"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Kimki yurtning davlat tilini hurmat qilmasa, bu o‘sha mamlakatni, o‘sha xalqni mensimaganidir

Kimki yurtning davlat tilini hurmat qilmasa, bu o‘sha mamlakatni, o‘sha xalqni mensimaganidir

Adliya vazirligi muhokamaga qo‘ygan qonun loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Eʼtiroz haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Qolaversa, uni yana-da takomillashtirish tarafdorimiz. Jazo choralari bundan-da og‘ir bo‘lsin.

Til bor – millat bor. Til yo‘q – millat yo‘q. Chunki har bir so‘zda millatning bittadan ruhi bor. Ruh butunligi uchun ham uni asrash kerak.

Avar shoiri Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” badiasida uzoq yillar Fransiyada yashagan rassom yigit va uning avar onasi haqida hikoya bor. Har safar o‘qiganimda allatovur bo‘lib ketaman.

Muallif Parijdan qaytgach, musavvirning qondoshlarini qidirib topadi. Baxtni qarangki, uning onasi hali hayot bo‘ladi. Kampirning uyiga yig‘ilgan qarindoshlari Vatanini o‘zga yerlarga almashgan o‘g‘il haqidagi g‘amgin hikoyani tinglashdi, adashgan o‘g‘ilni kechirganday bo‘lishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Ona esa kutilmaganda so‘rab qoladi: “Sizlar avarcha so‘zlashdinglarmi?” Rasul Hamzatov javob qaytaradi: “Yo‘q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha”.

Shunda kampir yuziga qora chodrasini tushiradi, avarlarda o‘z o‘g‘lining o‘lganini eshitgan onalar shunday qilishar ekan.

Uzoq jimlikdan keyin mushtipar: “Rasul, sen yanglishibsan, mening o‘g‘lim allaqachon o‘lgan ekan. Agar u hayot bo‘lganida, avar onasi o‘rgatgan tilni unutmagan bo‘lardi!” deya suhbatga nuqta qo‘yadi.

Mana, milliy g‘urur, ona tiliga bo‘lgan sadoqat! Bu yo‘lda hatto o‘g‘lidan ham voz kechgan mushtipar va millatsevar ayol. Uni, hech ikkilanmay, millat onasi, millat qahramoni, desak bo‘ladi. Ayol allaqachon olamdan o‘tib ketgan bo‘lsa kerak. O‘z ona tiliga bo‘lgan sadoqati uchun men uning ruhi oldida bosh egaman. Dunyodagi hamma onalar unga o‘xshashini istayman.

O‘zbekistonda ham shunday onalar ko‘paysin. Bunday g‘urur, aslida, millatini yaxshi ko‘rgan har bir insonda bo‘lmog‘i lozim. Bizning ham har bir onamiz farzandlari qalbida o‘zbek tilini yaxshi ko‘rishi uchun o‘sha ayolning yuragida yonib turgan olovday o‘t yoqa olsin!

Prezident imzolashi kutilayotgan ushbu tarixiy hujjat loyihasini noto‘g‘ri talqin qilishga urinish bu fitnadan boshqa narsa emas. Buni o‘zbekistonlik boshqa millat vakillari, boshqa tilda so‘zlashuvchilar ham ich-ichidan bilishi va shunga qarab ish tutishli kerak deb o‘ylaymiz.

Qonun loyihasiga eʼtiroz bildirayotganlarning aksari rusiyzabon yurtdoshlarimiz va rossiyalik “trol”lar. O‘zbekistonda boshqa tillarga keragidan ortiq hurmat ko‘rsatilgan, bugun ham shunday. Keragidan ortiq bag‘rikengligimiz bois ham o‘z yurtimizda o‘z tilimizning qaddi so‘roq belgisiga o‘xshab bukilib yotibdi.

Eng alam qiladigani, taklif etilayotgan bu loyihaga rusiyzabon o‘zbek yurtdoshlarimiz ham qattiq eʼtiroz bildirmoqda. Buni ularning rus tilli bog‘cha, rus tilli maktab, rus tilli oliy o‘quv yurtida o‘qib, ishxonada ham o‘zbek tiliga ehtiyoj sezmaganidan deb bilamiz. Davlatimiz o‘z tilining hurmatini joyiga qo‘yib qo‘ymoqchi bo‘lganda esa ularning rusparastligi qo‘zib qolyapti. Buni o‘zbeklarda palagi aynish deyiladi.

Qaysiki davlatning tilini hurmat qilsang, o‘sha mamlakatni hurmat qilgan bo‘lasan. Aksincha bo‘lsa, o‘sha mamlakatni pisand qilmagan bo‘lasan. Shu bois, O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaro davlat tilimiz hurmatini joyiga qo‘yishi kerak. Millatidan qatʼi nazar.

O‘zbek tili yurtimizda muloqot tili bo‘lishi lozim. O‘zbek tili o‘zbekistonlik har bir insonni ruhan bog‘lovchi ko‘prikka aylanishi uchun nima zarur bo‘lsa, davlatimiz ham, xalqimiz ham hamma choralarni ko‘rishi kerak. Bu uchun mablag‘u boshqa resurslarni ayamaslik lozim. Bu yo‘lda, nazarimda, o‘zbekning har bir ziyolisi har qanday ezgu ishga tayyor.

Fozil FARHOD,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

raisining matbuot kotibi, yozuvchi

06.05.2020 528