"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek mumtoz adabiyoti Buyuk Britaniyani o‘ziga maftun etmoqda


LONDON, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. 18-19-asrlarda yashab ijod qilgan o‘zbek shoiralari Jahon Otin Uvaysiy va Nodira qalamiga mansub she’rlar Buyuk Britaniyada tarjima qilinib, to‘plam holida chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    O‘zbekiston elchixonasidan ma’lum qilinishicha, "Nodira va Uvaysiy: tanlangan she’rlar" (Nodira and Uvaysiy: Selected Poems) kitobi Londonda 2021-yilda nashrdan chiqqan "Alisher Navoiyning 12 g‘azali, Abdulhamid Cho‘lponning 14 she’ri" («12 Ghazals By Alisher Navoiy, 14 Poems By Abdulhamid Cho'lpon») to‘plamidan keyingi ikkinchi yirik loyiha bo‘ldi.

    Tarjimalar muallifi - ingliz shoiri Endryu Staniland. Bu ijodiy loyiha elchixona ko‘magida amalga oshirilgan bo‘lib, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 31 yilligi hamda mamlakatimiz va Buyuk Britaniya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlashga bag‘ishlandi.

   To‘plamdan Uvaysiyning 48 she’ri, jumladan, 26 ta g‘azali ("Sog‘indim", "Qabul etkil", "Uvaysiyman"), "Anor", "Kun va tun", "Yong‘oq" kabi chistonlari, Nodiraning bizgacha saqlanib qolgan barcha g‘azallari, jumladan, "Marhabo", "Na gul sayr ayla, na fikri bahor et", "Nigori gulbadanimni tushda ko‘rsam edi" joy olgan. Mazkur ijod namunalari mualliflar tomonidan eski chig‘atoy (o‘zbek) va fors tillarida bitilgan.

   Endryu Staniland o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan, yaqinda mart oyida O‘zbekistonga qilgan safari uni yangi loyihalarni amalga oshirishga, XIX asrning buyuk o‘zbek shoiralari Nodira va Uvaysiyning adabiy merosi bilan bog‘lanishga hamda ularning asarlarini birinchi marta ingliz tiliga tarjima qilishga ilhomlantirganini ma’lum qildi. U o‘zbek mumtoz she’riyatining betakror go‘zalligi va nafosatini alohida ta’kidlar ekan, buni ingliz kitobxonlari e’tiboriga havola etish istagi mazkur asarlarni tarjima qilishga undaganini aytdi.

   Ingliz shoiri qayd etganidek, o‘tgan yili Navoiy va Cho‘lpon asarlari tarjimasidan so‘ng ingliz she’rxonlarini o‘zbek adabiyoti nafosati bilan tanishtirishni davom ettirish nuqtai nazaridan Nodira va Uvaysiy she’riyati yaqqol tanlov bo‘lib tuyulgan. "Menimcha, ularning she’riyati ingliz tiliga juda yaxshi tarjima qilinadi, ularda boy tarix bor, umid qilamanki, bu kitobxonlarga yoqadi va jahon adabiyotida mutlaqo yangi kashfiyotga aylanadi", deydi u.

    Tarjima jarayonida Endryu Staniland ikki hamkasbi - olim, o‘zbek mumtoz adabiyoti bo‘yicha ekspert Aidaxon Bumatova (O‘zbekiston) va afg‘onistonlik tarjimon va o‘zbek adabiyoti bo‘yicha mutaxassis Nazila Elmi bilan yaqindan hamkorlik qilgan.

    Endryu Staniland ta’kidlaganidek, u o‘zining yangi to‘plamini O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi hamda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi sanalari bilan uyg‘unlashtirishni istagan.

    Ushbu yangi kitobning rasmiy taqdimoti Londonda O‘zbekiston mustaqilligi kunini nishonlash doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

 

11.08.2022 479