"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

YANGI NASHRLAR RUKNI: ilk bor “Areal lingvistika” darsligi nashr qilindi

 

Samixon Ashirboyevning “Areal lingvistika” darsligi sharhi

 

Oʻzbek tilshunosligida areal lingvistika nisbatan yosh fan hisoblanadi. Bu fan qiyosiy-tarixiy tilshunoslik negizida shakllangan bo‘lsa-da, u keyinchalik dialektologiya bilan birga rivojlandi va uning natijalariga asoslandi. Endilikda u mustaqil fan darajasiga ko‘tarildi. Areal lingvistika oliy ta’limning “Lingvistika (oʻzbek tili)”, “Folklorshunoslik va dialektologiya” magistratura mutaxassisliklari o‘quv rejalarida majburiy fanlar blokidan joy oldi va uning ta’limi bo‘yicha tajribalar to‘plandi. Bu darslikda areal lingvistika fani o‘rganadigan muammolar, uning boshqa lingvistik fanlar ichida tutgan o‘rni, dialektologiya va arealogiyaga munosabati yoritilgan. Areal lingvistikaning paydo bo‘lishidagi ikki davr - tayyorgarlik va yangi davr haqidagi qarashlarga tahlil berilgan, ayniqsa, bu fanning o‘rganish metodlari masalasi atroflicha bayon qilingan. Areal lingvistika darsligida ilk bor uning mazmuni shakllantirildi:  lingvistik areal, areallarning turlari va tiplari, izoglossa masalasi, takson, uning intensional va ekstensional turlari toʻgʻrisidagi tavsiflar turli manbalar materiallarini tahlil qilish asosida berilgan. Darslikdan, shuningdek, innovatsiya, lingvistik kontaktologiya, tillar va dialektlarni zonalarga ajratish, lingvistik karta va atlaslar, kontinuum, til va dialektlar sistematikasi, klaster tushunchalari o‘zining keng ifodasini topgan. Ayniqsa, Mahmud Koshg‘ariyning areal lingvistik qarashlariga yuksak baho berilganki, bu fikr jahon areal lingvistikasida tan olinishi zarur bo‘ladi. Areal lingvistikaning ushbu sanab o‘tilgan masalalari  turkiy tillar va oʻzbek tili hamda uning shevalariga tatbiqan yoritilgan. Eng muhimi, areal lingvistika va lingvistik geografiya munosabatiga aniqlik kiritilgan, ya’ni ular, adabiyotlarda ko‘rsatilganidek, ayni bir  tushunchalar bo‘lmay, balki lingvistik geografiya areal lingvistikaning til va shevalarni kartalashtirish ishi bilan shugʻullanadigan bir bo‘limi hamda bir metodi ekanligi oʻzining zaruriy ifodasini topgan. Darslikda bu sohaga oid glossariy ham berilgan bo‘lib, ular shu fan bilan qiziquvchilarga areal lingvistika bilimlarini mustahkamlashga yordam beradi. Darslikdan magistrantlar bilan birga, ilmiy xodimlar ham foydalana oladilar. 

 

07.06.2023 253