"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

O‘zbek tili ixlosmandlariga bepul tаhrirlovchi.uz loyihasi taqdim qilindi

 

 

2023-yil 25-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “O‘zbektelekom” AKning “Buxoro” majlislar zalida tаhrirlovchi.uz loyihasi hamda “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati”ning taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi vakillari, shuningdek, vazirlik va idoralarning ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta‘minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etdi.



Taʼkidlash kerakki, ushbu loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF–6084-son Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri N.Xolbo‘tayev bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilida ish yuritishni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.



Shundan so‘ng, loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

tahrirlovchi.uz loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “UZINFOCOM” yagona integrator” MChJ tomonidan yaratilgan.

Ushbu veb-resursda so‘zlarni, gaplarni va matnni kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga yoki lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan kirill alifbosiga tezkor, bexato va avtomat shaklda o‘tkazish, kirill hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbolarida yozilgan so‘zlarning xatolarini aniqlash, kirill hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida xato yozilgan so‘zlar uchun to‘g‘ri so‘zlarni tanlash imkoniyatlari yaratildi.

Tizimga “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”dan o‘rin olgan 25 000dan ortiq so‘z va “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga kiritilgan 80 000dan ortiq so‘z va so‘z birikmalari kiritildi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan loyihani yanada takomillashtirish borasida fikrlar, takliflar bildirilib, shu kabi boshqa loyihalardan farqli jihati sifatida PDF va rasm ko‘rinishidagi matnlarni ham o‘qiy olishi foydalanuvchilarga yanada ko‘proq qulaylik yaratishi taʼkidlandi.



Kelgusida mazkur tizim yanada takomillashtirilib, unga sohalar bo‘yicha ishlab chiqilgan lug‘atlarni kiritish ishlari amalga oshirilayotgani to‘g‘risida ham maʼlumot berildi. Bundan tashqari, loyiha ijrochilari tizim keng ommaga taqdim qilingandan so‘ng bildiriladigan takliflarni ham o‘rganib chiqib, ularni ham tizimga joriy qilishlarini maʼlum qildi. 

“Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” alifbo tartibida joylashtirilgan 10 000 ga yaqin atamani o‘z ichiga olgan bo‘lib, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda vazirlik huzuridagi “UNICON.UZ” DUK mutaxassislari tomonidan ishlab chiqildi.

Mazkur izohli lug‘atni yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad AKT sohasi xodimlari, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari hamda barcha qiziquvchilar foydalanilishi mumkin bo‘lgan terminologik bazani shakllantirish, AKT sohasida o‘zbek tilini joriy qilish imkoniyatini yanada kengaytirish hamda atamalarning nafaqat o‘zbek tilidagi ekvivalentini, balki ularning maʼnodoshini ham to‘g‘ri va aniq tanlash imkoniyatini yaratishdan iboratdir.



Lug‘atni tuzishda texnikaga oid xorijiy adabiyotlar, maʼlumotnomalardan, normativ hujjatlar, o‘quv qo‘llanmalari, Xalqaro elektraloqa ittifoqi tavsiyalari hamda Internet materiallaridan foydalanildi.

Shuningdek, ushbu lug‘atning qulay jihatlaridan yana biri shuki, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi atamalar bilan birga ularning taʼriflari hamda shu atamalarning ingliz va rus tilidagi muqobillari keltirilgan.

Ushbu lug‘at Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2000 dona nashr qilindi hamda nafaqat Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tizimidagi korxona va tashkilotlarga, balki mamlakatimizda faoliyat yurituvchi barcha vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy hokimliklarga bepul tarqatildi.  

Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, davlat tilida ish yuritish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga oid savollarga ham tegishli javoblarni olishdi.

25.08.2023 301