.  


 

 Tadbir yakunida mualliflarga “Gʻazal gʻizoli” hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan kitoblar sovgʻa qilindi.

18.02.2022 446