"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Qonunning mustahkamligi qonun tilining mukammaligidadir


Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yuborgan Murojaatnomada yaratiladigan qonunlar har tomonlama mustahkam boʻlishi haqida alohida qayd etdi. Qonunning mustahkamligining uning tilining mukammaligidadir. 2021-yilning 28-oktyabrida hukumat qarori bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi. Unga koʻra, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari vazirlik, idoralar bilan kelishishdan oldin lingvistik ekspertizadan oʻtkaziladigan boʻldi. Ushbu nizomda lingvistik ekspertiza oʻtkazish tartibi, unga qoʻyiladigan talablar, bayon etilgan jumlalarning soddaligi, qisqaligi va taʼriflarning aniqligi bosh mezon etib belgilangan. Mazkur qarorning qabul qilinishi yuridik va lingvistik sohada koʻplab muammolarning birinchi navbatda, huquq normalarining berilishida aniqlikka erishish borasida yechimini kutayotgan masalalar borligini koʻrsatib berdi. Chunki til qonunning asosiy tamoyili, uning organizmi, bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan koʻp narsalardan leksik birliklar – qonun ijodkorlarining hech bir inkorsiz va aniq ifodalaydigan soʻzlari hisoblanadi. Qonun chiqaruvchilarning irodasini ifodalaydi. Aynan qonunchilik texnologiyalari butun majmuasining zamonaviy darajasini taʼminlangandagina huquq shakllarini ifodalashda yuqori aniqlikka erishish mumkin.


Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan aynan ushbu qaror mazmun-mohiyatini ochib berishga bagʻishlangan “Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini lingvistik ekspertizasi” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda Toshkent davlat yuridik universiteti professsori, filologiya fanlari doktori Shuhrat Koʻchimov davlat tilida ish yuritilishi haqida gapirar ekan, oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash, Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat rahbari Farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” haqida alohida toʻxtaldi va bu Konsepsiyani bajarish yoʻlida soha atamalarini har tomonlama oʻrganish, amaliyotga joriy etish masalalari kun tartibida ekanligini taʼkidladi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-son qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlar lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va eʼlon qilish amaliyotini toʻliq joriy qilinganligini alohida qayd etdi.


Taʼkidlanganidek, davlat tili mavqeini koʻtarish yoʻlidagi ushbu ishlarning tadrijiy davomi sifatida hamda bu sohadagi ijro sifatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-oktyabrdagi qarori bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi. Shu Koʻchimov Qaror mazmun-mohiyati, uning qabul qilinishidagi zarurat haqida, soha atamalarining, ularni oʻrinli va belgilangan tartibda ishlatish qoidalari, normativ-huquqiy hujjatlarning lingvistik ekspertizasi tartibi haqida batafsil maʼlumot berdi. Oʻz oʻrnida, lingvistik ekspertiza oʻziga xos bilim va fanlar majmui boʻlib, dunyo ilmiy texnik taraqqiyotida ushbu soha maxsus fan darajasiga koʻtarilgani, shu bois jahonning ilgʻor oliy oʻquv yurtlarida ayni soha boʻyicha maxsus mutaxassislar tayyorlanayotgani va bu borada respublikamiz taʼlim tizimida ham dastlabki qadamlar qoʻyilayotganini qayd etdi.

Interaktiv koʻrinishda oʻtgan seminarda Agentlik rahbar xodimlari ham oʻzlarining qiziqtirgan savollari va fikr mulohazalari bilan faol ishtirok etdilar. Jumladan, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya yoʻnalishidagi atamalar asosan oʻzlashgan soʻzlar boʻlgani sababli normativ-meʼyoriy hujjatlarni tayyorlashda boshqa soha vakillari oʻrtasida ayrim atamalar yuzasidan kelib chiqadigan bahs-munozaralar oldini olish va atamalar bir xilligini taʼminlash maqsadida oʻzbek terminologiyasini tartibga solish, ularning yagona standartini yaratish, raqamlashtirilgan tarzda barcha sohalarga tegishli atamalar jamlanmasi va tarjima qilinmaydigan oʻzlashgan soʻzlar tasnifini ishlab chiqib, isteʼmolga kiritish taklifini berdilar. Sohalar boʻyicha yaratilayotgan texnik reglamentlar va mahsulotlarning milliy standartlarini davlat tilida ishlab chiqishda atamalarning har xilligini bartaraf etish choralarini koʻrish orqali mahsulot sifati, uning tavsifi va qadoqlanishi, yorligʻlanishi, realizatsiyasi va eksport salohiyatini oshishiga erishish mumkinligi aytildi. Buning uchun

Belgilab qoʻyilganidek, qaror ijrosini taʼminlash uchun umumiy tarzda normativ-huquqiy hujjatlar lingvistik ekspertiza ishlab chiquvchining tashabbusi bilan yoxud topshiriqqa asosan vazirlik va idoralar bilan kelishishdan oldin oʻtkaziladi, lekin shu oʻrinda qaysi hujjatlar ekanligini aniq koʻrsatilsa maqsadga muvofiqligi yuzasidan taklif kiritildi.


Mashgʻulotda texnik jihatdan tartibga solish sohasiga aloqador normativ hujjatlarda atamalarning davlat tilida boʻlishi va ularning toʻgʻri qoʻllanilishi uchun ekspertizadan oʻtkazish va bunda atamaning asl maʼnosi toʻliq saqlanib qolishida eʼtibor qaratish kerak boʻlgan jihatlarga alohida ahamiyat berilishi haqida ham qizgʻin bahs-munozaralar boʻlib oʻtmoqda.

Tadbir soʻnggida ishtirokchilar tomonidan bunday foydali seminarlar muntazam ravishda oʻtkazilishi yuzasidan takliflar berildi.

 

Naibaxon Mamadaliyeva

Bosh direktor maslahatchisi,

filologiya fanlari doktori

 

10.01.2023 273