"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

Yangi nashr etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi


Bugun, 27-yanvar kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Vazirlik markaziy apparati departament, boshqarma, bo‘limlari, shuningdek, hududiy boshqarmalari boshliq-xodimlari ishtirokida “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” taqdimoti o‘tkazildi.


Hozirgi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga jadal surʼatlar bilan kirib kelmoqda. Bugun nafaqat mahsulotlar, balki xizmatlarni ham AKT orqali sotish va xarid qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.Zamonaviy AKTni jamiyatning barcha sohalariga joriy etish hamda ulardan foydalanish, fuqarolarning axborotga ortib borayotgan talab-ehtiyojlarini yanada to‘laroq qondirish, jahon axborot jamiyatiga kirish, hamda jahon axborot resurslaridan foydalanishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.Jumladan, taqdimoti o‘tkazilgan alifbo tartibida joylashtirilgan 10 000 ga yaqin atamani o‘z ichiga olgan ushbu lug‘at Vazirlik hamda “UNICON.UZ” DUK mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqildi.Mazkur izohli lug‘atni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad AKT sohasi xodimlari, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari hamda barcha qiziquvchilar foydalanilishi mumkin bo‘lgan terminologik bazani shakllantirish, AKT sohasida o‘zbek tilini joriy qilish imkoniyatini yana-da kengaytirish hamda atamalarning nafaqat o‘zbek tilidagi ekvivalentini, balki ularning maʼnodoshini ham to‘g‘ri va aniq tanlash imkoniyatini yaratishdan iboratdir.Lug‘atni tuzishda texnikaga oid xorijiy adabiyotlar, maʼlumotnomalardan, normativ hujjatlar, o‘quv qo‘llanmalari, Xalqaro elektraloqa ittifoqi tavsiyalari hamda Internet materiallaridan foydalanildi.Shuningdek, ushbu lug‘atning qulay jihatlaridan yana biri shuki, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi atamalar bilan birga ularning taʼriflari hamda shu atamalarning ingliz va rus tilidagi muqobillari keltirilgan.Ushbu lug‘at Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2000 dona nashr qilindi hamda nafaqat Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tizimidagi korxona va tashkilotlarga, balki mamlakatimizda faoliyat yurituvchi barcha vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy hokimliklarga bepul tarqatildi. 


Taqdimot davomida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A. Eminov tomonidan o‘tgan 2022-yilda Jamg‘arma tomonidan amalga oshirilgan ishlar, nashr qilingan izohli lug‘atlar haqida ham batafsil maʼlumot berildi. Bundan tashqari, kundan kunga rivojlanib borayotgan soha sifatida ITga kirib kelayotgan yangi atamalar jamlanib, ushbu izohli lug‘at keyinchalik yanada boyitilib, qayta chop etilishini ham maʼlum qildi.


Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti Tabiiy geografiya kafedrasi o‘qituvchisi Muxriddin Avezov bugungi kunda juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan masala joy nomlari, bu borada yuzaga kelayotgan muhokamalarga o‘ziga xos javob bo‘lishi rejalashtirilgan “O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati” haqida to‘xtalib, uni tuzishdan maqsad, unda keltirilgan baʼzi atamalarning maʼnolari, joy nomlarini tanlashda eʼtibor qaratilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi hamda shoir Faxriddin Hayitov ushbu nashr keng jamoatchilik uchun o‘zbek tili haqidagi sheʼrlar to‘plami sifatida muhim ijodiy manbaga aylanishini taʼkidladi.Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, davlat tilida ish yuritish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga oid savollarga ham tegishli javoblarni olishdi.


27.01.2023 522