"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Maʼnaviyat” asosiy tushunchalar lug‘atining taqdimoti o‘tkazildi

16-iyul kuni Ichki ishlar vazirligining Madaniyat saroyida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan nashr qilingan “Maʼnaviyat” asosiy tushunchalar lug‘atining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda Ichki ishlar organlari hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari ishtirok etdi. Markaz rahbari Minhojiddin Hojimatov so‘zga chiqib, kitob falsafiy qarashlar, chuqur tahliliy yondashuvlar, aniq manbalarga tayangan holda yaratilgani va o‘quvchi tafakkurini yanada oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini bildirdi.

– Haqiqiy ilmga maʼnaviyat orqali erishiladi, – dedi o‘z nutqida Minhojiddin Mirzo. – Kitobga bo‘lgan muhabbat, eng avvalo, vatanga, oilaga bo‘lgan muhabbatdir. Bugun olimlarimiz, shoir-u yozuvchilarimiz qatorida yosh, izlanuvchan tadqiqotchilarimiz ham xalqimiz, qolaversa, yoshlarimizning ilm-maʼrifatli bo‘lishlarida o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Ularni ilm-ziyo, maʼnaviyat targ‘ibotchilari desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu jumladan, mazkur kitob mualliflari ham shunday sharafli nomga loyiq.

Kitob mualliflaridan biri – falsafa fanlari doktori, professor Qiyomiddin Nazarov mazkur kitob keyingi yillarda mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizni tiklash, yurdoshlarimizning maʼnaviy olamini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir amaliy natijasi ekanligini taʼkidlab, u barcha soha xodimlari uchun muhim va tarixiy qo‘llanma ekanligini aytib o‘tdi.

Tadbir yakunida “Maʼnaviyat” asosiy tushunchalar lug‘ati Ichki ishlar vazirligi kutubxonasiga topshirildi. 

 

18.07.2022 441