"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda bajarilgan “O‘zbek tilida neyming: meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha

Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda bajarilgan “O‘zbek tilida neyming: meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha


O‘zR Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda bajarilgan “O‘zbek tilida neyming: meʼyoriy-huquqiy asoslarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha yakunlandi.

Loyihaning asosiy maqsadi ishlab chiqarish, savdo obyektlari, mahsulotlar, uning brendiga nom qo‘yish jarayonini yengillashtirish, xalqimizning milliy anʼanalari va mentalitetiga yot bo‘lgan to‘qima nomlarning oldini olish, yangi nomlarning o‘zbek adabiy tili meʼyorlariga mos bo‘lishini taʼminlash maqsadida tadbirkorlik subyekti bilan shug‘ullanuvchi ommani neyming texnologiyasi asoslaridan xabardor qilish, ularga uslubiy ko‘rsatmalar berish, savdo brendlari nomlarining zaxirasini yaratish, o‘zbek  xalqining milliy-madaniy qarashlari, mentaliteti hamda o‘zbek adabiy tili meʼyorlariga asoslangan nom yaratishning elektron dasturiy taʼminotini yaratish hamda internet tarmog‘ida neyming xizmatini tashkil qilish, umuman, o‘zbek tilida neyming (nomlash)ning amaliy va huquqiy mexanizmini  ishlab chiqish.

Mavzu bo‘yicha hisobot davrida quyidagi ishlar bajarildi:

Hisobot davrida loyiha ishtirokchilari tomonidan 2ta monografiya, 1ta lug‘at, 2ta lug‘at-ko‘rsatkich, 1ta o‘quv qo‘llanma, 1ta  dasturiy taʼminot, 82 ta ilmiy maqola (jumladan, xorijda 21 ta, shundan, SCOPUS bazasida 6ta, IMPACT FACTOR 15ta): OAK ro‘yxatidagi jurnallarda 13ta maqola chop etilgan, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda 30dan ortiq maʼruza qilindi; radio va televideniyedagi eshittirish va ko‘rsatuvlarda 20 martadan ortiq chiqish qilindi.

O‘zbek tilida mavzuviy neymlar bazasini shakllantirish bo‘yicha mavjud nomlar kartotekasini yaratish ishlari ustida ish olib borildi. Bu bo‘yicha 30dan ortiq mavzuviy guruhlar shakllantirildi hamda mavzulashtirilgan holda 80 mingdan ortiq nom (neym)lar zaxirasi shakllantirildi.

Loyiha g‘oyalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 16-martdagi 144-son qarori qabul qilindi.

        Loyiha natijalari tijoratlashtirildi: 2021-yil aprelidan boshlab, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tili asoslarini o‘qitish va malaka oshirish Markazi va uning hududiy bo‘linmalarida  “Nomlash xizmati” tashkil qilindi.

 

O‘zR Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan Savdo, ishlab chiqarish va tadbirkorlik subyektlari uchun Milliy nomlash xizmati” avtomatlashgan axborot tizimi uchun guvohnoma olindi.

Ushbu axborot tizimi orqali murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlariga firma, korxona, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlariga hamda mahsulotlariga davlat tilida nom yaratib berilmoqda. Universitet tomonidan 2021-yilning ikkinchi yarmidan boshlab   tadbirkorlik subyektlariga xo‘jalik shartnomasi asosida neyming xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Loyiha doirasida bitta doktorlik dissertatsiyasi bajarilmoqda: M.Saparniyazova. O‘zbek tili ergonimlarining struktur-semantik, lingvomadaniy va pragmatik xususiyatlari”.

Loyiha natijalarining amaliyotga tatbiqi sifatida  60230700 – Amaliy filologiya taʼlim yo‘nalishi o‘quv dasturiga “Neyming nazariyasi va amaliyoti” fani kiritildi.

20.07.2022 546