"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir." O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
16:48:21 (GMT +5) 30.01.2020 Du

“Qutlug‘ qon” romani turk tiliga tarjima qilindi

    

    Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamdaAlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda turk tiliga tarjima etib nashr etilgan Oybekning “Qutlug‘ qon”romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, Romanni turk tiliga tarjima qilgan tarjimon Zamira O‘zturk, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A. Eminov va talaba yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbirni I.Azimov ochib berdi, Markaz direktori o‘z nutqida tarjima qilingan romanning ahamiyati jihatidan muhimligi, Zamira O‘zturkning tarjimonlik faoliyati bilan mehmonlarni tanishtirdi. Ushbu romanning tarjima etiligani o‘zbek millati madaniyati, tarixi targ‘iboti yo‘lida qilingan yana bir qadamlardan biri ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton Oybekning asarlari o‘zbek xalqi kim ekanligini aniq ko‘rsatib turishi bilan boshqa yozuvchilardan ajralib turishi haqida so‘z yuritdi.

Zamira O‘zturk asarni tarjima qilishdagi mashaqqatlar haqida gapirib “Agar tarjima qilayotgan asaringizni tushunmas ekansiz, uni tarjima qilishingizning hojati yo‘q. Millatning madaniyati, ruhiyatini ko‘rsatib turadigan asarda to‘g‘ri tarjima qilish muhimdir”, dedi tarjimon.

Tadbir so‘ngida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nashr etilgan kitoblar talabalarga sovg‘a qilindi.  

Shu o‘rinda tarjimon haqida ma’lumotlar keltirib o‘tamiz.

ZAMIRA O‘ZTURK

Hamidova Zamira O‘zturk 1976-yil 10-yanvarda Andijon viloyati Marhamat tumanida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti / O‘zbek-qozoq filologiyasi fakulteti, qo‘shimcha Turk tili va adabiyoti bo‘limida bakalavriat bosqichini, Turkiyadagi Marmara universitetining turk tili bo‘limida magistratura bosqichini tamomlagan.

Umar Sayfuddinning “Badal”, “Ont”, “Yakkama-yakka”, Qurbaqa duosi”, “Karomat”, “Baland poshnalar” va “Cho‘qmor” hikoyalardagi qo‘shma fe’l va iboralarni o‘zbek tilidagi muqobillari bilan solishtirish” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Xojattepa universitetida “O‘zbekistonda til siyosati: standartlashtirish va modernizatsiya” mavzusida doktorlik disertatsiyasini himoya qilgan.

Zamira O‘zturk 2003-2008-yillarda Istanbul shahar hokimiyatiga bog‘liq “Turk dunyosi qarindoshlar jamiyati”da O‘zbekistonlik talabalar vakili lavozimida faoliyat yuritgan. “Turkiston madaniyat va ijtimoiy yordam uyushmasi” tarafidan tashkil etilgan o‘zbekcha kursi bo‘yicha o‘qituvchilik qilgan.

Shuningdek, 2014-2018-yillarda Bosh vazirlik, Matbuot va axborot bosh boshqarmasi tarjimoni, 2018-yildan keyingi davrlarda Turkiya Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi, Kommunikatsiyalar boshqarmasi tarjimoni unvonlariga ega bo‘lgan.

Zamira O‘zturk “Turkistonda til siyosati” (O‘zbekiston misolida), “Asab ve Ruhiyat”  Professor Zarifboy Ibodullayevning kitob tarjimasi, “Ishq tili Yunus Emro” Dr.Mustafo Totjining asari, “Qutlug‘ qon” romani, “Oltin Vodiydan Shabadalar” romani, O‘zbekcha-Turkcha lug‘atlarini yaratgan.

Bugun ham Zamira O‘zturk tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, Turkiyaning “Bengu” nashriyotida chop etilgan Oybekning “Qutlug‘ qon” kitobi taqdimotini o‘tkazmoqda.

Asarni nashr etish jarayonlariga Yoqub Umar o‘g‘li boshchiligi va homiyligida malakali mutaxassislar, muharrir va dizaynerlar guruhi jalb qilingan.

Kitobga turkiyalik taniqli jurnalist, muharrir, ayni paytda Turkiya atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik va iqlim о‘zgarishi vaziri matbuot kotibi Laylo Gunesh xonim mas’ul muharrirlik qilgan. О‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Naim Karimovning “Oybek va uning “Qutlug‘ qon” asari haqida” nomli sо‘zboshisi ushbu nashr ahamiyatini yanada oshirgan.


07.09.2023 286